Navoiyda IIB tizimidagi 5 nafar mansabdor ishdan olindi

09:48 11 Sentyabr 2018 Jamiyat
250 0
Foto: iiv.uz

Ichki ishlar vaziri, general-mayor Poʻlat Bobojonov rahbarligida ishchi guruh 4—6 sentyabr kunlari Navoiy viloyatining barcha shahar va tumanlarida boʻlib, u yerda olib borilayotgan ishlar bilan yaqindan tanishdi. Bu haqda IIV jamoatchilik va OAV bilan aloqalar boshqarmasi xabar berdi.

Uch kun davom etgan sohaviy oʻrganishlarning yakuniy hisoboti sifatida 6 sentyabr kuni viloyat IIBda kengaytirilgan yigʻilish boʻlib oʻtdi. Unda Bosh prokuratura, viloyat hokimligi va ichki ishlar organlari masʼul xodimlari ishtirok etdi.

Viloyatda joriy yilning 8 oyi mobaynida jinoyatchilikning keskin kamayganligiga qaramasdan, ayrim hududlarda kriminogen vaziyat biroz ogʻirlashgan. Xususan, viloyatdagi 215 ta yoki 70 foiz mahallada jinoyatlar sodir etilishiga yoʻl qoʻyilib, deyarli har beshinchi mahallada jinoyat sodir etilishining oshganligi qattiq tanqid qilindi.

Ayniqsa, Navoiy shahridagi 6 ta mahallada sodir etilgan jinoyatlar shahardagi jami jinoyatlarning 37 foizini, Zarafshon shahrida esa 2 ta mahalladagi jinoyatlar soni 40 foizni tashkil etganligi bois, Navoiy va Zarafshon shaharlaridagi “Meʼmor”, “Umid”, “Kimyogar”, “Ishonch”, “Chinor”, “Matonat”, Alisher Navoiy va “Oltin vodiy” mahallalarida jinoyatchilikning oldini olish boʻyicha alohida chora-tadbirlar ishlab chiqish lozimligi belgilandi.

Bundan tashqari, viloyatda joriy yilning 8 oy mobaynida sodir etilgan jinoyatlar har 100 ming aholi soniga nisbatan hisoblanganda respublikada uchinchi oʻrinni egallayotganligi bayon qilinib, bir qator tumanlarda jinoyatchilikka qarshi kurashish borasida amalga oshirilayotgan ishlar salbiy baholandi.

Shuningdek, soʻnggi ikki oy davomida viloyatda sodir etilgan jinoyatlar soni yil boshida qayd etilgan jinoyatlarning 29 foizini tashkil etib, ayniqsa Nurota va Xatirchi tumanlarida keyingi ikki oy davrida jinoyatchilikning barvaqt oldini olish boʻyicha qilingan ishlar samarasiz boʻlganligi qayd etildi.

Oʻta ogʻir turdagi jinoyatlar sodir etilishining asosiy sababi jinoyatni sodir etishga moyil boʻlgan shaxslar bilan muntazam ravishda profilaktik ishlar olib borilmaganligi qayd etilib, bu borada Xatirchi tumanida ilgari sudlangan shaxslar bilan, Qiziltepa tumanida esa doimiy ishga muhtoj fuqarolar bilan belgilangan tartibdagi ishlar tizimli ravishda yoʻlga qoʻyilmaganligi taʼkidlandi.

Viloyat ichki ishlar organlarida yoʻl harakati xavfsizligini taʼminlash ishlariga alohida eʼtibor qaratilmasdan kelinayotganligi sababli 8 oy davomida sodir etilgan yoʻl-transport hodisalari soni 33,6 foizga oshib ketganligi, oqibatda 41 nafar fuqaro hayotdan bevaqt koʻz yumganligi va yana 136 nafari turli darajada tan jarohati olganligi qayd etildi. Yoʻl-patrul xizmati xodimlari faoliyati ustidan shikoyatlar kelib tushayotganligi tanqid qilinib, viloyat yoʻl harakati xavfsizligi xizmati tizimida vaziyatni keskin yaxshilash boʻyicha tegishli topshiriqlar berildi.

Shuningdek, jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari bilan ishlash, murojaatlarni koʻrib chiqish va hal etishga yuzaki yoki rasmiyatchilik bilan yondoshish holatlariga chek qoʻyilmaganligi sababli viloyat ichki ishlar organlari faoliyatiga oid kelib tushgan 6 ming 552 ta murojaatning 2003 tasi yoki har uchinchisi aholiga pasport xizmatlarini koʻrsatish masalalariga doir ekanligi, ularni koʻrib chiqishda esa qator kamchiliklarga yoʻl qoʻyilayotganligi qattiq tanqid ostiga olindi.

Kadrlarni tanlash va joy-joyiga qoʻyish, xodimlarning xizmat intizomini yaxshilash borasidagi kamchiliklarga barham berilmaganligi sababli bois viloyat boʻyicha jami 226 nafar xodim intizomiy, 6 nafari esa jinoiy javobgarlikka tortilganligi aytib oʻtildi.

Yigʻilishda sohada amalga oshirilayotgan islohotlar mohiyatini toʻlaqonli anglab yetmagan, hanuzgacha eskicha ish uslubi bilan ishlayotgan Xatirchi tumani IIB boshligʻining birinchi oʻrinbosari N.Ashurov, Nurota tuman IIB boshligʻining yoshlar masalalari boʻyicha oʻrinbosari M.Fayzullayev, Konimex tumani IIB boshligʻining yoshlar masalalari boʻyicha oʻrinbosari N.Islamov, Navoiy shahar boʻyicha ichki ishlar organlari faoliyatini muvofiqlashtirish boshqarmasi boshligʻining kadrlar boʻyicha oʻrinbosari B.Xolikulov, viloyat IIB Transportda jamoat xavfsizligini taʼminlash boʻlimi boshligʻining birinchi oʻrinbosari R.Adizov egallab turgan lavozimidan ozod etildi.

Shuningdek, faoliyatida yoʻl qoʻyilgan kamchiliklar, xizmat vazifalarini bajarishga masʼuliyat bilan yondashmagan bir qator rahbar va xodimlarga turli darajadagi intizomiy jazo choralari koʻrildi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?