Oʻzbekistonda “havo yoʻllari”ga raqobatchi yangi aviakompaniya ochilishi kutilmoqda

16:58 15 Sentyabr 2018 Iqtisodiyot
6732 0
Illyustrativ foto

Bugun, 15 sentyabr kuni poytaxt hokimligida navbatdagi “Investorlar kuni”da INTER AVIASERVIS asoschisi Jahongir Fayzullayev Toshkentda yangi aviakompaniya ochish taklifini ilgari surdi. Bu haqda “Xalq soʻzi“ muxbiri xabar bermoqda.

Tadbirkor koʻp yillar davomida avialaynerlar bozorini oʻrganib, chiptalarni sotish, parvozlar va yoʻnalishlar sonini oʻrganib chiqqan. Uning soʻzlariga koʻra, xorijiy kompaniyalar bilan A-320 va A-321 samolyotlari lizingi boʻyicha shartnomalar mavjud.

Mazkur taklif bildirilgan tadbirda bu safar Oʻzbekiston Bosh vaziri Abdulla Aripov va Toshkent shahar hokimi vazifasini bajaruvchi Jahongir Ortiqxoʻjayev ishtirok etgan. Ular taqdim etilgan 40 dan ortiq loyihalar bilan tanishib chiqishgan. Mazkur loyihalar ijtimoiy soha obyektlari, xususan zamonaviy mehmonxona, kutubxona, tibbiyot markazlari, savdo va koʻngil ochar maskanlar, koʻp qavatli avtoturargohlar hamda yangi uy-joy komplekslarini barpo etishni koʻzda tutadi.

Jahongir Ortiqxoʻjayev aviakompaniya tashkil etishni rejalashtirgan investor taklifini qoʻllab-quvvatlab hokimiyatdan barcha zarur koʻmak berilishini taʼkidladi.

Uchrashuvda taqdim etilgan loyihalarning umumiy qiymati 5 trillion soʻmdan ziyod boʻlib, ularning amalga oshirilishi 10 mingga yaqin yangi ish oʻrni yaratilishini taʼminlaydi. Tadbirda loyihalarning qariyb 90 foizi maʼqullandi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?