Nazarboyevning nabirasi Buyuk Britaniyadan siyosiy boshpana soʻradi

19:14 13 Fevral 2020 Dunyo
150 0

Fotо: ztb.kz

 

Qozogʻiston birinchi prezidenti va yetakchisi (elboshi) Nursulton Nazarboyevning nabirasi, 29 yoshli Oysulton Nazarboyev Buyuk Britaniya rasmiylaridan siyosiy boshpana soʻradi. Bu haqda KazTAG va Vlast.kz portallari Oysulton Rohatning “Facebook”dagi postiga tayanib xabar berdi, ushbu akkaunt aynan Nazarboyevga tegishli ekani aytiladi.

Oysulton oʻz qarorini Nazarboyevlar oilasi tomonidan oʻtkazilayotgan bosim bilan izohladi. Uning iddao etishicha, “Rossiya va Qozogʻiston hukumati oʻrtasidagi yuqori darajadagi korrupsiya” hamda “xalqdan oʻgʻirlangan milliardlab dollar haqida maʼlumot”ga ega.

Oysultonning soʻzlariga koʻra, “Nurbank” aksiyadori va Nazarboyevning sobiq kuyovi Rohat Aliyev “oʻldirilganidan” keyin onasi, prezidentning toʻngʻich qizi va Senat spikeri Darigʻa Nazarboyeva biznesmen hamda sobiq qaynotasi Qayrat Boʻronboyevga (445 mln dollarga egalik qiladi, Forbesʼning Qozogʻistondagi 50 nafar eng nufuzli tadbirkorlar roʻyxatida 8-oʻrinni egallaydi) qarshi “sahna orti urushini” boshladi.

“Hozirgi paytda oilam menga har tomonlama tazyiq oʻtkazishga harakat qilmoqda va men keskin choralar koʻrishga majbur boʻldim. Men Buyuk Britaniyadan siyosiy boshpana soʻradim”, — deb yozdi u. Oʻz postida Nazarboyev barcha tafsilotlarni Times gazetasiga intervyuda xabar qilishni rejalashtirganini qoʻshimcha qildi.

Oysulton Nazarboyev — 2015-yil fevral oyida Vena qamoqxonasida oʻlik holda topilgan tadbirkor Rohat Aliyev va Qozogʻiston sobiq prezidentining toʻngʻich qizi Darigʻa Nazarboyevaning oʻgʻli.

29 yoshli Oysulton Sandxerstdagi (Buyuk Britaniya) Qirollik harbiy akademiyasini tugatgan va Qozogʻiston Mudofaa vazirligi bosh razvedka boshqarmasiga ishga olingan. 2019-yil oktyabr oyida Londonda politsiyachini tishlab olgani uchun bir yilga shartli ravishda ozodlikdan mahrum etildi. Nazarboyevning nabirasiga 18 oylik sinov muddati berilgan, 140 soatlik jamoat ishlari, shuningdek, 6 ming funt sterling miqdorida jarima tayinlangan.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?