Nefrologiyaning dolzarb muammolari nimalardan iborat?!

22:14 14 Mart 2019 Jamiyat
314 0

Foto: Hakimjon Yoʻldoshev (“Xalq soʻzi”).

Oʻzbekiston mehmonxonasida 14-mart — Butunjahon buyrak kuni munosabati bilan Sogʻliqni saqlash vazirligi tomonidan “Nefrologiyaning dolzarb muammolari” mavzuida ilk xalqaro ilmiy-amaliy anjuman tashkil etildi.

Xalqaro anjumanda nefrologik kasalliklar profilaktikasi, ularga tashxis qoʻyish va davolashning yangi hamda samarali usullarini joriy etish, buyraklarni transplantatsiya qilish, buyrak patologiyasini barvaqt oldini olish kabi masalalar batafsil muhokama etildi.

Qizgʻin muhokamalar ruhida oʻtgan xalqaro anjuman mahalliy va xorijlik mutaxassislarning oʻzaro tajriba almashishida oʻziga xos maydon vazifasini oʻtadi.

Foto: Hakimjon Yoʻldoshev (“Xalq soʻzi”).

— Bu kun nafaqat tibbiyot xodimlari, balki barcha uchun juda muhim kun hisoblanadi, boisi nefrologiya sohasidagi dunyo boʻyicha keng uchrayotgan bir qator muammolar, dori-darmonlar ishlab chiqarish, buyrak koʻchirish singari ishlarni yanada rivojlantirish va tajriba almashish kabi masalalar koʻrib chiqildi, bu borada turli xorijiy professor doktorlar maʼruzalar oʻqidi. — deydi Buyuk britaniyalik professor Genri Xolden. — Men ushbu anjumanda nasldan-naslga oʻtadigan buyrak kasalliklari, ularning sababini aniqlash va davolash boʻyicha maʼruzalar oʻqidim. Shifokorlar bilan fikr almashdik, malakali doktorlar bilan birga tibbiy oliygoh talabalari bilan ham qiziqarli hamda dolzarb muhokamalar olib bordik. Kelgusida oʻzbekistonlik mutaxassislar bilan hamkorlikni yoʻlga qoʻyishni maqsad qildim.

Tadbirda vazirlik masʼullari, hududiy boshqarmalar, ixtisoslashtirilgan ilmiy-amaliy tibbiyot markazlari, tibbiy OTM vakillari bilan bir qatorda, Germaniya, Buyuk Britaniya, Rossiya, Turkiya va Ukraina kabi davlatlarning koʻplab soha mutaxassislari ham qatnashdi.

Yulduz Oʻrmonova (“Xalq soʻzi”).


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?