Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika universitetida ijodiy imtihonlar boshlandi

16:06 26 Iyul 2018 Madaniyat
1300 0
Foto: “Xalq so‘zi”

Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika universitetida 25 iyul kuni ijodiy imtihonlar boshlandi. Ayni damda Kasb ta’limi fakulteti Tasviriy san’at va muhandislik grafikasi yo‘nalishiga hujjat topshirgan abituriyentlar ijodiy imtihonlarni topshirishmoqda.

Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika universiteti matbuot xizmati tomonidan “Xalq so‘zi online”ga ma’lum qilishlaricha, mazkur yo‘nalishda test sinovlari bekor qilingan bo‘lib, kirish imtihonlari uch bosqichli amaliy imtihonlar shaklida o‘tkaziladi. 2018-2019 o‘quv yili uchun universitetning Kasb ta’limi fakulteti Tasviriy san’at va muhandislik grafikasi yo‘nalishiga o‘zbek guruhlari uchun 158 ta, rus guruhlari uchun 39 ta abituriyent hujjat topshirgan. Ulardan 40 nafari talabalikka qabul qilinadi.

Bu yilgi sinovlar shaffof va ochiqligi, sinovlarning yo‘nalishga moslangani bilan har yilgidan o‘zgacha o‘tmoqda. Xususan, universitetning Tasviriy san’at va muhandislik grafikasi yo‘nalishiga hujjat topshirgan abituriyentlar uch bosqichda - Rang tasvir, Qalam tasvir hamda Chizmachilik yo‘nalishida amaliy sinovlardan o‘tadi. Avvalgi yillardan farqli jihati, taqdim etilgan ijodiy ishlar shu kunning o‘zida maxsus tuzilgan ekspertlar tomonidan tekshirilib, abituriyentlarning baholari ertasi kuniyoq e’lon qilinadi.

Universitet hududidagi imtihon o‘tkazilayotgan zalga maxsus kameralar o‘rnatilgan bo‘lib ota-onalar imtihon jarayonini bevosita kuzatib turibdi. Va albatta, bu imkoniyatdan ota-onalar xursand.

“Farzandim imtihon topshiryapti, men o‘zim hayajondaman. Bu yilgi imtihonlar har yilgidan boshqacha. Adolatli o‘tyapti barchasi. Hatto ota-onalarga ichkariga kirib, farzandi nima chizayotganini ko‘rib chiqishga ham ruxsat berilyapti. Ota-onalardan iborat maxsus ekspertlar guruhi ham tuzildi. Bundan juda xursandmiz”, deydi angrenlik Zulfiya opa.

Ijodiy imtihon natijalari universitet rasmiy sayti tdpu.uzda e’lon qilib borilmoqda.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?