Hasan Ulusoy: O‘zbekiston — ajoyib o‘lka. Keling, sarmoya kiriting, biznesingiz, albatta, gullab-yashnaydi!

16:25 09 Iyul 2018 Iqtisodiyot
2772 0
Foto: Hasan Paydoyev /“Xalq so‘zi”.

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev Turkiya Respublikasi Prezidenti Rejep Tayyip Erdo‘g‘onning shu yil 31 aprel — 1 may kunlari mamlakatimizga amalga oshirgan davlat tashrifi doirasida bo‘lib o‘tgan O‘zbekiston — Turkiya ishbilarmonlari biznes forumida ishtirok etib, ikki davlat o‘rtasida savdo-iqtisodiy aloqalarni rivojlantirishga munosib hissa qo‘shayotgan investorlarga alohida minnatdorlik izhor qilganidan xabaringiz bor.

Davlatimiz rahbari ushbu uchrashuv chog‘ida “Nobel Ilas” — “Ulkar Holding” kompaniyasining yurtimizdagi faoliyatiga yuqori baho berib, “Farmatsevtika sanoatida maqtasa arzigulik ishlar qilyapsiz. Bu ishlarni davom ettirsangiz biz sizdan rozi bo‘lamiz. Nega deganda, Turkiya 80 foiz dori-darmonni o‘zida ishlab chiqaradi. Dunyoda kamdan-kam davlat bunga erishgan... Sizning katta-katta ishingiz, bozoringiz O‘zbekistonda borligi — bu haqiqat. Sizning ishlaringizga muvaffaqiyat tilayman”, degan so‘zlari nufuzli tadbir ishtirokchilarining davomli olqishlari bilan qarshi olindi.

Muxbirimiz turkiyalik mashhur investor, jahon farmatsevtika sanoatida o‘z o‘rniga ega yirik ishlab chiqarish quvvatlari asoschisi, “Nobel Ilas” — “Ulkar Holding” Boshqaruvi hay’ati raisi Hasan ULUSOY bilan uchrashib, O‘zbekiston va Turkiya o‘rtasidagi do‘stona munosabatlar yangi strategik bosqichga ko‘tarilgan hozirgi paytda savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy aloqalar, tadbirkor tomonidan hayotga tatbiq qilinayotgan loyihalar haqida suhbatlashdi.

— Suhbatimizni tarixiy uchrashuvdan olgan taassurotlaringiz bilan boshlasak. O‘sha paytda qalbingizdan qanday kechinmalar o‘tdi?
— To‘g‘risi, u palladagi his-hayajonimni so‘z bilan ta’riflab berolmayman. O‘zingiz o‘ylang, biznes forumida Prezident Shavkat Mirziyoyev janoblari bizning kompaniyamiz nomini alohida tilga olib, menga shaxsan minnatdorlik bildirishi, tabiiyki, qalbimni to‘lqinlantirib yubordi. Axir, yurtingizda olib borayotgan ishimiz, mehnatimizga katta baho berildi. Bundan juda ham minnatdorman.

Prezidentning har bir so‘zini O‘zbekiston xalqi salomatligi yo‘lida yanada ko‘proq g‘ayrat-shijoat bilan xizmat qilish, hamkorlik rishtalarini bundan-da mustahkamlashga da’vat, deb qabul qildik. Ushbu ezgu yo‘lda jonbozlik ko‘rsatish, investitsiyaviy loyihalarni amalga oshirishga tayyormiz.

Foto: Hasan Paydoyev /“Xalq so‘zi”.

— Mana, 16 yildirki, yurtimiz farmatsevtika sanoatida muhim loyihani amalga oshirib kelyapsiz. Ayting-chi, biznes faoliyatingizni O‘zbekiston bilan bog‘lashga nima turtki bo‘lgan edi?
— “Nobel Ilas A.S.” Turkiyadagi qariyb 55 yillik tarixga ega eng yirik shirkatlardan biridir. 2000 yilning boshida faoliyatimiz ko‘lamini kengaytirish, aniqrog‘i, xorijda ishlab chiqarishni tashkil etishga qaror qildik. Ushbu loyiha uchun, birinchi bo‘lib, O‘zbekistonni tanladik. Bu bejiz emas, albatta. Chunki O‘zbekistonga munosabatim, mehrim bo‘lakcha. Bu yurt biz uchun ota makon sifatida yanada suyuk va qadrlidir.

E’tiborlisi, ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yishga ko‘p vaqt ketmadi. “Nobel Pharmsanoat” korxonasini tashkil etib, 2002 yildayoq dori vositalari ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘ydik va o‘zbek xalqiga yuqori sifatli mahsulotlar yetkazib bera boshladik.

Hozirgi kunda dunyoning 20 dan ortiq davlatlarida “Nobel”ning firma va vakolatxonalari faoliyat yurityapti.

O‘zbeklar — mehnatkash, ilmiy-texnik salohiyati yuqori xalq. Ayniqsa, yoshlarning bilimi, tafakkuri o‘ta boy. Zamonaviy ilm-fan sirlarini puxta o‘zlashtirgan yangi avlod yetishib chiqayotgani iqtisodiyot, xususan, farmatsevtika sanoati istiqbolida nurli ufqlarni ochmoqda. Masalan, yurtingizdagi farmatsevtika fabrikamizda

350 nafar kishi mehnat qilayotgan bo‘lsa, shundan atigi 2 nafari Turkiya fuqarosi, xolos. Biz o‘zbekistonlik mutaxassislar ko‘magida ishlab chiqarishni tashkil etib, eksportni amalga oshirmoqdamiz. Shu ma’noda, bu yerga investitsiya kiritishimiz to‘g‘ri qaror bo‘lgan, deb bemalol ayta olaman. Shunday olijanob xalq bilan birga ishlayotganimdan doimo g‘ururlanaman.

— Farmatsevtika sanoatida mahalliylashtirish ko‘lamini kengaytirish, eksport salohiyatini oshirishda sizning loyihangiz qanday rol o‘ynayapti?
— O‘zbekistonga Turkiyadagi ikkita ishlab chiqarish fabrikamizda joriy qilgan xalqaro andozalarga mos texnologiyalar, Germaniya, Shveysariya, Avstriyada tan olingan standartlar, innovatsion nou-xaularni olib kelganmiz. Shuning uchun bu yerda tayyorlanayotgan 60 nomdagi 110 dan ortiq turdagi dori vositalarining sifati yuqori, talab esa shunga yarasha ham ichki, ham tashqi bozorda nihoyatda katta. Bu esa faoliyatimizni kengaytirishga ruhlantiryapti. Dastlab kichikroq fabrikada ish yuritgan bo‘lsak, oradan ma’lum vaqt o‘tib, katta zamonaviy fabrikani bunyod etdik.

Bugungi kunda “O‘zbekistonda ishlab chiqarilgan” yorlig‘i tushirilgan dori vositalari Turkiya, Gruziya, Afg‘onistonga eksport qilinmoqda. Yaqin vaqt ichida yangi bozorlarni o‘zlashtirish, eksport hajmini ko‘paytirish niyatidamiz. Buning uchun, avvalo, chet davlatlarning obro‘li ekspertlari tomonidan mahsulotlarimiz tan olinishi, ya’ni ishlab chiqarish jarayoni, mahsulotlar bilan yaqindan tanishib, ijobiy xulosasini berishi kerak. Shu bois tez orada Yevropadan ekspertlarni taklif qilishni rejalashtirganmiz. Maqsadimiz O‘zbekistondan Yevropa mamlakatlariga ham dori-darmon yetkazib berishdir.

Foto: Hasan Paydoyev /“Xalq so‘zi”.

— O‘tgan davr ichida “Nobel Pharmsanoat” korxonasini tashkil etish hamda rivojlantirish uchun qancha investitsiya kiritdingiz va ular, asosan, qanday ko‘rinishda bo‘ldi?
— Kiritilgan investitsiyalarning umumiy hajmi 40 million AQSH dollaridan oshdi. Lekin bu bilan cheklanib qolganimiz yo‘q. Loyihamizni tobora kengaytiryapmiz. Aytaylik, 2017 yil aprel oyida O‘zbekiston hukumati delegatsiyasining Turkiyaga safari davomida yana 3 million AQSH dollarilik shartnoma imzoladik.

Investitsiya deyilganda, ko‘pchilikning ko‘z o‘ngida dastlab mablag‘ yoki texnologiya paydo bo‘ladi. To‘g‘ri, ishlab chiqarishni tashkil etishda bular juda muhim. Biz ham dastlab mablag‘ kiritib, ishlab chiqarish binosi, laboratoriya qurib, ularni zamonaviy texnologiya va uskunalar bilan jihozladik. Bundan tashqari, bilimga investitsiya yo‘naltiryapmiz. Ya’ni nou-xaularni amalda qo‘llash borasida ayni paytda Turkiyadan yetuk mutaxassislar kelgan. Biri yangi investitsiyalar, boshqasi sifat nazorati borasida faoliyat ko‘rsatadi, o‘z bilimlari bilan o‘rtoqlashadi. O‘z navbatida, mutaxassislarimizni chet ellarga jo‘natib, malakasini oshiryapmiz. Shu tariqa yangi innovatsion usullar o‘zlashtirilmoqda. Demoqchi bo‘lganim, investitsiyalar faqatgina moddiy ko‘rinishda emas. Chunki farmatsevtika — yuqori texnologiyalar va bilim talab qiladigan soha.

Shu yerning o‘zida xom ashyo ishlab chiqarishni, ya’ni mahsulot sintezini yo‘lga qo‘yishga ahd qilgan ekanmiz, shular bilan kifoyalanib qolmaymiz, albatta. Qo‘shimcha investitsiyalar kiritamiz. Bu kabi sa’y-harakatlarimiz mahsuli bo‘lgan yangi fabrikamiz yaqinda foydalanishga topshirildi. Uning quvvati yiliga 20 million qutigacha mahsulot ishlab chiqarishga teng. Korxona yonida yana bir ishlab chiqarish binosini qurdik. Bu yerda penitsillin ishlab chiqariladi. Uni ham eksport qilishni mo‘ljallab turibmiz.

Foto: Hasan Paydoyev /“Xalq so‘zi”.

— Soha mutaxassisi sifatida O‘zbekistonda farmatsevtika sanoatining bugungi holatini qanday baholaysiz, bu jabhada rivojlangan davlatlar qatoriga chiqish uchun qanaqa chora-tadbirlar ko‘rish kerak, deb o‘ylaysiz?
— O‘zbekistonda farmatsevtikaning istiqboli g‘oyatda porloq. Faqat mavjud tabiiy va ilmiy salohiyatdan oqilona foydalanish, sohaga ko‘proq investorlarni jalb etish kerak. Chunki yurtingiz tabiati shifobaxsh giyohlarga juda boy. Qolaversa, tabiiy dori vositalari ishlab chiqarish bo‘yicha uzoq yillardan buyon tadqiqotlar olib borayotgan ilmiy muassasalar ko‘p. Ularning ishlanmalari, ixtirolarini amaliyotga kengroq tatbiq qilish zarur. Masalan, biz O‘simlik moddalari kimyosi instituti bilan mustahkam hamkorlikni yo‘lga qo‘yganmiz. Birgalikda shifobaxsh giyohlar asosida dori vositalari tayyorlanmoqda. Bunda jalb etilayotgan yangi nou-xaular, ilg‘or texnologiyalar qo‘l kelyapti.

Endilikda bu sohaga sarmoya kiritadigan investorlar yanada ko‘payadi. Ular tomonidan yangi-yangi zavodlar qurilishiga imonim komil. Shaxsan mendan “Siz O‘zbekistonni yaxshi bilasiz, u haqida ma’lumot bering”, deb ko‘p bora so‘rashadi. Ularga har doim shunday javob qaytaraman: “O‘zbekiston — ajoyib o‘lka. Marhamat, keling, sarmoya kiriting, biznesingiz, albatta, gullab-yashnaydi!”

Bunga o‘z faoliyatim misolida yaqqol guvohman. Men O‘zbekistonga ishonaman va sevaman. Bu tuyg‘u muvaffaqiyatlarga keng yo‘l ochib berdi. Zero, kiritgan investitsiyalarim Investitsiya dasturidan o‘rin olib, uning kafolati ta’minlandi.

Foto: Hasan Paydoyev /“Xalq so‘zi”.

— O‘zbekistondagi islohotlarning yangi bosqichini investor sifatida qanday baholaysiz?
— Yashirmayman, biz faoliyatimizni birmuncha murakkab sharoitlarda boshladik. Buni Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan biznes yuritish uchun yengilliklar berish, chet ellik investorlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha yangi tizim yaratilgan oxirgi ikki yilda, ayniqsa, chuqur his qilib turibmiz. Chunki shu qisqa davr ichida iqtisodiyot taraqqiyotida tamal toshi bo‘ladigan o‘ta muhim, tarixiy hujjatlar qabul qilindi. Eng asosiysi, O‘zbekiston eshiklarini butun dunyoga ochdi.

Bu nima beradi? Avvalo, xorijlik sarmoyadorlar, tadbirkorlarda ishonch uyg‘otadi. Bu mamlakatning imidji o‘zgargani, investitsiyaviy jozibadorligi ortayotganini anglatadi. Demak, investitsiyalar oqimi yanada ko‘payadi. Yangi investitsiya yangi texnologiya, deganidir. U bilan birga, taraqqiyot ham kirib keladi. Nafaqat farmatsevtika, balki sanoatning boshqa tarmoqlariga ham kiritiladigan sarmoyalar ko‘payadi. Shunday istagi bor tadbirkorlar Turkiyada ham juda ko‘p. Ulardan bir guruhi Prezidentimiz Rejep Tayyip Erdo‘g‘onning yurtingizga tashrifi davomida O‘zbekistonga kelib, investitsiyaviy hamkorlik qilish bo‘yicha amaliy kelishuvlarga erishdilar.

Bu jarayondan biz ham chetda qolayotganimiz yo‘q, albatta. Yangi dori vositalarini ishlab chiqarishga tatbiq qilmoqchimiz. Shulardan biri butun dunyoda qiziqish katta bo‘lgan biotexnologik dori-darmonlardir.Turkiyada xuddi shu yo‘nalishda investitsiya kiritib, muayyan tajriba orttirdik. Endilikda uni yurtingizda tayyorlashni yo‘lga qo‘yib, yuqori samarali mahsulotlarni o‘zbek xalqiga taqdim etish, shuningdek, dunyo davlatlariga eksport qilish niyatidamiz.

O‘zbekistondagi hozirgi islohotlardan umidim katta. Uning yaqin o‘tmishi bilan bugunini taqqoslagan kishi mamlakat o‘zgacha bir nuqta, yangi pog‘onaga ko‘tarilganiga amin bo‘ladi. Bu shiddatli rivojlanishning boshlanishidir. Endilikda o‘zbek xalqi yanada farovonlikda yashaydi. Yanada ko‘proq investitsiyalar kiritiladi, yanada ko‘proq eksport qilinadi.

So‘zim so‘ngida o‘zbek xalqiga farovonlik, sihat-salomatlik, yorug‘ kelajak tilayman. Eng muhimi, turk va o‘zbek xalqlari yanada jipslashsin. Zotan, tilimiz bir, ildizimiz, o‘zligimiz bir. Bir-birimizni qanchalik yaqindan bilsak, shunchalik mehr qo‘yamiz. Men bu tanti, bag‘rikeng, ishbilarmon xalqni tanidim va cheksiz mehr-muhabbat qo‘yganimdan faxrlanaman.
“Xalq so‘zi” muxbiri
Said Rahmonov suhbatlashdi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?