Nega Toshkent viloyatida oqova suvlar biologik, kimyoviy va mexanik tozalashdan oʻtkazilmayapti. Buning sababi nimada?

23:21 12 Mart 2019 Jamiyat
150 0

Illyustrativ foto

Oliy Majlis Senatining Agrar, suv xoʻjaligi masalalari va ekologiya qoʻmitasi aʼzolari tomonidan “Suv va suvdan foydalanish toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunining suv obyektlariga oqova suvlarni oqizishga yoʻl qoʻyish shartlariga oid qismi Toshkent viloyatida ijro etilishi oʻrganildi.

Natijalar bu borada olib borilayotgan tadbirlar qoniqarli emasligini koʻrsatmoqda. Sababi, Toshkent viloyati tuman va shaharlarida “Suvoqova” DUKning 9 ta tozalash inshooti mavjud. Ular 1953 — 1987 yillar oraligʻida ishga tushirilgan. Tabiiyki, maʼnan eskirgan, oʻz xizmat muddatini bir necha bor oʻtab boʻlgan asbob-uskunalar bilan ish sifatini oshirish mushkul.

Oʻrganish jarayonida viloyatdagi oqova suvlarni tozalash inshootlari bilan bogʻliq qator kamchiliklar aniqlandi. Jumladan, Prezidentimizning “Uy-joy kommunal xizmat koʻrsatish tizimini boshqarishni yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Farmonida suv taʼminoti va kanalizatsiya obyektlarini rivojlantirish, modernizatsiya va rekonstruksiya qilish Uy-joy kommunal xizmat koʻrsatish vazirligining asosiy vazifalaridan biri sifatida belgilanganligiga qaramay, viloyatda mazkur vazifaning ijrosi yetarlicha taʼminlanmagan. Sohada vujudga kelgan muammolarni bartaraf etish yuzasidan aniq choralar koʻrilmagan.

Xususan, viloyatning markazlashgan oqova suv tizimiga faqat abonentlarning 22 foizi ulangan boʻlib, Boʻka, Bekobod, Oqqoʻrgʻon, Quyi Chirchiq, Chinoz tumanlarida oqova suv tarmoqlari umuman mavjud emas.

Qoʻmitaning mazkur masalaga bagʻishlangan yigʻilishida soha mutaxassislari va masʼullari qatnashdi.

— Viloyatda faoliyat yuritayotgan suv tozalash inshootlarining aksariyatida asbob-uskunalar juda eskirgan, ayrimlari umuman faoliyat yuritmayotgan boʻlsa-da, yon-atrofda joylashgan inshootlardan oqova suv uchun mablagʻ undirish davom etilayotgani bizni juda hayron qoldirdi, — deydi qoʻmita raisi Bahodir Tojiyev. — Eng achinarlisi, ayrim inshootlarga kelib tushayotgan oqova suvlar biologik, kimyoviy va mexanik tozalashdan oʻtkazilmasdan, tarkibida koʻplab zaharli moddalar boʻlgani holda, viloyatdagi turli soylar, kanallar, daryolar va suv havzalariga oqizib yuborilmoqda. Ulardan, hattoki, fermer va dehqon xoʻjaliklari ekin maydonlarini sugʻorish, aholi esa ayrim maishiy ehtiyojlarini qondirish uchun foydalanmoqda.

Majlisda aytib oʻtilgan fikr-mulohazalar aniq misollar asosida tahlil qilinib, mutasaddi idoralarga yoʻl qoʻyilgan kamchiliklarga eʼtibor qaratish va mazkur sohadagi mansabdor shaxslarning masʼuliyatini oshirish yuzasidan keskin choralar koʻrish lozimligi uqtirildi. Jumladan, Uy-joy kommunal xizmat koʻrsatish vazirligi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi bilan birgalikda Toshkent viloyatidagi suv tozalash inshootlarini jihozlash boʻyicha investitsiya loyihalarini davlat-xususiy sheriklik shartlari asosida amalga oshirish uchun takliflar tayyorlashi hamda Vazirlar Mahkamasiga kiritishi belgilab olindi.

Munisxon Karimova (“Xalq soʻzi”).


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?