Nega yoʻllarimiz tirband va haydovchilarimizning oʻzaro munosabatida hurmatsizlik koʻp?

16:48 18 Iyul 2019 Jamiyat
318 0

Foto: "Xalq so'zi"

- Baqiraverib xunob qilding, salon toʻldi haydasangchi, oftobda jizgʻanak boʻlyapmiz, - deydi qoʻlidagi paketini zoʻrgʻa koʻtarib avtobusga chiqayotgan onaxon norozi ohangda konduktor bolaga.

- “Plan“ni kim toʻldiradi opa, deydi haydovchi konduktor bolaning tarafini olib...

- Sartepo-Shoʻrboicha yoʻnalishi boʻylab qatnayman deydi, - 122-marshrut avtobusi haydovchisi Xayrullo Hamidov. – Kunlik belgilangan kassa rejam 350 ming soʻm. Marshrut boʻyicha belgilangan vaqt bir soat. Koʻp hollarda 10-minutgacha kechikib ketaman. Nega? Tirbandlik. Yengil avtomashinalarning bekatlarni band qilib toʻxtashi, sariq rangli taksilar esa yoʻlning istagan joyiga toʻxtab yoʻlovchilar bilan savdolashishi. Bu holatdan norozi boʻlib gapirsangiz, yoqangizdan oladi. Nima emish, “Kutib turasan. Men ham rejamni bajarishim kerak”. Rejani bajarish, yoʻlning oʻrtasida toʻxtab, yoʻlovchi mindirish degani emasku? Soʻnggi paytlarda asabimni buzmay deya, eʼtibor ham bermay qoʻydim. Lekin...

- Aka, mana bu tramvay yoʻlida katta tezlikda kelayotgan yoʻnalishli avtobusni suratga oling, - deydi sariq rangli, eshigiga “Terminal lyuks” MCHJ logotipi yozilgan neksiya mashinasi haydovchisi Feruz Murodov. Bilasizmi u nega bunday qilyapti? Sababi, u oʻzidan oldinda ketayotgan avtobusni quvib oʻtmoqchi. Sinchkovlik bilan eʼtibor bering, hozir mana shu ikki avtobus haydovchilari bir-biri bilan yoqa-musht boʻladi. Oʻrtada yoʻlovchilar sarson... – Aka, men shanba yakshanba kunlaridan tashqari kuniga 40 ming soʻmdan kassa topshiraman. Koʻrib turibsiz, shaharda transport koʻp, legal, yaʼni qonuniy transport xizmati koʻrsatayotgan taksilar yetarlidek, nazarimda. Ammo, chekka qishloq va tumanlardan ertalab shaharga kirib kelayotgan yengil avtomashinalarning koʻpchiligi kun boʻyi shahar ichida kira qiladi. Kechasi shahar nafas olganday boʻladi. Chunki tumanlardan kelgan nolegal taksilar oʻz manzillari qaytib ketadi-da...

-Sartepo-Vokzal boʻylab harakatlanaman, - deydi 1-yoʻnalish marshruti tramvay haydovchisi Abbos Turdiyev. Grafik boʻyicha manzilga 22 minutda borishim shart. Yoʻlovchilar norozi. Men esa bu talabni bajara olmayapman. Nega? Chunki, yoʻlimni goh yoʻnalishli avtobus, goh yoʻnalishsiz taksilar, goh shaxsiy transport vositalari toʻsib qoʻymoqda. Nazarimda transport juda koʻpayib ketdi. Shahar yoʻllari esa torlik qilyapti. 30 minutgacha manzilimga kechikib boryapman. Bu ketishda nima boʻladi, hayronman.

-Bu haydovchilar umuman bir-birini hurmat qilmaydi, - deydi piyodalar yoʻlagidan oʻtmoqchi boʻlayotgan Boynazar Norboyev ismli kishi suratga olayotganimni koʻrib. – Qarang, biri hali yashil chiroq yonmasdan harakatlanib joʻnavorsa, ikkinchisi tinmay oldindagi mashinaga sirena chaladi. Dunyoda eng yomon koʻradiganim, asossiz mashina sirenasini chalib, jamoatchilikda nafrat uygʻotayotgan haydovchi. Men koʻp davlatlarda boʻlganman. Birgina Rossiyani olaylik, xudo koʻrsatmasinu-u yerda mashinangiz signalini sal nooʻrin chalib yuborsangiz haydovchilar darhol sizga eʼtiroz bildirishadi, kerak boʻlsa gai xodimlari tomonidan qatʼiy jarimaga ham tortilasiz. Bizda oʻz-oʻzini hurmat qilish odobi, yaʼni haydovchilik odobi shakllantirilishi kerak.

-Yoʻlovchi tashish transportida yuz berayotgan noxush manzaralar viloyatimiz aholisining haqli eʼtirozlariga sabab boʻlayotgani bor gap, - deydi Oʻzbekiston transport vazirligi, Samarqand viloyati transport boshqarmasi boshligʻi Inatilla Hamrayev. - Bundan koʻz yumib boʻlmaydi. Mana masalan, Yevropa davlatlarida taksiga oʻtirsangiz koʻnglingiz yayraydi. Toza, ozoda. Haydovchining muomalasi, saviyasi yuqori. Qarang, bugun birgina Samarqand shahrining oʻzida 3500 ta yoʻnalishli taksi. Avtobuslar harakatlanishi ogʻir kechyapti. Tirbandlik. Grafikdan kechikib boryapti. Tunov kuni oʻzim monitoring qilish maqsadida Sartepodan, Ulugʻbekka avtobusda bordim. Avtobus, roppa-rosa 22 minut grafikdan kechikib bordi. Qancha targʻibot oʻtkazmaylik, bu muammolarga yechim topishga ojizlik qilyapmiz. Nazarimda odamlarning huquqiy ongi shakllanmas ekan, maqsadga erishishimiz mushkul.

Xullas, Samarqand shahri koʻchalaridagi tirbandlikni, yoʻnalishli avtobuslar, tegishli litsenziyaga ega yoʻnalishsiz taksilar yuzaga keltiryapti deb oʻylasangiz xato qilgan boʻlasiz. Negaki, nolegal taksi faoliyati bilan shugʻullanayotganlar soni kun sayin ortib borayotganining oʻziyoq fikrimizni tasdiqlaydi. Masalan, shu yilning 8-15-iyul kunlari Samarqand viloyat transport boshqarmasi inspektorlari hamda Samarqand viloyat IIB Yoʻl Harakati Xavfsizligi Boshqarmasi xodimlari bilan hamkorlikda oʻtkazilgan qoʻshma reyd davomida Samarqand viloyatida 192 nafar yoʻlovchi tashish faoliyati bilan shugʻullanayotgan haydovchilarga nisbatan maʼmuriy bayonnoma rasmiylashtirilib, qonuniy choralar koʻrish uchun tegishli sudlarga yuborildi.

Jumladan 8-iyul kuni Tayloq tumanida 26 nafar, 9-iyul kuni Samarqand shahrida 25 nafar, 10-iyul kuni Jomboy tumanida 25 nafar, 11-iyul kuni Oqdaryo tumanida 16 nafar Samaqrand tumanida 1 nafar Samarqand shahrida 9 nafar, 12-iyul kuni Qoʻshrabot tumanida 20 nafar, 13-iyul kuni Bulungʻur tumanida 20 nafar, 14-iyul kuni Pastdargʻom tumanida 4 nafar Nurobod tumanida 12 nafar, 15-iyul kuni Pastdargʻom tumanida 28 nafar noqonuniy yoʻlovchi tashish bilan shugʻullanish holatlari aniqlanib, ularga nisbatan MJtKning 176.3-moddasi bilan maʼmuriy bayonnomalar rasmiylashtirilgan. 16-iyul kuni esa shahar va tumanlarda yoʻnalishsiz taksi va avtobuslarning texnik, transport vositalarining sanitariya holati, haydovchilarning yulovchilarga nisbatan muomalasi, kiyinish odobi, avtobuslar oraliq bekatlarda asossiz ravishda uzoq vaqt davomida toʻxtab turishlari, yoʻlovchi tashish transportlari bir-birini quvib oʻtish qoidalarini buzish holatlarini oldini olish boʻyicha viloyat transport boshqarmasini targʻibot va tashviqot ishlari olib borildi va qoidalarni buzgan haydovchilarga nisbatan litsenziya talablari va shartlari boʻyicha dalolatnomalar rasmiylashtirilib, korxonalarga tegishli transport vositalariga berilgan litsenziya varaqalari 10 (oʻn) ish kuniga toʻxtatish choralari koʻrilmoqda.

Shu maʼnoda, 15-iyul kuni viloyat hokimligi majlislar zalida oʻtkazilgan yigʻilishda shahar jamoat transporti masalalari ham qizgʻin muhokama etildi. Transport boshqarmasi va boshqa masʼul rahbarlarga shahar ichida harakatlanayotgan avtobus va taksilar oʻrtasida targʻibot-tashviqot ishlarini kuchaytirish vazifasi qatʼiy topshirildi. Mavjud muammolar qisqa muddatlar ichida hal etilishi belgilab berildi. - Tez kunlarda Samarqand shahrida anʼanaga aylangan “Sharq taronalari” festivali boshlanadi, - dedi viloyat hokimi Erkinjon Turdimov. – Xoʻsh bugun aholimiz transport xizmatidan qoniqyaptimi! Biz oʻzimiz rahbar boʻlib eslolmaymiz, qachon jamoat transportiga oʻtirganimizni. Ertaga dunyoning turli burchaklaridan festivalga keladigan mehmonlar bizning jamoat transportimizga oʻtirib ijirgʻanmasligi kerak! Buning uchun barchamiz bir yoqadan bosh chiqarib harakat qilishimiz shart.

Umid SORIYEV, “Xalq soʻzi“.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?