Nemis sarmoyadorlarining Oʻzbekistonga qiziqishi nima sababdan keskin ortdi?

20:23 20 Yanvar 2019 Jamiyat
340 0

Foto: Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Matbuot xizmati.

Germaniya ommaviy axborot vositalarida mamlakatimizda kuzatilayotgan yangilanishlar haqida koʻplab telelavhalar, radioeshittirishlar, tahliliy maqolalar berilmoqda.

Jumladan, “Deutsche Welle” radiostansiyasi “Oʻzbekistonda amalga oshirilgan bozor islohotlari mamlakatning nemis sarmoyadorlari uchun jozibadorligini taʼminladi”, deb yozadi.

“GFR ishbilarmon doiralarining soʻzlariga qaraganda, Shavkat Mirziyoyev 2016 yili Oʻzbekiston Prezidenti lavozimiga saylanib, keng koʻlamli islohotlar boshlagandan soʻng nemis investorlarining mamlakatga qiziqishi keskin ortdi... Jahon banki Oʻzbekistonni eng faol islohotlar olib borayotgan davlatlardan biri sifatida eʼtirof etmoqda”.

Jurnalistlarning taʼkidlashicha, Germaniyaning Oʻzbekistonga qiziqishi ortib borayotgani ikki mamlakat tovar ayirboshlash hajmining jadal oʻsayotganida ham namoyon boʻlyapti. Eksport ham, import ham izchil surʼatlarda oshayotir.

“...Oʻzbekiston katta salohiyatga ega, — deydi “Deutsche Welle”. — Respublika aholi soni boʻyicha Markaziy Osiyoda birinchi oʻrinni egallab, taraqqiy topgan sanoatga, boy tabiiy resurslar hamda malakali ishchi kuchiga ega. Mamlakatda faoliyat yuritayotgan erkin iqtisodiy zonalarda imtiyozli soliq va bojxona tartibi oʻrnatilgan”.

“Nordkurier” gazetasida chop etilgan maqolada respublikamiz soʻnggi vaqtda germaniyalik sayyohlar uchun nihoyatda qiziqarli va jozibador oʻlkaga aylanib borayotgani eʼtirof etiladi. Yaqinda davlat rahbari tomonidan “Oʻzbekiston Respublikasida turizmni jadal rivojlantirishga oid qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi Farmon hamda “Turizm tarmogʻini jadal rivojlantirishga oid chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qaror imzolangani mamlakatda sayyohlik sohasida olib borilayotgan oʻzgarishlarni sifat jihatidan yangi bosqichga koʻtardi. Ushbu hujjatlar Oʻzbekistonda turizm jabhasida salmoqli oʻzgarishlarni koʻzda tutadi. Jumladan, viza tartibi yanada yengillashtirilayotir, sayyohlar va tadbirkorlarga qoʻshimcha qulayliklar yaratilmoqda, koʻplab cheklov hamda taqiqlar bekor qilinyapti.

Nemis sharhlovchilari Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan Oʻzbekistonga sayohat maqsadida tashrif buyuruvchi Germaniya fuqarolari uchun 30 kunga vizasiz rejim joriy etilishini “ikki tomonlama munosabatlarda fundamental burilish yasaydigan” qarorlardan biri sifatida qayd etadi. Natijada nemis davlatidan Oʻzbekistonga keladigan sayyohlar oqimi keskin ortishi kutilmoqda. Bu pirovardida oʻzbek iqtisodiyotining rivojlanishiga, sayyohlik infratuzilmasi takomillashishi hamda xizmatlar soni va sifati yuksalishiga asos boʻladi.

Oʻz navbatida, “Westfalische Nachrichten” gazetasi Oʻzbekistondagi islohotlar “ortga qaytmas” xususiyatga egaligini alohida taʼkidlaydi. Respublika erkin bozor iqtisodiyoti hamda huquqiy davlat tamoyillari tarafdori ekanligini amalda namoyon qilmoqda. Viza tartibining soddalashtirilishi, soliq, bojxona va moliya tizimi liberallashuvi, yerga mulk shaklining joriy qilinishi, koʻplab cheklovlarning bartaraf etilishi — bularning barchasi mamlakat uzoq muddatga moʻljallangan islohotlarni boshlaganini koʻrsatmoqda.

Sharhlovchilarning fikricha, qisqa muddatda Oʻzbekiston turizmni rivojlantirish, chet ellik hamkorlar bilan siyosiy, savdo-iqtisodiy, ilmiy-gumanitar aloqalarni kengaytirish boʻyicha katta yutuqlarga erishdi. Endilikda respublika barqaror iqtisodiy oʻsish davrini boshlab, amalga oshirilgan islohotlar oʻz mahsulini berayotir.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?