NNT rahbarlari uchun mahorat darslari oʻtkazildi

11:25 13 Avgust 2019 Jamiyat
133 0

Yaqinda Oʻzbekiston nodavlat notijorat tashkilotlari milliy assotsiatsiyasi, Oʻzbekiston nodavlat notijorat tashkilotlarini qoʻllab-quvvatlash jamoat fondi va Respublika OITSga qarshi kurash Markazi hamkorligida ikki kunlik oʻquv-seminar boʻlib oʻtdi. Bu haqda OʻzNNTMA axborot xizmati xabar berdi.

Seminar jamiyat va davlat hayotining barcha sohalarida demokratik oʻzgarishlarni amalga oshirishda fuqarolik jamiyati institutlari roli hamda ahamiyati, ijtimoiy faolligini oshirish, dolzarb masalalarni muhokama qilish, sohada xalqaro hamkorlikni rivojlantirish, ilgʻor xalqaro tajribani oʻrganish maqsadida oʻtkazildi. Oʻz navbatida aholi ijtimoiy qatlamlari orasida OIV infeksiyasi tarqalishiga qarshi kurashishda profilaktika ishlarini amalga oshirish boʻyicha NNT rahbar va xodimlari salohiyatini kuchaytirish masalasiga ham alohida eʼtibor qaratildi.

Taʼkidlash joiz, davlatimiz rahbari tomonidan qabul qilingan tegishli qarorlar ijrosini taʼminlash maqsadida yurtimizda “Fuqarolik jamiyati tashkilotlarining salohiyatini oshirish” Davlat dasturi amalga oshirilmoqda.

Seminar davomida “Ijtimoiy sohada faoliyat olib borayotgan davlat tashkilotlari va NNTlar oʻrtasidagi samarali hamkorlikni yaratish”, “Nodavlat notijorat tashkilotlari va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlari faoliyatini rivojlantirishning zamonaviy mexanizmlari”, “Nodavlat notijorat tashkilotlar xodimlarining huquqiy ongi va madaniyatini oshirish – NNTlar salohiyatini rivojlantirish omili” kabi mavzularda amaliy muloqot va mahorat darslari oʻtkazildi.

Yakunda Oliy Majlis huzuridagi nodavlat notijorat tashkilotlarini va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarini qoʻllab-quvvatlash jamoat Fondi tomonidan eʼlon qilinadigan tanlovlar, xususan, davlat grantlari va ijtimoiy buyurtmalar, ulardan samarali foydalanish mexanizmlari toʻgʻrisida atroflicha maʼlumotlar berildi, xulosa va takliflar bildirildi


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?