Neymar yutqazdi va “Barselona”ga 6,7 million yevro toʻlaydigan boʻldi

20:42 20 Iyun 2020 Sport
518 0

Foto: РИА Новости

Braziliyalik futbol yulduzi Neymarning sudga “Barselona”dan pul undirib berish haqida qilgan davolari rad etildi. Sud, aksincha, Neymar “Barselona”ga 6.7 million yevro (7.53 million dollar) miqdorida mablagʻni qaytarib berishi kerakligi haqida hukm chiqardi.

Neymar 2017-yilda rekord miqdordagi summa 222 million dollar evaziga PSJ jamoasiga oʻtganidan keyin oʻzining sobiq jamoasi “Barselona”ni sudga bergan va undan 43.6 million yevro pul talab qilgandi. Lekin sud braziliyalik forvardning davolarini rad etdi hamda “Barselona” foydasiga hukm chiqardi. Endi u besh kun ichida sudga apellyatsiya berishi mumkin.

Neymar “Barselona” tarkibiga 2013-yilda qoʻshilgandi. U 2016-yilda jamoa bilan yangi besh yillik shartnoma imzolagan. Ushbu shartnomada 43.6 million yevro miqdordagi mukofot puli toʻlanishi kelishilgan va uning 14 millioni oldindan toʻlangan. Qolgan 29 million yevro 2017-yilning avgustida toʻlanishi kerak edi. Ammo 2017-yilning 3-avgustida Neymar “Barselona”ni tark etdi.

Shundan keyin “Barselona” Neymarga shartnomasi buzilgani va qolgan mablagʻni toʻlamasligini aytgan. Oʻz navbatida “Barselona” ham Neymar ustidan sudga davo qilib, oldindan toʻlangan 14 million yevroning qaytarilishini va zararlar uchun yana 8.5 million yevro toʻlashini soʻragan.

«Sudning hukmiga binoan Neymarning 43.6 million yevroni undirish haqidagi davosi toʻlaligicha rad etildi va Barselona foydasiga qaror chiqarildi. Endi futbolchi Barselona jamoasiga 6.7 million yevro qaytarishi kerak» deya xabar bergan “Barselona” klubi.

“Barselona” va Neymar oʻrtasidagi moliyaviy kelishmovchiliklarga qaramay futbolchi va klubning ikkovi ham qayta birlashish istagida. Hatto oʻtgan yili Barselona PSJ bilan Neymar borasida muzokaralar olib borgandi. Lekin unda kelishuvga erishilmadi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?