Nogironligi bo‘lgan shaxslar oliy ta’lim muassasalariga qo‘shimcha kvota bo‘yicha davlat granti asosida qabul qilinadi

12:22 07 Iyun 2018 Jamiyat
756 0

Prezidentning 2017 yil 1 dekabrdagi PF-5270-son qaroriga muvofiq 2018/2019 o‘quv yilidan boshlab oliy ta’lim muassasalariga abituriyentlarni qabul qilishning umumiy sonidan nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun qo‘shimcha ravishda ikki foizli kvota ajratish tartibi joriy etilgan edi.

2018 yil 2 iyundagi Oliy ta’lim muassasalariga nogironligi bo‘lgan shaxslarni qo‘shimcha davlat granti kvotalari asosida o‘qishga qabul qilish tartibi to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash haqidagi Hukumat qarori bilan qo‘shimcha ikki foizli davlat granti kvotalarining taqsimot qilish tartibi belgilandi, deb yozmoqda “Huquqiy axborot” kanali.

Qarorga ko‘ra nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun qo‘shimcha ikki foizli kvotalarining taqsimoti oliy ta’lim muassasalari tomonidan shakllantiriladi.

Oliy ta’lim muassasalariga nogironligi bo‘lgan shaxslarni qo‘shimcha kvota asosida o‘qishga qabul qilish toifasiga umumiy o‘rta ta’lim yoki o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi muassasasini tugatganligi haqidagi hujjatga hamda I va II guruh nogironligi to‘g‘risida belgilangan tartibda berilgan shakldagi ma’lumotnomaga ega shaxslar kiradi.

Qabul jarayonida oliy ta’lim muassasasi va O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligining hududiy boshqarmasi vakillaridan iborat tarkibda oliy ta’lim muassasasida nogironligi bo‘lgan shaxslardan hujjatlar qabul qilish komissiyasi tashkil etiladi.

Abituriyent oliy ta’lim muassasasining qabul komissiyasiga taqdim etishi lozim bo‘lgan xujjatlarga qo‘shimcha ravishda nogironligi bo‘lgan shaxslar nogironlikni tasdiqlovchi hujjatning aslini shaxsan (yoki ishonchli vakili tomonidan) ko‘rsatgan holda, nusxasini taqdim etishi talab etiladi.

Qabul komissiyasi tomonidan kirish imtihonlari o‘tkaziladigan bino va auditoriyalarda nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun zarur shart-sharoitlar yaratiladi.

Nogironligi bo‘lgan shaxslar tomonidan kirish imtihonlari (test sinovlari, kasbiy (ijodiy) imtihon) oliy ta’lim muassasalarining bakalavriatiga qabul qilish bo‘yicha belgilangan tartiblarga muvofiq topshiriladi.

Kirish imtihonlarida to‘plash mumkin bo‘lgan eng yuqori ballning 30 foizidan kam bo‘lmagan ball to‘plagan nogironligi bo‘lgan shaxslar ballar ketma-ketligiga qat’iy rioya etilgan holda, qo‘shimcha ikki foizli davlat granti kvotalari doirasida talabalikka tavsiya etiladi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?