Nobel mukofoti sohibi boʻlish uchun nima qilmoq kerak?

13:58 13 Oktyabr 2020 Jamiyat
159 0

Jadid bobomiz Abdulla Avloniy “Kim nimani yaxshi koʻrar?” nomli badiasida bundan yuz yil muqaddam jamiyatdagi holatni shunday baholagan: «Ehtimol, bizning xalq ilmu maʼrifatni, tarbiya va taʼlimni, hunar va sanoatni yaxshi koʻrar, deb oʻylaydurgʻondursiz? Yoʻq, bu fikringiz yanglish... Onalarimiz bilim va tarbiya oʻrniga erlari ila urushub-talashub qizlarigʻa mol qilmakni yaxshi koʻrurlar».

Ha, oʻsha vaqtdayoq, jamiyatga yot unsurlar kirib kelgan, maqsad sari intilish oʻrniga ozgina chalasavodligimiz tufayli “maydalashish”, moddiyatchilikka intilish jarayoni boshlangan ekan-da.

Yaponlarda wa (uygʻunlik) tushunchasi mavjud. Mamlakatda siyosiy modernizatsiya “yapon ruhiyati – gʻarb texnikasi” (vakon-yosay) shiori ostida kechgan. Bunda «vakon» anʼanaviy madaniyat, maʼnaviy qadriyatga bogʻlanib dunyoni idrok etish, «yosay» – zamonaviy madaniyat, sivilizatsiya maʼnosini anglatadi. Yapon pragmatizmining boshqalardan farqli jihati shundaki, anʼanaviy milliy qadriyatlarini saqlaydi, ehtimoliy halokatlarni ehtiyotkorlik bilan chetlab oʻtgan holda, yangiliklarni qabul qilaveradi.

Aholining yangicha sharoitga moslashish qobiliyati: boshqa sivilizatsiyalar unsurlarini yaxshi oʻzlashtirishi, ularni oʻz milliy qadriyatlarining tarkibiy qismiga kiritishi bilan belgilanadi. Ular 1950-yillarda Yevropa va AQSH texnologiyalarini oʻzlashtirish baravarida, milliy ruhiyatini saqlagan holda, gʻarbni iqtisodiyotda quvib oʻtdilar. Bunday koʻrsatkichlar ildizida esa ilm-fan va texnologiya uygʻunligi yotadi. Xitoylar ham, koreyslar, nemislar ham faqat shu yoʻl bilan qoloq davlatdan boy davlatga aylandilar.

Taʼlim tizimi ularni qutqardi va yuqori darajaga olib chiqdi. Ertangi kun bilimni chuqur egallagan jamiyatlarniki boʻlib qoladi. Biz oʻzbeklar ham eʼtiborimizni ilm-fan, taʼlim tizimining rivojlanishiga qaratishimiz zarur, nazarimda.

“Oʻzbeklardan ham Nobel mukofoti sovrindorlari chiqishi mumkinmi”, degan savolga kelsak, buning uchun ilmga, ilmlilarga, oʻqituvchilarga ragʻbat tizimi yaratilishi lozim. Yurtimizda ilk marta tashkil etilgan Prezident maktabi, Ijod maktabi, Matematika maktabi bitiruvchilari bilimi, gʻayrati har tomonlama qoʻllab-quvvatlansa, ushbu orzu-niyatlarimiz amalga oshadi, degan umiddamiz.

Baxtiyor OMONOV,
TATU ciyosiy fanlar doktori

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?