Neft mahsulotlari ishlab chiqaruvchi yashirin sex fosh etildi

18:39 05 Dekabr 2018 Jamiyat
1002 0

Illyustrativ foto

Yurtimizda neft va neft mahsulotlariga boʻlgan ehtiyoj tobora oshib borayotgan bir davrda, xalqning rizqini kesib, oʻz nafsini qondirish maqsadida borini ham talon-taroj qilayotganlarning bunday xatti-harakati hech qanday quyushqonga sigʻmaydi. Fuqarolar Furqat Fayziyev, Xalimjon Matxoliqov va Qayumjon Boqiyevlar ham shundaylar toifasidan boʻlib chiqdi. Ular “Andijonneft” AJda liniya nazoratchisi Zoirjon Mamatqulovni pul bilan boshini aylantirib, 1 mln. soʻm evaziga undan qattiq sir tutiladigan “Andijon-Asaka-FNQIZ” neft quvuri liniyasi qayerdan oʻtganini bilib olishadi.

Shundan soʻng, huquqbuzarlar Quva tumani Bahor MFY hududidan oqib oʻtadigan qora oltinni oʻgʻirlash boʻyicha reja tuzishga kirishadilar. Shu maqsadda Toshloq tumani Yakkavut MFY, Beruniy koʻchasi, 282-uyda yashovchi Nodirbek Meliboyev va Bobirbek Neʼmatovlar bilan jinoiy til biriktirib, ularning xonadonida neft mahsulotlarini ishlab chiqaradigan yashirin sexni tashkil qilish ishlarini boshlab yuboradilar. Maʼlumotlarga koʻra, oʻtgan vaqt mobaynida bu yerda qoʻlbola usulda metalldan tayyorlangan uskunada 1,120 litr neft xom ashyosini qaynatish orqali 490 litr mazut va 100 litr solyarka tayyorlangan.

Neftni qayta ishlash korxonalarida xavfsizlikni taʼminlashning oʻz tartib-qoidalari bor, chunki olov bilan oʻynashish yaxshilikka olib kelamaydi. Biroq, yashirin sexdagi ahvol koʻrib turganingizdek xavfsizlik qoidalariga umuman zid. Bu yerda istlagan mahalda jiddiy halokat yuz berishi va bundan nafaqat sexdagi ishchilar, balki qoʻshni xonadonda yashovchilarga ham katta talofat yetishi mumkin edi.

Yaxshiyamki, oramizda ziyrak va befarq boʻlmagan odamlar koʻp. Polietilen qoplarda oʻgʻirlanayotgan neftni tashish uchun ijaraga olingan transport vositasining egasi ushbu kimsalarning qingʻir ishlaridan xabar topgach, huquq-tartibot idoralariga murojaat qiladi.

Holat yuzasidan Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti Fargʻona viloyati boshqarmasi hamda DXX Fargʻona viloyat boshqarmasi xodimlari tomonidan tezkor tadbir oʻtkazilib, ushbu jinoiy guruhning noqonuniy faoliyati fosh etildi.

Huquqbuzarlar daliliy ashyolar bilan qoʻlga olindi. Hozirda ularga nisbatan OʻzR JKning tegishli moddalari bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?