Niderlandiya kompaniyasi Oʻzbekistonda oʻz mualliflik huquqlarini himoya qilish uchun Pokiston kompaniyasi bilan 2 yil kurashib, yutib chiqdi

13:44 28 Sentyabr 2018 Jamiyat
380 0
Illyustrativ foto

Intellektual mulk obyektlariga huquqiy muhofaza taqdim etish Intellektual mulk agentligi faoliyatining asosiy vazifalardan biri hisoblanadi. Agentlik davlat roʻyxatidan oʻtkazish uchun milliy talabnoma beruvchilar bilan bir qatorda xorijiy talabnoma beruvchilardan ham talabnomalarni qabul qiladi. Davlat roʻyxatidan oʻtkazilgan intellektual mulk obyektlariga talabnoma beruvchilarga muhofaza hujjatlari beriladi. Muhofaza hujjati orqali taqdim etilgan huquqlar talabnoma beruvchining milliy yoki xorijlik ekanidan qatʼiy nazar Oʻzbekiston Respublikasi qonunchiligi doirasida muhofaza qilinadi va himoyalanadi.

Bunga misol tariqasida xorijlik patent egasi— AQSHning Merck & Co., Inc nomli kompaniyasiga qarashli Merck Sharp & Dohme Corp. shoʻʼba kompaniyasi (Niderlandiya) huquqlarini himoya qilish boʻyicha boʻlib oʻtgan sud ishlari keltirib oʻtildi, deb yozmoqda intellektual mulk agentligi.

Agentlik tomonidan Merck Sharp & Dohme Corp. kompaniyasi nomiga JANUVIA tovar belgisi roʻyxatdan oʻtkazilgan va tovar belgisi “farmatsevtik preparatlar” sinfiga kiritilgani toʻgʻrisidagi topshirilgan guvohnoma orqali mazkur kompaniyaga huquqiy muhofaza taqdim etilgan.

Shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligida giperglikemiya, 2-toifa qandli diabet, ortiqcha vazn va lipid tizimidagi buzilishlar bilan bogʻliq boshqa kasalliklarni davolash uchun oʻz tarkibida faol birikma sifatida sitagliptinni saqlovchi “JANUVIA” savdo nomiga ega boʻlgan preparat Merck Sharp & Dohme Corp. nomiga roʻyxatga olingan edi.

Agentlik tomonidan Merck Sharp & Dohme Corp. kompaniyasiga strukturaviy formulaga ega sitagliptinning strukturaviy birikmali formulasiga hamda sitagliptin moddasini saqlovchi farmatsevtik tarkib uchun patent berilgan va huquqiy muhofazasi taqdim etilgan. Oʻzbekiston Respublikasining “Ixtirolar, foydali modellar va sanoat namunalari toʻgʻrisida”gi qonuniga muvofiq Merck & Co., Inc kompaniyasi patent egasi sifatida patentlangan mahsulot — sitagliptinni oʻz ichiga oluvchi farmatsevtik tarkibga egalik qilish, foydalanish va tarqatishga boʻlgan mutlaq huquqqa ega hisoblanadi.

Pokistonning CCL Pharmaceutical Pvt kompaniyasi va Oʻzbekistondagi Apple Farm xususiy korxonasi huquq egasining yozma tarzdagi roziligi va ruxsatini olmay turib, yaʼni yuqoridagi Qonun talablarini buzgan holda Oʻzbekiston hududida tarkibida sitagliptin moddasini oʻz ichiga oluvchi preparatlarni olib kirish, tarqatish va sotish bilan shugʻullanib kelgan.

Bundan tashqari, Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligida CCL Pharmaceutical (Pvt) Ltd nomiga faol modda sifatida oʻz tarkibida Oʻzbekiston Respublikasi patenti bilan muhofazalangan va mutlaq huquqlari Merck Sharp & Dohme Corp. kompaniyasiga tegishli boʻlgan sitagliptin birikmasini oʻz ichiga oluvchi SITA MET savdo nomiga ega boʻlgan preparat roʻyxatga olingan.

2016 yilda Merck Sharp & Dohme Corp. kompaniyasi oʻz huquqlarining CCL Pharmaceutical Pvt kompaniyasi va Apple Farm xususiy korxonasi tomonidan buzilayotganini aniqlagach Oʻzbekiston sud instansiyalariga oʻz huquqlari himoya qilinishini soʻrab murojaat qiladi. Sud ishlari qariyb 2 yil davom etdi, lekin Merck Sharp & Dohme Corp. kompaniyasi oʻz patentiga boʻlgan tegishli huquqlardan noqonuniy foydalanish holatiga chek qoʻyilishiga erisha olmadi.

Sud instansiyalari orqali huquqlari tiklanishiga erisholmagach, patent egasi sifatida Merck Sharp & Dohme Corp. kompaniyasi Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudiga murojaat qiladi.

2018 yilning 28 avgustida Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudining Iqtisodiy masalalar boʻyicha sud kollegiyasi Merck Sharp & Dohme Corp. kompaniyasining shikoyat arizasini qondirib, CCL Pharmaceutical kompaniyasiga Oʻzbekiston Respublikasi patenti bilan muhofazalangan sitagliptin faol moddasini oʻz ichiga oluvchi tovarlarini Merck Sharp & Dohme Corp. kompaniyasining yozma tarzdagi roziligi va ruxsatisiz respublika hududiga olib kirishi, tarqatishi va sotishini taqiqlab qoʻydi.

Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Iqtisodiy masalalar boʻyicha sud kollegiyasining ushbu qarori xorijlik tadbirkorlar va investorlar uchun Oʻzbekistonda intellektual mulk davlat himoyasiga olinganini yana bir tasdiqlab berdi.

Shuningdek, Oʻzbekiston aʼzo boʻlgan xalqaro shartnomalar va bitimlar meʼyorlarining milliy patent qonunchiligida oʻz aksini topgani va bu meʼyorlar respublika miqyosida amalda tatbiq etilayotgani Oʻzbekistonning intellektual mulkka nisbatan huquq egalari manfaatlarini amalga oshirishning samarali mexanizmlarini shakllantirish, xususan, Oʻzbekistonning dunyo iqtisodiy maydoniga integratsiyalashuv borasidagi intilishini namoyon etadi, deyiladi xabarda.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?