Navoiyda yirik xalqaro forum boshlandi

12:21 30 Aprel 2019 Iqtisodiyot
592 0

Navoiy viloyati erkin iqtisodiy hudud maqomida ilk bor Xalqaro biznes anjumanga mezbonlik qilmoqda.

Ilgari xabar qilganimizdek viloyatda 30 aprel - 1 may kunlari “Invest in Navoi” II xalqaro biznes forumi boʻlib oʻtadi.

Mamlakatimiz Prezidenti joriy yilning 12-13 mart kunlari viloyatga tashrifi chogʻida tadbirkorlar uchun qulay shart-sharoit yaratish va hududning investitsiyaviy jozibadorligini yanada oshirish maqsadida Navoiy viloyatiga erkin iqtisodiy hudud maqomini berish hamda Nurota tumanidagi “Gʻozgʻon” qishlogʻini sanoat shahriga aylantirish tashabbuslarini ilgari surgan edi. Shuningdek, mazkur vazifalar ijrosini taʼminlash maqsadida hududning imkoniyat va salohiyatlarini keng koʻlamda namoyish etuvchi Xalqaro biznes forumni yuqori saviyada oʻtkazish vazifalari belgilangandi.

Haqiqatan ham viloyat mamlakatimizning yirik industrial va madaniy markazlaridan biri hisoblanadi. Uning hududida kon-metallurgiya, kimyo, energetika, neftegaz, mashinasozlik va qurilish materiallari tarmoqlarining dunyoga mashhur sanoat korxonalari faoliyat olib bormoqda. Erkin iqtisodiy zona, intermodal logistika markazi, xalqaro aeroport, temir yoʻl va avtomobil yoʻli tarmoqlari mahalliy tadbirkorlar va xorijiy investorlarga oʻz bizneslarini yoʻlga qoʻyish va rivojlantirishlari uchun yanada qulay muhit yaratmoqda.

Ayni paytda “Navoiy” erkin iqtisodiy zonasi hududida xorijiy investorlar bilan qiymati 144 mln. dollar boʻlgan 21 ta loyiha ustida ish olib borilyapti.

“Navoiy” xalqaro aeroportida esa Yevropa va Osiyo davlatlari oʻrtasidagi yoʻnalishlarda yiliga 300 ming tonna yukni qabul qilish va joʻnatish imkonini beradigan quruqlikdagi port yaratilmoqda.

Bugun navqiron Navoiy “Invest in Navoi” II xalqaro biznes forumi ishtirokchilarini kutib olmoqda. Unda 40 dan ortiq mamlakatning 250 nafardan ziyod ishbilarmonlari, salohiyatli investorlari hamda xorijiy mamlakatlarning Oʻzbekistondagi muxtor elchilari va diplomatlari ishtirok etish istagini bildirishgan. Shuningdek, bugun xorijlik mehmonlar “Navoiy” erkin iqtisodiy zonasi faoliyati bilan tanishadilar, viloyatning yirik korxonalariga tashrif buyurishadi.

Bugun esa dasturga koʻra kunning birinchi yarmida Navoiy shahridagi “Yoshlar markazi”da forumning rasmiy ochilish marosimi boʻlib oʻtadi.

Shundan soʻng forum ishtirokchilari seksiyalarga boʻlingan holda Navoiy viloyatining investitsiya, eksport, sayyohlik va logistika salohiyati bilan tanishtiriladi.

Biznes forum doirasida yirik sanoat korxonalari, mahalliy tadbirkorlar va xorijiy investorlarning tor doiradagi uchrashuvlari rejalashtirilgan.

– Eʼtirof etish joiz, ayni paytda viloyatda 134 ta qoʻshma va xorijiy korxonalar faoliyat koʻrsatib, ularning 21 tasi joriy yilning oʻzida tashkil etildi,– deydi Navoiy viloyati hokimining oʻrinbosari Oʻktam Islamov. – Ikki kun davom etadigan biznes forum yakunida koʻplab manfaatli shartnomalar imzolanib, innovatsiyalar samaradorligini kengaytirish va oshirish boʻyicha tavsiyalar ishlab chiqish koʻzda tutilmoqda.

Forum ishtirokchilar viloyatning turizm salohiyati bilan tanishish maqsadida qadim Nurotaning “Chashma” meʼmoriy majmuasi hamda “Sarmishsoy” muzey qoʻriqxonasiga sayohat qilishlari rejalashtirilgan.

Temur ESHBOYEV, (“Xalq soʻzi”).


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?