Nobel mukofoti laureati Ryodzi Noyori oʻzbekistonlik talabalarga maʼruza qildi

17:52 29 Avgust 2018 Jamiyat
388 0

Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligining tashabbusi bilan tashkil etilgan Yaponiyaning Nagoya universiteti prezidenti Matsuo Seyiti boshchiligida Yaponiya delegatsiyasi, shuningdek, Nobel mukofoti laureati Ryodzi Noyorining Oʻzbekistonga tashrifi davom etmoqda. Bu haqda Edu.uz xabar berdi.

Bugun janob Ryodzi Noyori oʻzbek-yapon ilmiy simpoziumida vazirlik va idoralar, Fanlar akademiyasi, ilmiy-tadqiqot institutlari vakillari, respublikamizning barcha hududlaridan taklif etilgan iqtidorli talabalar va yosh ilmiy tadqiqotchilar uchun maʼruza bilan chiqish qildi.

Uchrashuvda yaponiyalik taniqli olim oʻzbek allomalarining jahon sivilizatsiyasiga qoʻshgan bebaho hissasi, dunyo ilm-fani va madaniyati rivojlanishida tutgan oʻrnini eʼtirof etdi.

Janob Ryodzi Noyori talablar bilan muloqotda ilm-faning soʻnggi yutuqlari, oʻzining hayotiy tajribasi va ilmiy natijalari bilan oʻrtoqlashdi. Dunyo miqyosidagi taniqli olim bilan tarixiy uchrashuv yurtimizning iqtidorli yoshlarini ilm-fan bilan shugʻullanish va innovatsion fikrlashga, yanada shijoat bilan shga undashi shubhasiz.

Maʼlumot uchun, taniqli kimyo olimi Ryodzi Noyori 2001 yilda katalitik asimmetrik sintez sohasidagi ishlanmasi uchun Nobel mukofotini olgan. Yaponiyaning taʼlim, madaniyat, sport, fan va texnologiyalar vazirligi ilmiy kengashining haqiqiy aʼzosi va Birlashgan Millatlar Tashkilotining turli xil yetakchi loyihalari hamda AQSH, Xitoy xalq respublikasi, Yevropa mamlakatlari fanlar akademiyasining aʼzosi. 2015 yildan buyon Yaponiya Fan va texnologiyalar agentligining strategiyasini rivojlantirish va tadqiq qilish Markazining Bosh direktori lavozimida faoliyat olib bormoqda.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?