Nima uchun koʻplab shifokor kadrlar, ayniqsa, yoshlar ishdan boʻshab, xususiy klinikalarga oʻtib ketmoqda?

16:49 26 Oktyabr 2018 Jamiyat
652 0

2018 yilning 26 oktyabr kuni Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatida Fan, taʼlim va sogʻliqni saqlash masalalari qoʻmitasining majlisi boʻlib oʻtdi. Bu haqida parlament yuqori palatasi matbuot xizmati xabar berdi.

Majlisda psixiatriya muassasalarida bemorlarni davolash va ularga qarash, psixiatriya muassasalarining moddiy-texnik negizini yaxshilash, zamonaviy diagnostika va laboratoriya asbob-uskunalari bilan jihozlash boʻyicha amalga oshirilayotgan ishlarning natijalari muhokama etildi.

Tadbirda Senat aʼzolari, Vazirlar Mahkamasi, Sogʻliqni saqlash vazirligi masʼul xodimlari, oliy tibbiy oʻquv yurtlari rahbarlari, soha muassasalari, boshqa mutasaddi idoralar va ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.

2017-2021 yillarda Oʻzbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yoʻnalishlari boʻyicha Harakatlar strategiyasida nazarda tutilganidek, psixiatriya yordami koʻrsatish sogʻliqni saqlash tizimining muhim boʻgʻinlaridan biri hisoblanadi.

2018 yil 16 martda qabul qilingan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Psixiatriya yordami koʻrsatish tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Qarori mazkur sohadagi tashkiliy-huquqiy masalalarni hal etish uchun muhim ahamiyat kasb etdi.

Xususan, davlatimiz rahbarining Toshkent shahar klinik psixiatriya shifoxonasiga tashrifi chogʻida uzoq yillardan beri mazkur soha tegishli davlat organlari eʼtiborisiz qolayotganligi koʻrsatib oʻtilgan edi. Hozirgi kunda keng koʻlamli qurilish ishlari olib borildi, shifoxonaning 4 ta yangi korpusi qurib ishga tushirildi, shifoxona xodimlari va bemorlar uchun zarur qulay shart-sharoitlar yaratildi. Xuddi shunday qurilish-taʼmirlash va obodonlashtirish ishlari Respublika kuzatuv kuchaytirilgan ruhiy kasalliklar shifoxonasida ham amalga oshirildi.

Majlisda qayd etilganidek, respublikamizda 25 ta psixiatriya muassasasi faoliyat yuritmoqda, ular tomonidan doimiy ravishda profilaktika va davolash ishlari olib borilmoqda. Shunga qaramay qator muammolar hal etilmay qolib ketmoqda. Eng dolzarb muammolardan biri sifatida joylarda psixiatr shifokorlarining yetishmasligi hamda psixiatriya muassasalarini malakali kadrlar bilan taʼminlash ishlari sust olib borilayotganligidir.

Oʻrganish koʻrsatishicha, ish haqining pastligi, shifokorlarning sogʻligʻi va hayoti ijtimoiy sugʻurtalanmaganligi sababli koʻplab kadrlar, ayniqsa, yoshlar ishdan boʻshab, xususiy klinikalarga oʻtib ketmoqda.

Misol uchun, 2018 yilning birinchi yarim yilligida respublika boʻyicha 74 nafar mutaxassis, shu jumladan ularning 16 nafari oliy taʼlim muassasalari bitiruvchilari sohada ishlashni boshlagan boʻlsa, yarim yillikning oxiriga kelib ularning 89 foizi, yaʼni 66 nafari sohani tark etgan.

Soha uchun muhim boʻlgan mutaxassislar – suitsidolog va psixiatriyaga aloqador boshqa tor ixtisosliklar boʻyicha shifokorlar yetishmayotganligi keskin tanqid ostiga olindi.

Surxondaryo va Fargʻona viloyatlaridan tashqari mamlakatimizning birorta mintaqasida suitsidologiya boʻyicha mutaxassislar mavjud emasligi qayd etildi. Majlis ishtirokchilari sohada ehtiyoj yuqori boʻlgan tor ixtisosliklar boʻyicha qadrlar tayyorlash masalasiga toʻxtalib, bugungi kunda respublikamizda psixiatr-narkolog umuman mavjud emasligini taʼkidlab oʻtishdi. Psixiatriya muassasalarida shtat birliklarining yetishmasligi bemorlarga qarashda, ularning feʼl-atvorida tajovuzkor holat yuzaga kelgan vaqtda zarur choralar koʻrsatishda qiyinchiliklar keltirib chiqarmoqda. Buning oqibatida tibbiyot xodimlariga tan jarohati yetkazish holatlari uchrab turibdi.

Bu borada tibbiyot yoʻnalishidagi oliy oʻquv yurtlarining dasturlarini qayta koʻrib chiqish, kadrlar sonini koʻpaytirish, yosh malakali mutaxassislarni ragʻbatlantirish tizimini ishlab chiqish zarurligiga alohida urgʻu berildi.

Majlisda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 16 martdagi “Psixiatriya yordami koʻrsatish tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Qarori bilan tasdiqlangan Dasturga muvofiq sohada mavjud dolzarb muammolar qatorida psixiatriya muassasalarining moddiy-texnik negizini mustahkamlash zarurligiga ham toʻxtalib oʻtildi. Biroq ushbu Dasturning oʻz vaqtida ijro etilmasligi bemorlarga sifatli tibbiy yordam koʻrsatishda muammolar keltirib chiqarmoqda.

Shuningdek, tadbirda sohada kuzatilayotgan muammolarni bartaraf etish yuzasidan Sogʻliqni saqlash vazirligining axboroti eshitildi. Muhokama chogʻida majlis ishtirokchilari oʻz fikr-mulohazalari va takliflarini bildirdi.

Koʻrib chiqilgan masala yuzasidan Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Fan, taʼlim va sogʻliqni saqlash masalalari qoʻmitasining tegishli qarori qabul qilindi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?