Xizmat vazifasiga sovuqqonlik bilan qaragan bosh shifokorga nisbatan qat’iy chora ko‘rildi

10:32 11 Iyul 2018 Jamiyat
354 0
Illyustrativ foto

Sog‘liqni saqlash tizimi har bir insonning kundalik hayotiga bevosita daxldor soha. Shu bois, tizimni tubdan isloh etish, aholiga ko‘rsatilayotgan tibbiy yordam sifati va samaradorligini yuksaltirishga alohida e’tibor qaratilmoqda.

Avvalo sohada boshqaruv va tashkiliy ishlar takomillashtirilmoqda. Xususan, o‘tgan qisqa vaqt davomida Sog‘liqni saqlash vazirligi, uning quyi bo‘g‘inlari, respublika va hududlardagi tibbiyot muassasalarida rahbarlar almashinuvi ro‘y berdi. Hududlarga respublika tibbiyot muassasalaridan 134 nafar professor, fan doktorlari rahbar lavozimlarga tayinlandi. Tuman, shahar tibbiyot birlashmalari boshliqlari lavozimlariga viloyat davolash-profilaktika muassasalarida va tuman tibbiyot birlashmalarida faol ish olib borayotgan 183 nafar malakali kadrlar rahbar etib tayinlandi.

Ayni paytda, o‘z vazifasiga sovuqqonlik bilan qarayotgan, xalq roziligini bosh maqsad qilib qo‘ymay, ishda kamchiliklarga yo‘l qo‘yayotgan rahbarlarga keskin choralar ham ko‘rilmoqda. Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan Toshkent shahar nefrologiya shifoxonasi faoliyati o‘rganilganda, ayni shu kamchiliklarga yo‘l qo‘yilayotgani ma’lum bo‘ldi. Shu bois o‘z xizmat vazifasiga mas’uliyatsizlik bilan yondashgan Toshkent shahar nefrologiya shifoxonasi bosh shifokori A. Zufarov egallab turgan lavozimidan ozod etildi, deyiladi Sog‘liqni saqlash vazirligi Axborot xizmati xabarida.

Bugun rahbar kadrlarga qo‘yiladigan talab va ular yelkasidagi mas’uliyat har qachongidan ham ortmoqda. Davlatimiz rahbari ta’kidlanganidek, har bir davlat xizmatchisi har kuni o‘zining mehnati bilan egallab turgan lavozimiga loyiqligini isbotlashi shart. Ushbu talab barcha sohalar qatori tibbiyot tizimi boshqaruv organlari rahbarlari uchun ham daxldor. Bugungi kun talabiga javob bera olmagan rahbar esa xalqimizni rozi qilib, mamlakatimiz rivojiga hissa qo‘sha olmaydi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?