Nega koʻrgan tushimizni eslashimiz bu qadar qiyin?

16:00 21 Iyun 2019 Jamiyat
380 0

Illyustrativ foto

Dunyoda tush koʻrmaydigan odam deyarli topilmaydi, ammo barchamiz koʻrgan tushlarimizni batafsil eslab qola olmaymiz. Buning sababi nimada? Tushni xotirada saqlab qolishga eng qulay vaqt - bu...

BBCda berilgan Stiven Daulingning maqolasi ushbu savolga javob boʻladi.

“Men 40 yil muqaddam maktabda boʻlgan bir voqea tafsilotlarini oqizmay-tomizmay aytib berishim mumkin, ammo mendan bu hafta qanday tush koʻrding, deb soʻrang - men oʻylanib qolaman.

Biz ertalab koʻrgan tushlarimizdan parchalarni eslay olishimiz mumkin. Hatto, tushini zavq bilan hikoya qilib bergan odam kechga tomon uni deyarli esdan chiqaradi.

Nega tush koʻramiz, tushlarni nega xotirlay olamiz yoki olmaymiz - buning ildizlari chuqur ongostimizda joylashgan.

Tush koʻrish jarayoni oldin tasavvur qilinganidan anchayin murakkabdir. Kunduzgi faoliyatdan dam oluvchi ayrim ongosti qismlarimiz tunda faol ishlay boshlaydi.

Tush koʻrishni, odatda, tezkor uyqu bosqichi bilan bogʻlaydilar. Ushbu bosqichda miya oʻz faoliyatini hali toʻliq yakunlamagan boʻladi.

Bu vaqtda nafas olish va yurak urishi tezligi oʻzgarishi mumkin, tana esa atoniya nomi bilan maʼlum falajga oʻxshash holatga tushadi.

Tezkor uyqu bosqichi 90 daqiqa davom etishi mumkin va aynan shu paytda biz tush koʻramiz.

Tezkor uyqu bosqichida miyaning asosiy qismlari qoʻshimcha qon ola boshlaydi.

Hali bu bosqichda uxlayotgan vaqtimiz hissiyotlar uchun javobgar qismlarda elektr faollik ortadi, hayotiy muhim qobiliyatlarimizga masʼul peshona qismlari esa, qaytanga, tinchlanadi.

Shu sababdan ham mazkur muddat davomida miyamizda kechadigan eng bemaʼni fikrlarni ham, shubhasiz, tahlil qila boshlaymiz.

Psixologiya fani professori Didra Barrettning soʻzlariga koʻra, tush tartibi qanchalik chalkash boʻlsa, uni yodda saqlab qolish shunchayin qiyin kechadi.

Uygʻongandan keyin tushning qancha qismi yodda qolishida inson xavf-xatarni koʻrganda ishlay boshlovchi noradrenalin gormoni katta rol oʻynaydi.

Uyqu vaqti noradrenalin darajasi odatdagidan pastroq boʻladi.

Lozanna Universitetidan tushlarni oʻrganuvchi shifokor Francheska Siklari uyqu va sergaklik oʻrtasida katta farq borligi bejiz emasligini aytadi.

Uning tushuntirishicha, agar biz har bir koʻrgan tushlarimiz tafsilotlarini yodda saqlay olganimizda, tushlarni haqiqiy hayot bilan chalkashtirib yuborgan boʻlar edik.

“Tushini yaxshi eslab, soʻng uni kunduzgi hayot bilan aralashtirib yuboradigan odamlar ham bor”, - deydi u.

Tush uyqu siklining aniq bir davrlarida koʻrilishi tasodif emas. Tushning yuzaga kelishiga tunda tanamiz boʻylab faollasha boshlaydigan kimyoviy moddalar taʼsir koʻrsatadi.

“Odatda, biz aniqroq tushlarni miyadagi noradrenalin darajasi pasayadigan tezkor uyqu bosqichida koʻramiz”, - izohlaydi Francheska Siklari.

Ayrim hollarda uygʻonishdan biroz avvalroq ham tush koʻrishimiz mumkin. Biroq uyqudan turiboq boshlaydigan ishlarimiz va oʻylaydigan fikrlarimiz ularni eslab qolishga xalaqit beradi.

Koʻp odamlar uygʻotkich ovozi taʼsirida uyqudan turadi. Bu ovoz noradrenalin darajasini keskin koʻtarib yuboradi va koʻrilgan tushlarni xotirlash qiyin kechadi.

Garvard Tibbiyot Maktabidan Robert Stikgold tez uyquga ketadigan, qattiq uxlaydigan va uygʻotkich ovozi bilan uygʻonadigan odamlar koʻrgan tushini yaxshi eslay olmasligi toʻgʻrisida soʻzlaydi.

Janob Stikgold chuqur uyqu bosqichiga kirishdan avval koʻrilgan tushlardan parchalarni koʻpchilik eslay olishini aytadi.

U bundan bir necha yil avval bu masala yuzasidan tadqiqot oʻtkazgan. Koʻngilli talabalar chuqur uyqu bosqichiga kirishi bilan uygʻotilgan va ular koʻrgan tushini bemalol eslab qolgan.

Agar koʻrgan tushingizni yodda saqlab qolishni istasangiz, nima qilmoq kerak? Olimlar odamlarning bari turlicha uxlashi va ularda uyqu bosqichlari xar hil kechishini taʼkidlaydi, lekin hamma uchun umumiy boʻlgan ayrim maslahatlar ham mavjud.

Osongina uygʻonib, oʻz ishlariga shart kirishib ketuvchi odamlar koʻrgan tushini eslab qola olmaydi, deydi janob Stikgold.

Uning fikricha, tushni xotirada saqlab qolishga eng qulay vaqt - bu hech narsa haqida qaygʻurmay, bamaylixotir uyquga ketiladigan dam olish kunlaridir.

Robert Stikgold uygʻongandan soʻng biroz vaqt koʻzni ham ochmay, xotirjam yotish va tunda koʻrganlarini eslab koʻrishga harakat qilishni tavsiya etadi.

Shuningdek, yana bir qancha samarali usullar mavjud, deydi u.

“Yotishdan oldin uchta katta stakanda suv (alkogol emas, chunki u tezkor uyqu bosqichini oʻtkazib yuboradi) iching. Shunda tun boʻyi uch yoki toʻrt marta uygʻonib ketasiz va har safar tezkor uyqu bosqichining tugashida turasiz”.

“Yana bir maslahat: yotishdan avval, shunchaki, tush koʻrish va ertalab uni eslab qolishni xohlashingizni oʻzingizga takrorlang. Bu ish beradi”, - deya kuladi u.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?