“Nega oʻzimizning gazimizni oʻzimizga bermayapti?“ — “Oʻzbekneftgaz” OAVda tarqalgan savollarga javob berdi

14:48 28 Iyun 2019 Jamiyat
494 0

Bugun Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida Oʻzbekistonning neft-gaz siyosati muammolari va istiqbollari, shuningdek, aholini energiya manbalari bilan taʼminlash mavzusida brifing va jurnalistlar bilan ochiq muloqot boʻlib oʻtdi.

Tadbirda energetika sektorini tartibga solish, energoresurslarni qazib olish va ishlab chiqarish jarayonlariga xususiy sarmoyani jalb qilish, raqobatli biznes muhitni shakllantirishga koʻmaklashish uchun tarif siyosatini takomillashtirish masalalari boʻyicha maʼlumot berildi.

Jumladan, joriy yil oxirigacha “Oʻzbekneftgaz” AJ uchta alohida mustaqil kompaniyaga boʻlinishi, ulardan biri gaz va neft ishlab chiqarishga, neftni qayta ishlash zavodlarini boshqarishga, ikkinchisi neft quvurlarini boshqarishga, uchinchisi esa gazni taqsimlashni nazorat qilishga ixtisoslashishi maʼlum qilindi.

Amalga oshirilayotgan, rejalashtirilayotgan ishlar qatori sohada mavjud muammolar yuzasidan ham fikrlar bildirildi.

“Biz geologik qidiruv ishlarini oʻz vaqtida moliyalashtirish, zaxiralarimizni oʻstirishga yetarlicha eʼtibor bermayapmiz, — dedi “Oʻzbekneftgaz” AJ boshqaruv raisi Bahodir Siddiqov. — Shuni hisobiga bugun gaz qazib olishdagi muammolarga duch kelmoqdamiz. Eng asosiy muammo — hozirda konlarimiz juda qiyin ahvolda”.

Mutasaddilar shu kabi muammolar jamoatchilikda ham eʼtirozlar uygʻotayotganiga toʻxtalib oʻtdi.

“Juda koʻp tanqidlarga uchrayapmiz, ommaviy axborot vositalarida “Nega oʻzimizni gazimizni oʻzimizga bermayapti” degan savollarga toʻqnash kelyapmiz, — dedi Bahodir Siddiqov. — Bunda muhim jihat shundaki, gazni tabiiy va milliy boyligimiz boʻlish bilan birga, tovar (mahsulot) ekanini esdan chiqarib qoʻymasligimiz kerak. Yaqinda Osiyo taraqqiyot banki ekspertining maqolasi chiqdi, unda: “Energetika tizimida gazga tovar sifatida munosabat shakllanmasa, bu tizimda rivojlanish boʻlmaydi”, deb yozgan edi. Buni juda toʻgʻri fikr deb hisoblayman. Chunki biz gazdan foydalanganda energiya tejamkorligini, vaqtida hisob-kitob qilish kerakligini esdan chiqarib qoʻyyapmiz. Koʻp isteʼmolchilarimizda kranni burasak, gaz chiqib kelaveradi degan qarash singib qolgan”.

“Oʻzbekneftgaz” rahbari oʻz yechimini kutayotgan dolzarb masalalarni qayd etar ekan, ularni hal qilish ustida amalga oshirilayotgan islohotlar haqida toʻxtalib oʻtdi.

“Shu muammolarning oldini olish maqsadida avtomatlashtirilgan tizimni joriy etish boʻyicha katta muzokaralar olib borilmoqda, — dedi Bahodir Siddiqov. — Uch yil davomida respublikamizdagi barcha aholi qatlamini, isteʼmolchilarni avtomatlashtirilgan tizimga oʻtkazamiz. Bu shaffoflikni, isteʼmolchi va gaz yetkazib beruvchi oʻrtasidagi munosabatlarning ochiqligini taʼminlaydi. Oʻylaymanki, mazkur loyiha aholining gaz isteʼmolini ham tartibga soladi”.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?