“Navroʻzing muborak, bolajon!”

17:27 20 Mart 2019 Jamiyat
366 0

Foto: Hakim Yo'ldoshev, "Xalq so'zi"

Ayni kunlarda yurtimiz boʻylab keng nishonlanayotgan Navroʻz ayyomi barcha dillarga xush kayfiyat ulashmoqda.

Qayerga bormang, bayram Navroʻz bayrami munosabati bilan tashkil etilayotgan maʼnaviy-maʼrifiy tadbirlar ustidan chiqasiz.

Birgina Toshkent shahridagi Mirzo Ulugʻbek tumanida faoliyat yuritayotgan 418-sonli “Quyoshcha” maktabgacha taʼlim muassasasida ham “Navroʻzing muborak, bolajon!” mavzusidagi bayram tadbiri oʻtkazildi.

— Bolajonlar bizning kelajagimiz, orzu umidimiz, baxt-u iqbolimiz, — deydi ushbu bogʻcha mudirasi Xojar Boboyeva. — Ularning yuzida kulgi, lablariga tabassum ulashish bizning ham vazifamiz. Shu bois har yili muassasamizda mana shunday bayram tadbirlarini uyushtiramiz. Zero, jajji bolajonlarimizning har bir kuni Navroʻz boʻlsin!

Tadbirda yangragan kuy-qoʻshiqlar barchaga bayramona kayfiyat bagʻishladi. Ayniqsa, Kamola Pardayeva tomonidan sahnalashtirilgan milliy raqslar namoyishi, shuningdek, tarbiyachi Feruza Teshaboyevaga biriktirilgan 1-guruh bolajonlari ijro etgan “Joʻja” qoʻshigʻi yoshi kattalarni begʻubor bolalik sari yetakladi.

Milliy urf-odat hamda anʼanalarimizni oʻzida mujassam etgan bunday bayram tadbirlari boshqa taʼlim muassasalari, mahallalarda keng nishonlanmoqda.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?