Nikoh toʻyini dabdabali oʻtkazishni istamagan yigit ehson dasturxoni yozdi

13:06 09 Sentyabr 2019 Jamiyat
64 0

Topganini qarindosh-urugʻ, qoʻni-qoʻshnilari bilan baham koʻradigan xalqimiz toʻylari bilan mashhur. Bu toʻylarda xalqimizning boy maʼnaviy merosi, madaniyati aks etadi.

Ming afsuski, bugun ayrim hollarda nikoh marosimi ortiqcha hashamga aylanib ketmoqda. Nikoh toʻyi marosimlari haddan ziyod dabdabali oʻtmoqda.

Yoshlarimiz milliy urf-odatlarimiz qolib, chetdan kirib kelgan oʻzgacha odatlar asosida nikoh toʻyini oʻtkazmoqda. Kim oʻzarga toʻy qilish, isrofgarchilikka yoʻl qoʻyish kabi ortiqcha illatlar avj olayotgani kishi dilini xira qiladi.

Qimmat restoranda toʻy qilamiz, falon sanʼatkorlarni chaqiramiz, deb ota-onasiga shart qoʻyayotganlar ham topiladi. Toʻy sohibi katta xarajat uchun qarz koʻtaradi yoki kredit oladi. Shuning ortidan oilaviy mojarolar, nizo-janjallar, ajralishlar, qudalar oʻrtasida sovuqchilik koʻpayib borayapti. Vaholanki, toʻkin-sochin dasturxon, toʻyga sarflangan xarajatlarni kamaytirib, yosh oilaning roʻzgʻorini but qilish mumkin.

Oʻzbekiston musulmonlari idorasi toʻy marosimlarini ixchamlashtirish, ortiqcha dabdabaga berilmaslik borasida turli tadbirlar oʻtkazib kelmoqda.

– Toʻy va marosimlar dabdabasi, soxta maqtovlar, mahallalardagi urchigan gaplar har qancha chiroyli koʻrinmasin bu, avvalo, katta isrof, dinimizga yot tushunchalardir, – dedi “Al Hudaybiya” jome masjidi imom-xatibi Murodulloh Xunazarov. – Maʼraka-marosimlarda besh xil, baʼzan yetti xil taom tortilishi kerak, degan tushunchalar biz insonlarning qorin gʻamiga mukkasidan ketganimizdan darak. Toʻylardan keyin ortib qolgan taomlar, masalliqlar, ayniqsa, eng aziz neʼmat boʻlgan non negadir hech kimni ajablantirmay qoʻydi. Isrofgarchilik gunoh ekanligini eslamay ham qoʻydik. Isrof dinimizda qattiq qoralangan. Bu toʻgʻrisida Qurʼoni karimda va Paygʻambarimiz hadislarida musulmonlarni ogoh boʻlishga chaqirgan koʻrsatmalar bor.

Oʻzbekiston musulmonlari idorasi vakillari tashabbusi bilan bir yosh kelin-kuyovning nikoh toʻyi marosimiga faqat imkoniyati cheklangan insonlarni taklif etish orqali ularning koʻngillariga shodlik ulashish maqsad qilingan edi. Mazkur xayriya tadbiri Toshkent shahridagi “Versal” koshonasida boʻlib oʻtdi.

– Har bir ishda meʼyor va moʻtadillik boʻlishi zarur. Ana shunda isrofgarchilikka yoʻl qoʻyilmaydi. Bu ikki narsa kishining havoyi-nafsiga qoʻyilgan qopqondir. Toʻy qilish deganda, albatta dasturxon yozib, toʻp-toʻp odam aytishni tushunmaslik kerak. Kambagʻal, muhtoj kishilarga taom yoki kerakli mablagʻni berish eng katta savobdir. Oramizda buni anglab yetgan yoshlar ham talaygina. Yashnobod tumanida tadbirkorlik faoliyatini olib boradigan bir yigit oldimga kelib, uylanayotganini, nikoh toʻyini dabdabali qilib oʻtkazmasligini aytdi. Savob olish niyatida bugun yuz nafardan ortiq kam taʼminlangan, imkoniyati cheklanganlar uchun dasturxon yozdi. Ularning oʻksik koʻngliga dalda boʻlish, duosini olish dabdabali toʻy qilib, maqtanishdan ming marta yaxshi, – dedi M.Xunazarov.

Yigʻilganlar yurtimiz tinchligiga shukrona aytib, kelin-kuyov haqiga duo qildi.

Xurshid QODIROV, OʻzA


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?