Neft-gaz sohasida Oʻzbekiston va Ozarbayjon hamkorligi mustahkamlanmoqda 

17:51 11 Mart 2020 Iqtisodiyot
117 0

“Oʻzbekneftgaz” aksiyadorlik jamiyati boshqaruri raisi Mehriddin Abdullayev boshchiligidagi delegatsiya Ozarbayjonga tashrif buyurdi.

“Xalq soʻzi online”ga jamiyat matbuot xizmatidan xabar berilishicha, ushbu tashrifdan koʻzlangan asosiy maqsad Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev 2019-yilning oktyabr oyida Ozarbayjon Respublikasiga amalga oshirgan tashrifi doirasida oʻzaro manfaatli hamkorlikni kengaytirish boʻyicha erishilgan kelishuv va belgilangan vazifalarning izchil ijrosini taʼminlashdir. Xususan, delegatsiya “SOCAR” va “NIPI Neftegaz SOCAR” kompaniyalari bilan ikki tomonlama manfaatli hamda istiqbolli loyihalar yuzasidan hamkorlik masalalarini koʻrib chiqadi.

Tashrifning ilk kuni “Oʻzbekneftgaz” aksiyadorlik jamiyati delegatsiyasi aʼzolari “Azneft” kompaniyasining “Bibieybat” neft va gaz qazib olish boshqarmasida boʻlishdi va u yerdagi ishlarni koʻzdan kechirishdi. Shu kunning oʻzida “NIPI Neftegaz SOCAR” tajriba-sinov bazasidagi qilinayotgan ishlar bilan tanishildi.

Istiqbolli loyihalarni amalga oshirish yuzasidan oʻzaro uchrashuv ham boʻlib oʻtdi. “Oʻzbekneftgaz” AJ delegatsiyasi aʼzolarini “SOCAR” Ozarbayjon Respublikasi davlat neft kompaniyasi Prezidenti Rovnag Abdullayev va “SOCAR”ning geologiya va geofizika masalalari boʻyicha Vitse-prezident Bahrom Guseynov qabul qildi.

Suhbat davomida Orol dengizi hududida geologiya qidiruv ishlarini amalga oshirish, Gʻarbiy va Sharqiy Toshli, Shimoliy Shoʻrtan, Garmiston konlarini oʻzlashtirish boʻyicha hamkorlik masalalari muhokama qilindi.

“Oʻzbekneftgaz” AJ delegatsiyasining Ozarbayjondagi tashrifi davom etmoqda.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?