O‘tgan yili NNTlar hisobiga 1,86 trln so‘m mablag‘ tushgan. Bu pullar qayerga sarflangan?

11:49 15 Avgust 2018 Iqtisodiyot
518 0

2017 yil davomida NNTlarning hisob raqamlariga jami 1 trln. 864 mlrd. 358 mln. so‘mdan ortiq mablag‘ kelib tushgan. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi Jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi ma’lum qildi.

Mazkur mablag‘lar o‘tgan yil davomida nodavlat notijorat tashkilotlari tomonidan joylarda ijtimoiy ahamiyatga molik bo‘lgan masalalarni hal etish uchun sarflanmoqda. Xususan, nodavlat notijorat tashkilotlari tomonidan:

- 2 224 nafar yolg‘iz qolgan, nogironligi mavjud bo‘lgan kam ta’minlangan keksalarga 345,6 mln. so‘mlik moddiy yordam va 1 087 nafariga 117,1 mln. so‘mlik dori-darmonlar xarid qilib berildi;

- favqulodda vaziyatlarda to‘g‘ri harakatlanish va unga tayyorgarlik ko‘rish mavzusida 225 ta tadbirlar o‘tkazilib, 39 383 nafar fuqaro o‘qitildi;

- 7 ta hududda (Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Samarqand, Andijon, Navoiy, Farg‘ona, Qashqadaryo va Toshkent viloyatlarida) 48 ta endokrinolog kabineti jihozlandi, 612 nafar umumiy amaliyot shifokori va 156 nafar mutaxassis o‘qitildi, xavf guruhiga kiruvchi 954 923 nafar shaxs bepul skrining tekshiruvdan o‘tkazildi;

- kam ta’minlangan oilalarning 3 278 nafar farzandi uchun sunnat to‘ylari hamda 616 nafar juftliklarning nikoh to‘ylari tashkil etildi;

- aholining kam ta’minlangan qatlamini qo‘llab-quvvatlash maqsadida respublika bo‘yicha 22 599 ta oilaga 21 mlrd. 599 mln. so‘mlik maishiy texnika yetkazib berildi;

- 1 861 ta kam ta’minlangan oilaning uy-joylari ta’mirlanib, bu xayriya ishlariga 16 mlrd. so‘mdan ortiq mablag‘ sarflandi;

- 1 173 nafar kam ta’minlangan oila a’zolariga 3 mlrd. 325 mln. so‘mlik tibbiy xizmat uchun moddiy yordam ko‘rsatilgan.

Shuningdek, respublikamizning chekka tumanlarida, hali tabiiy gaz tarmog‘i yetib bormagan hududlarida istiqomat qiladigan 6 476 ta oilaga gaz plitasi hamda gaz balloni yetkazib berildi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?