N.Xachaturyan: “Koʻp yurtlarda boʻlganman, ammo sizning diyoringiz va shirinsuxan odamlaringizni aslo unutmayman!“

10:35 15 Sentyabr 2019 Jamiyat
84 0

Qoʻqon shahri mezbonlik qilgan Xalqaro hunarmandlar festivali mezbonu mehmonlarda katta taassurot qoldirmoqda. Buni ular bildirayotgan fikrlardan ham bilib olsa boʻladi. Quyida shularning ayrimlari bilan tanishib oʻzingiz ham ishonch hosil qilishingiz mumkin.

Muhammadali YUNUSOV,

Oʻzbekistonxalq ustasi:

Xalqaro hunarmandchilik festivalining tantanali ochilish marosimida Prezidentimiz soʻzga chiqdilar. Nutq davomida koʻzga koʻringan usta-hunarmandlar orasida eʼtirof etilishim meni benihoya toʻlqinlantirib yubordi. Davlatimiz rahbarining bu soʻzlarini oʻsha maydonda ssenariyga asosan bunyod etilayotgan milliy peshayvon qurilishini boshqarayotib tingladim. Toʻgʻrida, mamlakat rahbari tomonidan xalq uchun qilingan mehnatning eʼtirof etilishi biz hunarmandlar uchun buyuk baxt.

Ming nafardan ziyod shogirdim bor. Ularning 50 nafari milliy yogʻoch oʻymakorligi hunarini miridan-sirigacha oʻrganib, hunarimiz bilan bogʻliq har ishning ustasi sifatida mustaqil faoliyat yuritishyapti.

Shu kungacha shogirdlarim bilan birgalikda Fargʻona shahridagi uzumni qayta ishlash korxonasi, “Baxt” uyi, Furqat tumanida Abduqahhor ota ziyoratgohi, Toshkent shahrining yangi halqa yoʻli yoqasidagi “Xon chorbogʻi” tepaligi va qator tashkilot va muassasalarda milliy hunarmandchilik ishlarini amalga oshirdik. 2015-yilda Samarqand shahridagi Doniyor paygʻambar maqbarasida 60 nafar ustazoda shogirdlari bilan 8 qirralik, 8 ustunlik milliy arkli ayvon, Toshkent shahridagi Hazrati Imom masjidi majmuasi ayvon ustunlari, poytaxtimizning Yunusobod dahasida Qatagʻon qilinganlar xotirasiga qurilgan muzeyning ustunlarini ham oʻymakor naqshlar bilan bezatishgan. Poytaxtimizdagi milliy bogʻda “Xalq amaliy sanʼati” galereyasining aylana ayvon qismi, Samarqandning Hazrati Imom Ismoil Al-Buxoriy majmuasi ayvonlari qurilishi, Jizzaxda “Ipak yoʻli” choyxona-oromgohi va yurtimizning koʻplab tuman-shaharlarida choyxona-oromgohlarning yogʻoch oʻymakorligi ishlari ham aynan bizning ijod mahsulimiz.

Bu hunarda betakrorlikka erkin va mustaqil ijod bilan erishish mumkin. Katta oilaning farzandi boʻlganman. Yogʻoch oʻymakorligi, naqqoshlik ota kasb. Men 5-avlod ustazodaman. Oʻgʻillarim ham hunarimni egallashgan. Xususiy korxonamizning asosiy ishlarini bugungi kunda oʻgʻillarimga ishonib topshiryapman.

Narina XACHATURYAN,

Armaniston Respublikasi taʼlim fan, madaniyat va sport vazirining oʻrinbosari:

–Ezgu fazilatlari bilan dunyoga tanilgan xalqingiz oʻzining mehmondoʻstlik, shirinsuxanlik va odamiylik xislatlarini Qoʻqon shahrida yana bir bor namoyon etmoqda. Bunday nufuzli anjumanlar, xalqaro festivallar esa qoʻshni respublikalar, uzoq-yaqin xorij davlatlari bilan doʻstlik rishtalarini bogʻlabgina qolmay, savdo-iqtisodiy, ijtimoiy-gumanitar aloqalarni yanada mustahkamlash, mamlakatimizning turizm salohiyatini rivojlantirishga ham xizmat qiladi. Qoʻqon temir yoʻl vokzalida jahon hunarmandchiligi sohasi arboblari, tajribali mutaxassislari, oʻz kasbining ustalari karnay-surnay sadolari ostida oʻzbek millatiga xos mehmonnavozlik hamda non-tuz, Qoʻqonning mashhur holvalari va shirinliklari bilan tantanali kutib oldilar.

Oʻzbekiston haqida har gal toʻlqinlanib gapiraman.Mehmondoʻst xalq, betakror ob-havosi, turli noz-neʼmatlari qatorida hunarmandchiligi, milliy qadriyatlarini ham alohida eʼtirof etaman. Koʻp yurtlarda boʻlganman, ammo sizning diyoringiz va shirinsuxan odamlaringizni aslo unutmayman! Festival esa doʻstlik va birodarlik tantanasiga aylanganiga ishonaman.

Akmal MIRZAMUHAMMAD,

hunarmand, Pokiston:

–2004-yilda oʻzbek hunarmandi tomonidan tayyorlangan gilamchilikning eng jajji nusxasi – qoʻl telefoni gʻilofini oʻz yurtimga olib ketgan edim. Ancha urinib qoldi, lekin hamon oʻzim bilan olib yuribman, chunki bu hunarmandchilik, qoʻl mehnatining nodir mahsuli. Ushbu festivaldan, Qoʻqondan ham mana shunday ajoyib esdalik buyumini olib ketib, ardoqlab yurish niyatidaman.

Qoʻqon shahrida oʻtkazilayotgan Xalqaro hunarmandlar festivalining tantanali tadbirida ishtirok etganimdan quvonchlarim cheksiz.Barchasi betakror tayyorlangan. Milliy maqom va lapar qoʻshiqlari menga juda manzur boʻldi.Fargʻona viloyati sanʼatining milliy brendiga aylanib ulgurgan “Fargʻona tong otguncha” qoʻshigʻini ishtirokchilar birgalikda kuylashieʼtiborimni tortdi.

Sahna ikki chetida dastur yakuniga qadar mohir ustalar tomonidan ikki peshayvonning tez va sifatli bitirilishidan toʻgʻrisi lol qoldim. Hammasi mahobatli va hayratlanarli.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?