Nobel mukofoti sohibining iqtisod boʻyicha nazariyasi yurtimizda sinovdan oʻtkaziladi

10:37 22 Iyul 2019 Iqtisodiyot
222 0

19-iyul kuni Innovatsion rivojlanish vazirligi va Oʻzbekistondagi BMT Taraqqiyot dasturi tomonidan tashkil etilgan Innovatsiyalar va boshqaruv yechimlari laboratoriyasida “Turtki berish nazariyasining davlat sektorida qoʻllanilishi” mavzusida davra suhbati oʻtkazildi.

Tadbirda fan doktori, professor, Oʻzbekistonning Buyuk Britaniyadagi sobiq elchisi Alisher Fayzullayev maʼruza bilan chiqish qildi. Davra suhbati ishtirokchilari — qator vazirliklar va davlat idoralari vakillari turtki berish nazariyasi (ing. nudge theory)ni qoʻllagan holda yechilishi mumkin boʻlgan muammolarni aniqlashtirishga urindilar, shu bilan bir qatorda nazariyani qoʻllash usullarini muhokama qildilar.

Turtki berish nazariyasi alohida shaxslar, guruhlar va tashkilotlar tomonidan qarorlarning qabul qilinishiga toʻgʻridan-toʻgʻri boʻlmagan, “yumshoq” koʻrsatmalar orqali taʼsir koʻrsatish usulini oʻrganadi. Mazkur nazariya boʻyicha tadqiqotlar yurtimizda Alisher Fayzullayev boshchiligida olib borilmoqda. Shu yoʻnalishdagi tadqiqotning asosiy maqsadi mazkur nazariyaning tamoyillarini amalda sinab koʻrish orqali jamiyatimizni eng qiynab turgan aniq muammolarining yechilishida turtki berish nazariyasining imkoniyatlarini namoyish etishdir. Oʻz navbatida Innovatsiyalar va boshqaruv yechimlari laboratoriyasida davlat idoralari va muassasalari vakillarining tadqiqot obyektini aniqlash boʻyicha fikr-mulohazalari tinglanib, umumlashtirilmoqda.

Bu nazariya amerikalik iqtisodchi Richard Taler va huquqshunos Kass Sansteynning 2008-yili chop etilgan “Nudge. Sogʻligʻimiz, farovonligimiz va baxtimiz borasidagi qarorlarimizni qanday mukammallashtiramiz” kitobidan soʻng ommalashdi. U shuningdek AQSH va Buyuk Britaniya tadbirkorlik va sogʻliqni saqlash masalalari bilan shugʻullanadigan siyosatchilari tomonidan qoʻllab-quvvatlandi. Taʼkidlash joizki, R. Taler avvalgi tadqiqotlarni umumlashtirib, nazariya yaratgani uchun iqtisod boʻyicha Nobel mukofotiga sazovor boʻlgan.

Nazariyaning ahamiyatli jihati shundaki, u biror holatni taqiqlamaydi, aksincha, jamiyat uchun foydali narsani targʻib qiladi. Masalan, maktab oshxonasi peshtaxtasida bolalar salomatligi uchun foydali boʻlgan mevalar, sabzavotli salatlar, sut-qatiq mahsulotlarni ularning koʻzlari eng tushadigan joyga joylashtirish turtki berish deyiladi, gazli shirin ichimliklar, qovurilgan qarsildoq kartoshka, dudlangan kolbasa kabi zararli mahsulotlarni taʼqiqilashesa turtki berish sanalmaydi. Yaʼni bolalarda tanlash imkoniyati boʻlgani holda, ularni foydali taomlarni isteʼmol qilishga oʻzlariga sezdirmagan holda undab turiladi.

“Maxsustrans” davlat unitar korxonasi masʼullari chiqindilarni maxsus joylarga tashlash, ularni turlarga ajratish kabi muammolarni mazkur nazariya yordamida amalga oshirish mumkinligi haqida fikr berdilar. Bu oʻz navbatida, davra suhbati tashkilotchilari va ishtirokchilari tomonidan qoʻllab-quvvatlandi. Xuddi shunday, odamlarni ichimlik suvini tejashga turtki berish masalasi ham koʻtarildi.

Adliya vazirligidan tashrif buyurgan ishtirokchi davlat organlari/muassasalarida korrupsiyani oldini olish masalasida turtki berish nazariyasini qoʻllash mumkinligini aytdi. Biroq bu sohada statistik maʼlumotlar mavjud boʻlmagani va uni muayyan davlat idorasiga tatbiq etishga urinish noroziliklar va tushunmovchiliklarga sabab boʻlishi mumkinligini inobatga olgan holda, bu boʻyicha ishlarni boshqa sohalarda tadqiqot ishlari ijobiy natija bergach amalga oshirish lozimligi qayd etildi.

Suhbat davomida rivojlanishga yoʻnaltirilgan qarorlar hayotga tatbiq etilgunga qadar, dunyo voqeliklari oʻzgarib ketayotgani sababli jamiyat roʻbaroʻ kelayotgan ijtimoiy va ekologik muammolarni samarali hal etishning yangi vositalari va shakllarini izlab topish zaruriyati vujudga kelayotgani qayd etildi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?