Nega koʻplab obidalarda bajarilgan koshin ishlari uch yilga bormasdan toʻkilib ketyapti?

20:35 24 Dekabr 2018 Madaniyat
502 0

Foto: Hasan Paydoyev/“Xalq soʻzi”

Madaniy merosimiz — milliy madaniyatimizning ajralmas qismi, ajdodlarimizning yuksak tafakkuri, noyob isteʼdodi va mashaqqatli mehnati mahsuli. Shunday ekan, koʻp asrlik tarixga ega ushbu bebaho xazinamizni asrab-avaylash, muhofaza qilish, ilmiy oʻrganish, mamlakatimiz, qolaversa, dunyo miqyosida keng targʻib qilish barchamizning burchimizdir. Zero, Bosh Qomusimizning 49-moddasida belgilanganidek, “Fuqarolar Oʻzbekiston xalqining tarixiy, maʼnaviy va madaniy merosini avaylab asrashga majburdirlar. Madaniyat yodgorliklari davlat muhofazasidadir”.

Maʼlumki, soʻnggi ikki yilda Prezidentimiz tashabbusi bilan Namangan viloyatida xorijiy tillarga ixtisoslashtirilgan Isʼhoqxon Ibrat nomidagi maktab-internati hamda muzeyi, Qarshi tumanida Abul-Muʼiyn an-Nasafiy ziyoratgohi, Surxondaryo viloyatida Abu Iso Muhammad at-Termiziy ziyoratgohi, Samarqandda Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi, Urganch shahrida 4 ming kishiga moʻljallangan Niyoz Muhammad Oxund bobo joʼme masjidi, Toshkent shahrida Suzuk ota masjidu maqbarasi majmuasi, Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf nomidagi masjid, avtomobil qatnoviga moʻljallangan ikkita ulkan koʻprik qurildi, shuningdek, “Tashkent City” majmuasini bunyod etish ishlari jadal suratda davom ettirilmoqda.

Bularning barchasi dunyo hamjamiyatidagi obroʻ-eʼtiborimizni yanada mustahkamlash, oʻsib kelayotgan barkamol avlodni ilmli, maʼrifatli, jasur va fidoyi qilib tarbiyalash, ajdodlarimiz barpo etgan madaniy yodgorliklarimizni ham asrab-avaylashga xizmat qiladi.

Tahlillarga koʻra, soʻnggi yillarda xalqimizning umummilliy boyligi hisoblangan madaniy meros obyektlarini muhofaza qilish borasida fundamental va amaliy tadqiqotlarni tashkil etishda fan hamda innovatsion texnologiyalar yutuqlaridan samarali foydalanmaslik holatlari kuzatilgan. Oqibatida loyihalash, restavratsiya-tiklash ishlarida yoʻl qoʻyilayotgan kamchiliklarni bartaraf etish, moddiy madaniy meros obyektlarini muhofaza qilish, ilmiy oʻrganish, ulardan oqilona foydalanish va yurtimizning sayyohlik salohiyatini oshirish, sohadagi davlat nazoratini zamon talablari asosida tashkil etishga ehtiyoj kuchaydi. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Moddiy madaniy meros obyektlarini muhofaza qilish sohasidagi faoliyatni tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarorining qabul qilinishini ayni shu zarurat bilan izohlash mumkin.

Davlat rahbari tomonidan shu yil 19 dekabr kuni imzolangan mazkur hujjat tufayli milliy madaniyatimiz takomilining ustuni hisoblangan moddiy merosimizni rivojlantirish yangi bir tarixiy bosqichga koʻtarildi.

Bugungi kunda respublikada 7476 ta moddiy madaniy meros obyekti mavjud. Shundan, 7123 tasi davlat mulki, 353 tasi xususiy mulk hisoblanadi. Jumladan, 4308 ta arxeologiya, 2079 ta arxitektura obyekti, 694 ta mahobatli sanʼat asari, 395 ta diqqatga sazovor joy bor. Milliy fondlarimizda esa 2,5 milliondan ziyod muzey ashyolari, 100 mingdan ortiq yozma asarlar saqlanadi.

Madaniyat vazirligi huzurida ushbu noyob merosimizni asrab-avaylab, kelajak avlodga bekamu koʻst yetkazish, ularni ilmiy tadqiq qilish, saqlash uchun masʼul muassasa — Madaniy meros obyektlarini muhofaza qilish va ulardan foydalanish ilmiy-ishlab chiqarish bosh boshqarma mavjud boʻlgan boʻlsa-da, uning ayni paytdagi faoliyatida jiddiy xatoliklar va muammolar borligi koʻzga tashlanib qoldi. Ochigʻini aytadigan boʻlsak, sohada boshqaruv tizimi izdan chiqqan edi. Achinarlisi, mavjud moddiy madaniy meros obyektlarining atigi 25 foiziga muhofaza belgisi oʻrnatilgan boʻlib, zarur hujjatlashtirish ishlari oʻz holiga tashlab qoʻyilgan. Hatto 5755 ta obyektning kadastr hujjatlari ham yoʻq. Boshqarma arxeologiya yoʻnalishida mutlaqo qoniqarsiz faoliyat olib borgan.

Davlatimiz rahbarining mazkur qarori bilan Oʻzbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi Madaniy meros obyektlarini muhofaza qilish va ulardan foydalanish ilmiy-ishlab chiqarish bosh boshqarmasi hamda uning mintaqalararo (mintaqaviy) davlat inspeksiyalari negizida Oʻzbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi huzurida Madaniy meros departamenti hamda uning Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar boshqarmalari tashkil etilmoqda. Departamentning asosiy vazifalaridan biri moddiy madaniy meros, jumladan, arxeologiya obyektlari, muzey ashyolari va kolleksiyalari hamda madaniy boyliklarni muhofaza qilish, ulardan foydalanishga oid qonun hujjatlariga rioya etilishi ustidan davlat nazoratini amalga oshirishdan iborat. Qarorga asosan, Departamentning vakolatlari kengaytirilib, moddiy madaniy meros, jumladan, arxeologiya obyektlarini muhofaza qilish va ulardan foydalanish sohasida yagona maxsus davlat muassasasi etib belgilandi. Uning qarorlari davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlari, mahalliy hokimliklar va fuqarolar tomonidan bajarilishi majburiy ekanligi va uning rahbari Madaniyat vazirining oʻrinbosari hisoblanishi yangi tizimning mavqei va masʼuliyati balandligini koʻrsatib turibdi.

Qarorda 4 ta boʻlim 21 ta banddan iborat “2019-2021 yillarda moddiy madaniy meros obyektlarini muhofaza qilish, asrash, ilmiy tadqiq etish, targʻib qilish va ulardan oqilona foydalanishni tubdan takomillashtirish boʻyicha “yoʻl xaritasi” ham tasdiqlangan. “Yoʻl xaritasi”da moddiy madaniy meros obyektlarini muhofaza qilish va ulardan foydalanish qoidalarini buzish va ularga shikast yetkazish boʻyicha javobgarlikni kuchaytirish, shuningdek, bunday obyektlarda qurilish, rekonstruksiya ishlarini amalga oshirish faoliyatini litsenziyalashni koʻzda tutuvchi qonun loyihalarini ishlab chiqish masalasi oʻz aksini topgan.

— Oʻzini quruvchiman deb, eʼlon qilgan odamlar taʼmirlash ishlari bilan shugʻullanib qoldi. Buning natijasida sifatsiz xizmat vujudga keldi, — deydi Toshkent arxitektura qurilish instituti kafedra mudiri, meʼmorchilik fanlari doktori, professor Muhammadjon Ahmedov. — Baʼzi joylarda obyektlarning dastlabki koʻrinishini oʻzboshimchalik bilan oʻzgartirishlar, uzoqqa yetmaydigan taʼmirlashlar amalga oshirilishi sababli koʻplab obidalarda bajarilgan koshin ishlari uch yilga bormasdan toʻkilib ketyapti. Bunday holatlar mutaxassislar tomonidan laboratoriya tadqiqotlari oʻtkazilmaganligi bois sodir etilgan. Mazkur qarorga asosan taʼmirlash ishlari bilan maxsus tayyorlangan mutaxassislar, litsenziyaga ega boʻlgan muassasalar shugʻullanishi belgilab qoʻyildi.

Qarorda yana bir muhim vazifa Departament qoshida doimiy ravishda faoliyat olib boradigan tarix, meʼmorchilik, moddiy madaniy meros sohasida ilmiy, amaliy tajribaga ega boʻlgan 11 nafar olim va yuqori malakali mutaxassisdan iborat Ilmiy-ekspert kengash tuzilishi, kengash aʼzolariga davlat sud ekspertlari kabi qonun hujjatlarida belgilangan vakolat berilishi taʼkidlangan. Shuningdek, moddiy madaniy meros obyektlarida qurilish va restavratsiya ishlarini olib borish hamda ilmiy-texnik tadqiqotlar oʻtkazish faqatgina Ilmiy-ekspert kengashi xulosasi asosida amalga oshiriladi.

Yana bir muhim jihat: endilikda madaniy meros obyektlarining nazorati bilan har bir mahallaning faol fuqarolari ichidan ixtiyoriylik va tanlov asosida saylanadigan jamoatchilik inspektorlari ham shugʻullanadi. Ularning soni 8 ming nafardan oshiq boʻladi.

Mazkur qarorga asosan Departamentning byudjetdan tashqari Madaniy meros jamgʻarmasi tashkil etilishi, uning mablagʻlari moddiy madaniy meros obyektlarini muhofaza qilish va asrashga, davlat kadastri, arxeologiya ashyolari va milliy muzey fondining davlat kataloglarini yuritish, ilmiy-texnik tadqiqot va arxeologiya obyektlarida qazishma ishlarini olib borish hamda keng targʻib etish kabi maqsadlarga yoʻnaltiriladi. Binobarin, jamgʻarma mablagʻlari Departament va hududiy boshqarmalarning moddiy-texnika bazasini mustahkamlash, Ilmiy-ekspert kengash aʼzolari va xodimlarni moddiy ragʻbatlantirish, elektron xizmatlarni rivojlantirish, xorijiy mutaxassislarni jalb etishga sarflanadi.

Hujjatga muvofiq, Buxoro davlat badiiy-meʼmoriy muzey-qoʻriqxonasi, Samarqand davlat birlashgan tarixiy-meʼmoriy va badiiy muzey-qoʻriqxonasi, Xivadagi “Ichan qalʼa” davlat muzey-qoʻriqxonalari “Buxoro”, “Samarqand”, “Ichan qalʼa” davlat muzey-qoʻriqxonalariga aylantiriladi. Shuningdek, Navoiy, Qashqadaryo, Surxondaryo va Fargʻona viloyatlarida tegishlicha “Sarmishsoy”, “Shahrisabz”, “Termiz” va “Qoʻqon” davlat muzey-qoʻriqxonalari tashkil etiladi. YUNЕSKOning Umumjahon merosi roʻyxatiga kiritilgan respublikadagi hududlarda qurilish va obodonlashtirish ishlarining loyihalari Departament hamda YUNЕSKOning Umumjahon merosi markazi bilan majburiy tartibda kelishilgan holda amalga oshiriladi.

Endigi vazifa — oddiy fuqarodan tortib, rahbarlargacha barcha-barchamiz milliy davlatchiligimizning asosi va poydevori boʻlgan moziy haqiqatlari yaʼni madaniy merosimizni asrab-avaylashni oʻz shaxsiy faoliyatimizda va amaliy ishlarimizda namoyish etishdir.
Azamat HAYDAROV,
Respublika madaniyat muassasalari faoliyatini
tashkil etish ilmiy-metodik markazi direktori, professor.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?