Nemis OAVda GFR Prezidentining Oʻzbekistonga tashrifi haqidagi xabar qanday kutib olindi?

18:03 27 May 2019 Jamiyat
265 0

Nemis ommaviy axborot vositalarida Germaniya Federativ Respublikasi Prezidenti Frank-Valter Shtaynmayerning 2019-yil 27-29-may kunlari Oʻzbekistonga rasmiy tashrifi keng muhokama qilinyapti.

Xususan, Bundesdeutsche Zeitung gazetasida shu haqda maqola eʼlon qilindi. Unda Oʻzbekistonga rasmiy tashrif davomida Prezident F.-V.Shtaynmayerga biznes doira va madaniyat muassasalari vakillari hamrohlik qilishi aytiladi. Mehmonlar savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy va madaniy-gumanitar sohalardagi oʻzaro aloqalar istiqbollari hamda imkoniyatlarni oʻrganishni maqsad qilgan.

Materialda Oʻzbekistonda 2016-yildan boshlab mamlakat iqtisodiyotining barcha sektorlarida liberallashuv boshlangani taʼkidlangan. “Xususiy sektor uchun ishbilarmonlik muhiti sezilarli yaxshilandi. Yangi qonunlar huquqiy bazani optimallashtirmoqda va byurokratiyani qisqartiryapti, — deya “Germany Trade & Invest” (GTAI) agentligining Markaziy Osiyo boʻyicha eksperti Uve Shtrobaxning soʻzlarini keltirib oʻtadi nashr. — Oʻzbekiston shiddatli surʼatlarda oʻz iqtisodiy islohotlarini olib bormoqda. Tovarlar xaridi va bojxona rasmiylashtiruvi tartib-taomillari soddalashtirildi. Xususiy biznes uchun koʻplab sohalar ochildi. Tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirish yoʻlidagi koʻp sonli litsenziyalar va ruxsatnomalar bekor qilindi. Savdo bitimlari(yoki kelishuvlari) uchun byurokratik tartib-taomillar eksport va import litsenziyalarini qisqartirish evaziga tartibga solindi”.

Maqola muallifi Oʻzbekistondagi tadrijiy islohotlar yoʻli xorij mamlakatlari bilan ishbilarmonlik munosabatlarini kengaytirish uchun yaxshi poydevor taqdim etishiga urgʻu beradi. 2018-2020-yillarga moʻljallangan tarmoq dasturlari oʻz ichiga umumiy qiymati 30 milliard dollardan ziyod boʻlgan loyihalarni qamrab oladi. Nemis kompaniyalariga barcha tarmoqlarda rejalashtirilayotgan loyihalarda oʻz vaqtida ishtirok etish tavsiya qilingan.

dpa-AFX agentligi, Handelsblatt nashri, Finanznachrichten.de, Wallstreet-Online.de, Boerse.de portallari oʻz resurslarida Germaniya Federal Prezidenti rasmiy tashrifi chogʻida 2016-yil ushbu lavozimga kirishgan Oʻzbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevni qoʻllab-quvvatlashini namoyish etishni istayotgani haqida xabar bergan.

Nemis jurnalistlari Shavkat Mirziyoyev joriy yilning yanvar oyida Berlinda rasmiy tashrif bilan boʻlgani, uni Frank-Valter Shtaynmayer uni Belvyu saroyida yuksak ehtirom bilan kutib olgani haqida toʻxtalib oʻtishdi.

“Oʻzbekiston Prezidenti kansler Angela Merkel bilan ham uchrashdi. Ekspertlarning qayd etishlaricha, bunday tezkor javob tashrifi uncha odatiy boʻlmagan amaliyot hisoblanadi va Oʻzbekistondagi islohotlar yoʻli qoʻllab-quvvatlanayotganidan darak berib turibdi”, deya eʼtirof etishgan Germaniya OAV vakillari.

Frank-Valter Shtaynmayer Toshkent shahrida fuqarolik jamiyati va ziyolilar vakillari bilan uchrashishni xohlayotgani ham xabar qilingan. Tashrif yakunida turli jabhalarda hamkorlik qilishga oid kelishuvlar imzolanishi kutilyapti.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?