Navoiyda tarixiy yodgorlik qayta ta’mirlandi

09:38 13 Iyun 2018 Jamiyat
344 0

Karmanadagi “Qosim Shayx” tarixiy-yodgorlik majmuasi istiqlolning dastlabki yillarida olib borilgan bunyodkorlik ishlari tufayli qadim-qaddini tikladi.

Biroq tagzaminning sho‘rlanishi va zax suvlar sathining ko‘tarilishi oradan bir-ikki yil o‘tmasdanoq ko‘zga tashlanardi. Shu bois bunyodkorlik ishlariga bu safar majmua qurilish tarixini chuqur o‘rgangan holda kirishildi. Misol uchun o‘tgan safargi rekonstruksiya tadbirlarida majmua hovlisi sathi va yo‘laklar sement bruschalar bilan qoplangan edi. Bu namlik bug‘lanib ketishiga halal bergan. Shu sabab “Minor Millenum” mas’uliyati cheklangan jamiyati quruvchilari tomonidan sement bruschalar pishgan g‘ishtlarga almashtirildi. Shuningdek, zax qochirish maqsadida hovlida kvadrat shaklidagi chuqurligi to‘rt metrlik hovuz barpo etildi. Unga to‘plangan suv majuma yonidan o‘tadigan Arg‘un arig‘iga chiqarib yuborilmoqda. Bu haqda “Xalq so‘zi” muxbiri Temur Eshboyev xabar berdi.

Majmuadagi restavratsiya va bunyodkorlik ishlarini asosan “Sardoba Malik Rabot” xususiy korxonasi mutaxassislari olib borishdi. Mazkur korxona quruvchilari yurtimizning Shahrisabz, Samarqand, Nurota, Qo‘qon kabi shaharlarida qator tarixiy-me’moriy obidalarni ta’mirlab, anchagina tajribaga ega bo‘lishgan.

Majmua moviy gumbazining koshinlarini to‘liq yangilab, atrofidagi imoratlar tomini ta’mirlandi. Masjid poydevori atrofidagi ortiqcha tuproq qatlami olib tashlandi. Bu suvning maxsus ariqchalar orqali majmua hovlisidan chiqib ketishini ta’minlaydi. Shuning barobarida majmua poydevorining bir necha joyda mustahkamlash ishlarini amalga oshirdik. Ansambl imoratlaridagi barcha yaroqsiz g‘ishtlar almashtirildi.

Shuningdek, Karmanada yana ikki muqaddas qadamjo, “Xo‘ja Xisrav” va “Mirsaid Bahrom” me’moriy obidalari ham qayta ta’mirlanib, ayni shu muborak kunlarda foydalanishga topshirildi. Mazkur yumushlarga Respublika Madaniyat vazirligi madaniy meros obyektlarini muhofaza qilish va ulardan foydalanish ilmiy-ishlab chiqarish Bosh bosh-qarmasining 3 milliard so‘m hamda homiylik mablag‘lari yo‘naltirildi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?