“Navroʻz” bogʻida milliy qadriyatlarimiz namoyon boʻladi

01:06 31 Avgust 2019 Siyosat
178 0

Prezident Shavkat Mirziyoyev 30-avgust kuni Toshkent shahridagi “Navroʻz” bogʻiga tashrif buyurdi.

Ushbu loyiha boʻyicha 2017-yil 7-avgustda davlatimiz rahbarining qarori qabul qilingan, unga muvofiq “Navroʻz bogʻi” masʼuliyati cheklangan jamiyat tuzilib, zarur moliyaviy va tashkiliy ishlar belgilangan edi.

Shavkat Mirziyoyev oʻtgan yili fevralda bu yerga kelib, bogʻning mazmun-mohiyatini boyitish boʻyicha tavsiyalar bergandi.

Shu asosda bunyod etilgan ushbu dam olish maskanida xalqimiz madaniyati, milliy qadriyatlari chuqur ifodasini topgan. 2,5 gektar maydon etnografik shaharchaga aylantirilgan. Qoraqalpogʻiston va barcha viloyatlar nomlari bilan ataladigan koʻchalar va qadimiy uslubda uylar bunyod etilib, har bir hududning oʻziga xos anʼanalari, hunarmandchiligi, turmush tarzi aks ettirilgan.

Paxsa devorli hovlilar, ayvonlar, choyxona va ustaxonalar timsolida qadimiy mahallalarimiz qayta tiklangan. Bu yoshlarning xalqimiz tarixi va milliy madaniyatimiz haqidagi bilimlarini boyitib, vatanparvarlik tuygʻularini kuchaytiradi, xorijlik sayyohlar uchun diqqatga sazovor maskan boʻladi.

- Oʻzlikni anglash nuqtayi nazaridan bu joyning ahamiyati katta. Bu yerda milliy qadriyatlarimiz, tariximiz yaqqol koʻrinadi. Oʻz tarixini chuqur bilgan xalq gʻururli, qudratli, badavlat boʻladi, - dedi Prezident.

Davlatimiz rahbari bu bogʻ faqat Navroʻz kunlari emas, yil davomida gavjum boʻlishi, bu yerga kelganlar madaniy hordiq bilan birga maʼnaviy ozuqa ham olishi kerakligini taʼkidladi.

Ushbu oʻziga xos shaharcha markazida Navroʻz bayrami tantanalarini oʻtkazishga moʻljallangan amfiteatr barpo etilgan. Bogʻ oxiridagi anhor ustida 88 metrlik koʻprik qurilgan.

 

 

 


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?