Nega Sirdaryoda 22,2 ming gektardan ziyod gʻoʻza maydonlariga qaytadan chigit ekildi?

14:34 27 Iyul 2019 Iqtisodiyot
249 0

2019-yil 26-iyul kuni Sirdaryo viloyati hokimligida Oliy Majlis Senati Agrar, suv xoʻjaligi masalalari va ekologiya qoʻmitasining hamda xalq deputatlari Sirdaryo viloyat Kengashining qoʻshma majlisi boʻlib oʻtdi. Unda viloyatda gʻoʻza maydonlarida agrotexnik tadbirlar samaradorligini oshirish yuzasidan amalga oshirilayotgan ishlar holati koʻrib chiqildi, deb xabar berdi yuqori palata matbuot xizmati.

Qoʻshma majlisda Qoʻmita aʼzolari, Vazirlar Mahkamasi, Qishloq xoʻjaligi vazirligi, Suv xoʻjaligi vazirligi, “Oʻzagrokimyohimoya” aksiyadorlik jamiyati vakillari, xalq deputatlari Sirdaryo viloyat Kengashi deputatlari, viloyat fermer xoʻjaliklari rahbarlari ishtirok etdi.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.M.Mirziyoyevning 2019-yil 21-iyunda Senatning yigirmanchi yalpi majlisida soʻzlagan nutqida belgilangan ustuvor vazifalarni amalga oshirish maqsadida joriy yilning 27–29-iyun kunlari Senatning Agrar, suv xoʻjaligi masalalari va ekologiya qoʻmitasi aʼzolari Sirdaryo viloyatida boʻlib, gʻoʻza maydonlarida agrotexnik tadbirlar samaradorligini oshirish yuzasidan amalga oshirilayotgan ishlar holatini oʻrgangan edi. Bu jarayonda aniqlangan kamchiliklar yuzasidan Qoʻmitaning tegishli qarori va tavsiyalari qabul qilinib, mutasaddilarga yetkazilgan edi. Oʻtgan bir oy mobaynida bu yoʻnalishda olib borilgan ishlar muhokamasi qoʻshma majlisning asosiy mavzusi boʻldi.

Tadbirda ushbu masala yuzasidan mutasaddi vazirlik va idora rahbarlarining hisobotlari eshitildi.

Taʼkidlanganidek, joriy yilda Sirdaryo viloyatidagi 811 ta fermer xoʻjaligida jami 73,9 ming gektar maydonga chigit ekilgan. Shundan 37,5 ming gektar viloyatdagi 4 ta paxta-toʻqimachilik klasteri hissasiga toʻgʻri keladi.

Paxtachilikda intensiv texnologiyalarni joriy qilish va hosildorlikni oshirish maqsadida viloyatdagi paxta maydonlarining qariyb 30 ming gektariga qoʻshqator usulida chigit ekilgan. Shuningdek, gʻoʻzani turli hasharotlardan himoya qilish maqsadida biologik usullardan keng foydalanilmoqda. Xususan, umumiy hisobda 36,4 ming gektarga biomahsulotlar bilan ishlov berilgan. Shunga qaramay, ishchi guruhlar tomonidan gʻoʻza maydonlari holati bevosita joyida oʻrganilganda tezlik bilan hal qilinishi lozim boʻlgan qator muammolar aniqlandi. Jumladan, viloyatda gʻoʻza rivoji 20–25 kunga orqada qolganligi aniqlandi.

Joriy yilning aprel–may oylaridagi surunkali yogʻingarchiliklar va havo xaroratining pasayishi oqibatida 22,2 ming gektardan ziyod gʻoʻza maydonlariga (umumiy gʻoʻza maydonining 30 foizi) qaytadan chigit ekildi.

Takroran chigit ekilgan maydonlarining 2 209 gektari (10 foizi) oʻz vaqtida sugʻorilmaganligi, qoʻshimcha oziqlantirilmaganligi, begona oʻtlardan tozalanmaganligi, kultivatsiya qilinmaganligi va turli xil zarakunandalarga qarshi profilaktik ishlov amalga oshirilmaganligi oqibatida rivojlanishdan orqada qolgan.

Hokimning ushbu yoʻnalishlarda amalga oshirilgan ishlar toʻgʻrisidagi hisobotida taʼkidlanganidek, bunday muammo va kamchiliklarni bartaraf etish maqsadida oʻtgan muddat davomida shoshilinch agrotexnik tadbirlar oʻtkazilgan. Eng avvalo, har bir gʻoʻza maydonlarining konturma-kontur gʻoʻza rivojlanish davrlari aniqlanib, ularni parvarishlash boʻyicha alohida yondashgan holda ekinning oʻsishi va rivojlanishini tezlashtirish maqsadida qator oralariga ishlov berilgan. Bunday ishlar dalaning sharoiti va oʻsimlikning holatidan kelib chiqib, kultivator-oʻgʻitlagichlarga toʻliq ishchi jihozlar oʻrnatilgan holda har bir sugʻorishlar orasida kamida 2-marta oʻtkazilgan.

Shu bilan bir qatorda gʻoʻzani qoʻshimcha oziqlantirishga alohida eʼtibor berilmoqda. Bunda har gektar maydonga kerakli miqdorda ammiakli selitra, ammofos va kaliyli oʻgʻit solingani taʼkidlab oʻtildi. Shuningdek, gʻoʻzani hasharotlardan himoya qilish maqsadida profilaktik, biologik va zarur hollarda kimyoviy ishlovlar uygʻunlashgan holda tashkil etilgani va boshqa zarur choralar koʻrilgani qayd etildi.

Qoʻshma majlisda viloyatda gʻoʻza maydonlarida agrotexnik tadbirlarni amalga oshirish boʻyicha aniq vazifalar belgilab olindi.

Kun tartibidagi koʻrib chiqilgan masala boʻyicha Oliy Majlis Senati Agrar, suv xoʻjaligi masalalari va ekologiya qoʻmitasining hamda xalq deputatlari Sirdaryo viloyat Kengashining qoʻshma qarori qabul qilindi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?