“Neksiya-3” avtomobilini oʻz vaqtida ololmagan fuqaroga 38 mln soʻm puli qaytarildi

18:08 10 May 2019 Jamiyat
662 0

Olot tumani Denov MFY Olmazor qishlogʻida istiqomat qiluvchi Oʻtkir Azimov yaxshi niyat bilan Buxoro shahridagi “Umid” avtolizing tashkilotiga “Nexia-3” yevro 2-pozitsiya avtomashinasi uchun shartnoma asosida pul toʻlaydi. Naqd 38 000 000 (oʻttiz sakkiz million) soʻmni hech qanday eʼtirozlarsiz, oʻz vaqtida topshiradi va avtoulov kelishini kutadi.

Buni qarangki, na avtomobildan darak bor, na shartnomadagi vaʼda berilgan shartlardan. Natijada isteʼmolchi Oʻtkir Azimov fuqarolik huquqlari poymol etilganini tushunib yetadi, hamda shartnomani bekor qiladi. Biroq “Umid” avtolizing tashkiloti 38 000 000 (oʻttiz sakkiz million) soʻm pulni qaytarishni paysalga solib keladi.

Sabr kosasi toʻlgan xaridor, toʻlagan barcha pulini qaytarib olishda amaliy yordam soʻrab, Oʻzbekiston isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasi “Ishonch telefoni” 1091 ga murojaat qiladi.

Federatsiya mutaxassislari vaziyatni oʻrganib chiqishdi. Har ikki tomon bilan yaqindan muloqotda boʻlib, ularga “Isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish toʻgʻrisida” gi qonun haqida tushuntirish berildi.

Oqibatda, Oʻtkir Azimov tomonidan toʻlangan 38 000 000 (oʻttiz sakkiz million) soʻm pul mablagʻi toʻliq qaytarildi. “Umid” avtolizing tashkilotiga esa kamchiliklarni bartaraf etish boʻyicha qonun doirasida dalolatnoma tuzildi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?