Nega poytaxtdagi oʻn ming soʻmlik kitob viloyatlarga uch-toʻrt barobar qimmatga yetib bormoqda?

14:44 10 Mart 2020 Jamiyat
403 0

Bugun yurtimizning barcha goʻshalarida dunyoning mashhur kitob xazinalari bilan bellasha oladigan kutubxonalar, yangidan-yangi kitob doʻkonlari foydalanishga topshirilayotgani maʼnaviy olamimizda beqiyos yangilanishlarni boshlab bermoqda. Endi zamonaviy xizmat turlaridan foydalanib, kitobga buyurtma berish va istagan nashrimizni sanoqli daqiqalarda qoʻlga olish imkoniyatiga egamiz.Hatto nogiron, koʻzi ojizlar ham Brayl alifbosida oʻqiladigan elektron nashrlar orqali dunyo fani va madaniyati durdonalaridan bahramand boʻlishlari mumkin.

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning “Kitob mahsulotlarini chop etish va tarqatish tizimini rivojlantirish, kitob mutolaasi va kitobxonlik madaniyatini oshirish hamda targʻibot qilish” borasidagi farmoyishi hayotimiz, tafakkurimiz va maʼnaviyatimiz uchun gʻoyat muhim dastur boʻlgandi. Shunday ulugʻvor vazifaga milliy adabiyotimiz va maʼnaviyatimizga tayangan holda yondashilib, ishchi guruhlarga dadil fikr va gʻoyalarni oʻrtaga tashlay oladigan, adabiyotimizni boshqa adabiyotlar bilan aloqasini tiklaydigan, kitobxonlarga yangi ijod namunalarini taqdim etadigan chinakam maʼrifat jonkuyarlari jalb etilgani maqsadga muvofiq. Haqiqatan, bugun farzandlarimiz kitobdan uzoqlashib boryapti. Internet va uning yangi tarmoqlari hissiyotlarini oʻzgartirib yuborayotgan bir paytda ularni mutolaaga qaytarish oson emas. Shu maʼnoda, bugungi kitoblarning sifati, targʻiboti va savdosini yaxshilash, kitobxonlik darajasini koʻtarish masalasida hal etilishi dolzarb boʻlgan muammolar koʻp.

Respublika miqyosda oliy oʻquv yurtlaridan tortib, maktablargacha oʻquv dasturlari, darslik va qoʻllanmalardan tashqari, qancha va qaysi mavzularda kitoblar, internet nashrlari bor? Chunki baʼzi axborot resurs markazlarida mumtoz yodgorliklardan boʻlgan “Qutadgʻu bilig”, “Devonu lugʻotit turk”, “Temur tuzuklari”,“Xamsa”, “Boburnoma”lar kam uchraydi. Alisher Navoiyning yigirma jilddan iborat asarlari bosilib chiqdi. Axir, bular nafaqat maktab kutubxonalari, balki har bir oʻzbek xonadonida boʻlishi, oʻqilishi muhim boʻlgan oltin xazinalar-ku! Dunyoda toʻrtta buyuk sarkarda boʻlsa, shundan bittasi Amir Temur bobomiz boʻladi. Bu muqaddas nomlar bilan bogʻliq ulugʻ kitoblarni qoʻya turing, hatto Abdulla Qodiriyning “Oʻtkan kunlar” romani har yuzta oʻquvchidan bir yoki ikkitasiga toʻgʻri kelayotganiga nima deysiz? Qodiriy bobomiz asarlari shuncha kam tirajda nashr etilayotgan ekan, boshqalarga yoʻl boʻlsin! Bularni oʻqimay turib, farzandlarimiz qanday vatanparvar boʻla oladi?!Xoʻsh, bugun biror taʼlim, tahsil va tarbiya maskanlaridan biror kitobga oʻn, yuz, minglab tirajda buyurtma tushayaptimi? Ochigʻi, olimlar, faylasuflar, ijodkorlar bilan ishlaydigan ayrim mutassaddi tashkilotlar allomalarni tugʻilgan kunlarini nishonlash, yubileylarini oʻtkazishdan nariga oʻtmayapti. Natijada, qanchadan-qancha shoir va yozuvchilarning kitoblari omborxonalarda uzoq vaqt turib qolyapti. Yoki qoʻlyozmalari kelajak avlodga vasiyatnoma sifatida turli nashriyotlarda sargʻayib yotibdi. Buni hisobini olib, hayotiy kuzatuvlar asosida noshirlarga tavsiyalar berilsa, kitobxonlarni kitobga nisbatan munosabati oʻzgaradi. Chunki baʼzilar hali saralab, farqlab, tanlab mutolaa qilish darajasiga yetib kelmagan. Ularni mubham nashrlar chohiga uloqtirishdan tiyilish lozim. Umuman, taʼlim maskanlaridagi kutubxonalarga turli yoʻllar bilan badiiy adabiyot niqobi ostida soxta va sayoz narsalarni kirib kelishiga yoʻl qoʻymaslik kerak.

Koʻpchilik biladi: hozir har xil saviyadagi nashrlar sotilyapti. Baʼzi xususiy nashriyotlar oʻz mahsulotlarini oʻtkazish uchun arzon narxlarda boʻlsa-da, talabgorlarni ushlab qolishga harakat qilyapti. Natijada, kitob rastalarini hashamatli, yaltiroq, badiiy asar darajasiga yetmagan insholar egallab olgan. Baʼzan bu joylardan oʻzing istagan birorta noyob kitobni qidirib topolmaysan. Yuksak kitoblar xaridorgir boʻlishi uchun albatta, sogʻlom bozor kerak. Nega nufuzli davlat nashriyotlari oʻz mahsulotlari taqdirini oʻzi holiga tashlab qoʻygan? Toʻgʻri, qanday va qaysi asarni oʻqish har kimning oʻta shaxsiy ishi. Birovni zoʻrlab bunga qiziqtirib boʻlmaydi. Lekin koʻzimizga surtib oʻqiydigan kitoblar yildan-yilga qadrsizlanib borayotganini qanday izohlash mumkin? Nazarimizda, kitobga, madaniyatga munosabatni tubdan oʻzgartirish uchun ziyoli oʻquvchilarni tarbiyalash kerak. Bu borada, yozuvchi va noshirlardan koʻra, ota-onalar va muallimlar birinchi oʻrinda turadi. Roʻy-rostini aytish kerak, hozir mamlakatimizning shahar va qishloqlarida pedagogika bilim yurtini bitirgan qanchadan-qancha mutaxassislar bekor yuribdi. Hech boʻlmasa, shu tayyor kadrlarni malakasini oshirib, kutubxona va kitob doʻkonlariga jalb etilsa, boʻlmaydimi? Bu maorif sohasining rivojiga ham katta hissa qoʻshadi.

Kitob savdosi masalasida ham noxolisliklar mavjud. Masalan, Toshkentdagi kitob doʻkonlarining oʻzida sotiladigan kitoblarning bahosi har xil. Birgina, Chorsu bozori atrofidagi kitob doʻkonlarning oʻzida kitoblar narxi farqlanadi. “Oʻzbekiston” nashriyoti matbaa ijodiy uyi tomonidan qayta-qayta nashr etilgan ustoz yozuvchi Saʼdulla Siyoyevning “Ahmad Yassaviy” kitobining bahosi nashriyot doʻkonida yigirma mingga yaqin. Uning atrofidagi kitob doʻkonlarda esa oʻttiz minggacha sotilyapti. Qashqadaryodagi kitobxonlardan aynan, shu kitob narxini bilib berishini soʻrganimizda, oʻttiz besh mingdan ortiq narxda sotilayotganini aytishdi. Poytaxtdagi oʻn ming soʻmlik kitob viloyatlarga uch-toʻrt barobar qimmatga yetib borayotgani rastalarda saviyasi yuksak kitoblarni sargʻayib yotishiga ham sabab boʻlmayaptimi? Ilgarilari kitoblarga davlat belgilab bergan bahosi boʻlgan. Kitob savdosi bilan shugʻullanadiganlar shu narxda nashriyot yoki kitob doʻkonlaridan sotib olgan. Kitob savdosiga keng yoʻl ochilgani kitob mahsulotlariga har kim oʻzi istagan narxni qoʻyib sotsin, degani emas. Holbuki, nashriyotlar qayta-qayta nashr qilayotgan kitoblar avvalgisidan arzonroq boʻlishi kerak. Koʻpchilik biladi: kitob yozish, uni nashr etish va kitobxonga yetkazish oson emas. Baʼzan bitta yaxshi asar yaratish uchun bir inson butun umrini sarflaydi. Uni chiroyli, sifatli qilib chiqarishda qogʻoz va matbaa xarajatlaridan tashqari, qancha bilagʻon noshirlarning mehnati ketadi. Nashriyot mahsulotlarining talab va bahosini xaridor belgilaydi. Ammo hozir kitob savdosidan koʻproq tadbirkorlar “foyda” koʻrayotgandek.Mana shu toʻrtlik – muallif, kitob, oʻquvchi va sotuvchi oʻrtasidagi uzilishni tiklash vaqti keldi, nazarimizda. Bugun badiiy yuksak kitob mahsulotlarini chop etish va tarqatish tizimini tubdan oʻzgartirishga ehtiyoj seziladi.

Adiba UMIROVA,

“Xalq soʻzi”

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?