Niderlandiyaga oʻzbek qovunlarining ikkinchi joʻnatmasi yetkazildi

19:08 19 Sentyabr 2020 Iqtisodiyot
279 0

Niderlandiyaga 60 tonna oʻzbek qovunlaridan iborat ikkinchi joʻnatma yetkazildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA Niderlandiyaning “AGF” portaliga tayanib.

Bundan avvalroq, 31-avgust kuni 20 tonna, nashr taʼkidlaganidek, “haqiqiy” oʻzbek qovunlarining birinchi joʻnatmasi ushbu mamlakatga olib kelingan edi. Niderlandiyalarga ularning taʼmi yoqib qoldi va shu bois Oʻzbekistonga yangi buyurtma berildi, deb qayd etgan veb-sayt.

“Qovun Oʻzbekistonning barcha hududlarida yetishtiriladi. Biz ushbu mahsulot importini dekabr oyigacha davom ettiramiz”, - deb taʼkidlagan “JPF Agri BV” korxonasi rahbari, Oʻzbekiston eksportchilar uyushmasi biznes-elchisi Nodira Qodir-Abdullayeva.

Uning soʻzlariga koʻra, Oʻzbekiston iqlimi qovun, boshqa poliz mahsulotlari va meva-sabzavotlar yetishtirish uchun juda qulaydir, demak ishlab chiqarish uchun juda kam pestitsidlar talab qilinadi.

Qovun mavsumi yakunlangach, N.Qodir-Abdullayeva quritilgan mevalar (mayiz, turshak va qovun qoqisi), yeryongʻoq, bodom va turli dukkakli mahsulotlarni import qilishni rejalashtirmoqda. Shuningdek, anor hamda xurmo mevalariga ham qiziqish mavjud. Bundan tashqari u kelajakda gilos va oʻrik import qilish niyatida.

Oʻzbekistonning Benilyuks mamlakatlaridagi elchixonasi maʼlumotiga koʻra, Niderlandiya Oʻzbekistondan keltirilgan qishloq xoʻjaligi mahsulotlari, jumladan, yangi uzilgan va quritilgan mevalar, ayniqsa, qora va oq mayiz hamda yongʻoqlar uchun istiqbolli bozor hisoblanadi. Bozor tadqiqotlari, shuningdek, poliz mahsulotlari, ayniqsa, xushtaʼm oʻzbek qovunlarini sotib olishga boʻlgan qiziqish katta ekanini koʻrsatdi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?