Navoiyda investorning huquqi tiklandi

12:06 18 Fevral 2019 Iqtisodiyot
441 0

Illyustrativ foto

Navoiy viloyatida eronlik investorning buzilgan huquqi tiklandi, deya xabar bermoqda “Xalq soʻzi”ning viloyat muxbiri Temur ESHBOYEV.

Karmana tuman maʼmuriy sudiga Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Tadbirkorlik subyektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish boʻyicha Vakili tomonidan Eron Islom Respublikasi fuqarosi, “Taael Polimer Sintez“ qoʻshma korxonasi taʼsischisi Muhammad Sodiq Haqiqining manfaatini koʻzlab, Karmana tuman Davlat xizmatlari markaziga nisbatan mazkur markaz xodimlarining harakatlarini qonunga xilof va tugatish bilan bogʻliq hujjatlarni haqiqiy emas, deb topish haqida ariza bilan murojaat qilingan edi.

Ish holatlari oʻrganib chiqilganda, Eron Islom Respublikasi fuqarosi, “Taael Polimer Sintez“ qoʻshma korxonasi taʼsischisi Muhammad Sodiq Haqiqining Navoiy viloyatida faoliyat yuritgan masʼuliyati cheklangan jamiyat shaklidagi “Taael Polimer Sintez“ qoʻshma korxonasida 37,5 foiz ulushi boʻlsada, taʼsischilarning yigʻilishiga taklif etilmaganligi, korxona Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2007 yil 27 apreldagi PQ-630-sonli Qaroriga asosan Karmana tumani tadbirkorlik subyektlariga “yagona darcha“ tamoyili boʻyicha davlat xizmatlari koʻrsatish yagona markazi tomonidan 2017 yilning 18 dekabr kuni tugatilganligi, M.Xaqiqi korxonani tugatish toʻgʻrisidagi qabul qilingan qarordan xabardor etilmaganligi maʼlum boʻlgan.

- Ushbu korxonani tugatish jarayonida quyidagi jiddiy qonunbuzilishi holatlariga yoʻl qoʻyilganligi aniqlangan, - deydi Karmana tuman maʼmuriy sudining raisi Farruh Jumaqulov. - Xususan, “Masʼuliyati cheklangan xamda qoʻshimcha masʼuliyatli jamiyatlar toʻgʻrisida“gi Qonunning 34-moddasida ushbu Qonunning 30-moddasi ikkinchi qismining oʻn ikkinchi xatboshisida (jamiyatni qayta tashkil etish yoki tugatish toʻgʻrisida qaror qabul qilish) koʻrsatilgan masala yuzasidan qarorlar jamiyatning barcha ishtirokchilari tomonidan bir ovozdan qabul qilinadi. Qolgan qarorlar, agar bunday qarorlarni qabul qilish uchun ushbu Qonunda yoki jamiyatning ustavida koʻproq ovozlar soni zarurligi nazarda tutilgan boʻlmasa, jamiyat ishtirokchilari umumiy ovozlar sonining koʻpchilik ovozlari bilan qabul qilinadi.

Bundan tashqari, jamiyat ustavining 8.6-bandida yigʻilishning mutlaq vakolatlariga kiradigan masalalarni hal etish uchun umumiy yigʻilishda qatnashuvchilarning koʻpchiligi, yaʼni 75 foizi ovoz berishi talab etilishi nazarda tutilgan.

Masʼuliyati cheklangan jamiyat shaklidagi “Taael Polimer Sintez“ qoʻshma korxonasini tugatish toʻgʻrisida taʼsischilarning 2017 yil 15 martdagi 2-sonli yigʻilish bayonida jamiyatda 37,5 foiz ulushi boʻlgan xorijiy investor Muhammad Sodiq Haqiqi qatnashmagan boʻlsada, korxonani tugatish toʻgʻrisida qaror qabul qilingan.

Karmana tuman maʼmuriy sudi tomonidan mazkur ish boʻyicha 2019 yil 15 fevral kuni chiqarilgan hal qiluv qaroriga koʻra, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Tadbirkorlik subyektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish boʻyicha Vakilining Eron Islom Respublikasi fuqarosi, “Taael Polimer Sintez“ qoʻshma korxonasi taʼsischisi Muhammad Sodiq Haqiqining manfaatini koʻzlab, Karmana tuman Davlat xizmatlari markaziga nisbatan kiritgan arizasi toʻliq qanoatlantirilib, Karmana tuman Davlat xizmatlari markazini xodimlarining korxonani tugatish bilan bogʻliq harakatlari qonunga xilof, hamda Karmana tuman Davlat xizmatlari markazining 2017 yil 18 martdagi 01-23/482-sonli va 2017 yil 18 dekabrdagi 01-23/1272-sonli tugatish toʻgʻrisidagi hujjatlari haqiqiy emas deb topildi.

Shuningdek, Karmana tuman Davlat xizmatlari markaziga “Taael Polimer Sintez“ qoʻshma korxonasini davlat reyestriga tiklash majburiyati yuklatildi. Taʼkidlash joiz, mazkur qonunbuzilishi holati yuzasidan Vakil tomonidan Adliya vazirligi huzuridagi Davlat xizmatlari agentligiga qonun hujjatlarining aniqlangan buzilishlarini, ularga imkon beruvchi sabablar va shart-sharoitlarni bartaraf etish toʻgʻrisida taqdimnoma kiritilib, ushbu taqdimnomaga asosan Agentlik tomonidan “Taael Polimer Sintez“ qoʻshma korxonasini faoliyatini tugatishda jiddiy qonunbuzilishi holatlariga yoʻl qoʻygan xodimlarga nisbatan intizomiy jazo choralari qoʻllanilgan.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?