Navoiyda Gruziya agrotexnologiyasi asosida urugʻ ekilmoqda

17:37 05 Oktyabr 2018 Iqtisodiyot
491 0
Illyustrativ foto

“XALQ SOʻZI ONLINE”. Temur Eshboyev/Navoiy viloyati. Navoiy viloyatining Karmana va Qiziltepa tumanlaridagi bir qator fermer xoʻjaliklarida Gruziya agrotexnologiyasi asosida yerga urugʻ qadalmoqda.

Chunonchi Qiziltepa tumanidagi “Gʻardiyon tongi” hamda Karmana tumanidagi “Davronbek Karmana” fermer xoʻjaliklarida soha mutaxassislari, olimlar, mutasaddi tashkilotlar vakillari ishtirokida seminar tashkil etilib, kuzgi boshoqli don ekishning ilgʻor usullari, zamonaviy texnologiyalar asosida urugʻ qadashning samarasi muhokama qilindi.

“Yerimiz jami 64 gektar boʻlib, uning 39 gektari gʻalla yetishtirishga moʻljallangan. Xoʻjaligimizning 19 gektar ochiq maydoniga tajriba sifatida Gruziyadan keltirilgan “Baktofert” oʻgʻitidan sepildi. U yerni boyitib, hosildorlikni oshiradi. Bahorga borib buning samarasini koʻramiz”, – deydi “Davronbek Karmana” fermer xoʻjaligi rahbari D. Azimov.

Darvoqe, viloyatda kelgusi yil gʻalla hosili uchun 11 ming 465 gektar ochiq maydonga, 29 ming 135 gektar gʻoʻza qator orasiga boshoqli don ekilishi rejalashtirilib, shu maqsadda 52 ta gʻalla ekish otryadlari tashkil etilgan.

Mavsumni 21 oktyabrga qadar yakunlash maqsadida ekish ishlariga 15 mingdan ortiq texnika jalb qilingan. Maydonlarga boshoqli donning serhosil, sifat koʻrsatgichlari yuqori boʻlgan “Vassa”, “Asr”, “Grom”, “Andijon-2”, “Davr”, “Krasnadarskaya-99”, “Per-vitsa”, “Tanya”, “Durdona” navlari ekilmoqda.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?