Nega MTMlar faoliyatida sustkashlik mavjud?

09:42 23 Iyun 2020 Jamiyat
259 0

Toshkent viloyati hokimi Rustam Xolmatovning xususiy bogʻchalar mudiralari, davlat va xususiy sektor sherikchiligida tashkil etilgan MTMlar rahbar va mutasaddilari ishtirokida oʻtkazgan yana bir tadbiri tegishli sohadagilar tomonidan hali koʻp vaq eslab yuriladi. Chunki unda bugungi pandemiya sharoitidagi amal qilinishi lozim boʻlgan dolzarb vazifalar birma-bir tahlil qilindi.
 

— Maktabgacha taʼlim muassasalaridagi ishlar tizimli yoʻlga qoʻyilmagan, – deydi Rustam Xolmatov. — 22 ta tuman va shaharda faoliyat olib borayotgan bogʻchalardan birortasini ham oʻrnak qilib koʻrsata olmaymiz! Ayniqsa, bu borada Chinoz va Boʻka tumanlaridagi ishlar achinarlidir!

Yigʻilishda taʼkidlanishicha, 2018-2019-yillarda Davlat-xususiy sherikchilik asosidagi maktabgacha taʼlim muassasalari barpo etish uchun jami 32 ta loyiha moliyalashtirilishi koʻzda tutilgandi. Biroq, shu kungacha 20ta binoda qurilish ishlari tugallangan. Ikkita bogʻcha binosi yaqin orada foydalanishga topshiriladi. Qolgan 10 ta muassasada ayrim sabablarga koʻra bank krediti berish toʻxtatilgan.

Ulardan biri, Yuqori Chirchiq tumanidagi «Iyk Ota» MFYda joylashgan “Norboyeva Sevara Abdunazarovna” nodavlat taʼlim tashkiloti boʻlib, bank tomonidan tegishli mablagʻ ajratish muddati kechiktirilgani bois, qurilish jarayoni 87 foizga bajarilgan.

Viloyat rahbari oʻtkazgan tadbirda yana bi holat ochiqlandi.
 

Hozirda hududdagi mavjud 218 ming 888 nafar maktabgacha taʼlim yoshidagi kichkintoyning 114 ming 537 nafari yoki 52,3 foizi ilk taʼlim muassasalariga jalb etilmagan. Sababi joylarda yetarli sharoit yoʻq! Bu ish bilan muntazam shugʻullanuvchi tashkilot yoʻq!

Ana shunday oshkora tahlillar jarayonida, MTMlar olishi lozim boʻlgan 1 foizli, imtiyozli kreditlardan maqsadli foydalanishga ham jiddiy eʼtibor qaratildi.

Toshkent viloyat hokimligi Axborot xizmatining xabariga koʻra, tegishli mutasaddilarga haligacha foydalanishga topshirilmagan 32 ta loyiha yuzasidan qatʼiy topshiriqlar berildi.

—Shahar va tumanlardagi bogʻchalarga jiddiy eʼtibor qaratiladi. Kichkintoylarni sevimli maskanlarga jalb etish hududlardagi karantin cheklovlari tartib-qoidalariga qatʼiy amal qilgan holda bajariladi, — deya, fikrini davom ettirdi viloyat rahbari.

Bugungi kunda viloyatdagi 131 ta MFYda kichkintoylar uchun sevimli maskanlar bunyod etish lozim. Ana shu ehtiyojlardan kelib chiqib, joriy yil oxirigacha aholiga, davlat-xususiy sherikchiligida 138 ta, xususiy holatda esa 28 ta nodavlat MTM qurib berish belgilangan. Bu vazifalarning qanday uddalanishini 2020-yil yakuni koʻrsatadi.

Viloyatdagi MTMlar faoliyatiga faqatgina respublika komissiyasining xulosasiga koʻra, sariq va koʻk chiziqlar tortilgan hududlarda ruxsat beriladi.

Shodiyor MUTAHAROV,
“Xalq soʻzi”
Nozim Abdullo olgan suratlar.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?