Nobuaki ITO: “Oʻzbekistondagi islohotlar nafaqat katta koʻlam kasb etmoqda, balki jadal surʼatlar bilan olib borilmoqda”

15:23 30 Avgust 2018 Siyosat
95 0

Nobuaki ITO, Yaponiyaning mamlakatimizdagi Favqulodda va muxtor elchisi:

— Oʻzbekistonda ish boshlaganimga ikki yil boʻldi. Oʻtgan vaqt davomida mamlakat ­Prezidenti, muhtaram Shavkat Mirziyoyev tomonidan boshlangan va muvaffaqiyat bilan davom ettirilayotgan keng miqyosdagi oʻzgarishlarga shaxsan guvoh boʻlib turibman. Eʼtiborlisi, mazkur islohotlar nafaqat katta koʻlam kasb etmoqda, balki jadal surʼatlar bilan olib borilyapti ham. Oʻzgarishlar iqtisodiyot, siyosat, huquq va boshqa koʻplab sohalarni qamrab oldi. Oʻzbek matbuoti orqali deyarli har kuni biror masalaga bagʻishlangan ­Prezidentning yangi Farmoni va qaroriga koʻzim tushadi. Ushbu islohotlarning har biri, shubhasiz, jamiyat va davlat taraqqiyoti sari tashlangan navbatdagi qadamga aylanyapti. Masalan, oʻtgan yil sentyabr oyida qabul qilingan valyuta siyosatini liberallashtirish boʻyicha Farmon mamlakatingiz tadbirkorlari bilan birga, Oʻzbekistonga investitsiya kiritmoqchi boʻlgan xorijiy kompaniyalar uchun ham juda katta yangilik boʻldi. Ayni paytda Osiyo taraqqiyot banki, ­Xalqaro valyuta jamgʻarmasi, Jahon banki ­singari yirik xalqaro moliya muassasalarining Oʻzbekiston iqtisodiyotida faol ishtirok etishi uchun ham yoʻl ochildi.

Mamlakatingizda boshlangan islohotlar jarayonini Yaponiya hukumati va jamoatchiligi, shaxsan oʻzim diqqat bilan kuzatib boryapman. Bu ilgʻor tashabbuslar hozirdanoq real natijalar bera boshlaganini eʼtirof etgan holda, ular yaqin istiqbolda iqtisodiy-ijtimoiy taraqqiyotga kuchli ijobiy taʼsir koʻrsatishiga ishonaman. Mamlakatingiz rahbariyati bilan yaqin hamkorlik aloqalarini yoʻlga qoʻyish orqali qoʻyilgan ulkan maqsadlarga erishishda oʻz hissamni qoʻshishga umid qilaman.

Soʻzim yakunida butun oʻzbek xalqini Mustaqillikning 27 yilligi bilan muborakbod etaman! Turli loyihalarimizni muvaffaqiyatli roʻyobga chiqarishimizda ishtirok etgan, yordam berganlarga minnatdorligimni bildiraman. Barchangizga oilaviy baxt, mustahkam sogʻliq va ishlaringizda rivoj tilayman!


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?