Navoiy viloyatida 8,1 mingdan ortiq fuqaro karantin qoidalarini qoʻpol ravishda buzgani aniqlandi

17:15 09 Iyul 2020 Jamiyat
347 0

Arxiv foto

Navoiy viloyati hokimi Qobil Tursunov navoiyliklarga murojaat yoʻlladi.

“Maʼlumotlarga koʻra, oʻtgan davr mobaynida birgina viloyatimizda miqyosida 8187 nafar fuqaro tomonidan karantin qoidalarining qoʻpol ravishda buzilishi holatlari qayd etilib, ularga turli darajadagi jazo choralari qoʻllanildi, — deyiladi, jumladan, ushbu murojaatda. —Bundan tashqari, bugungi kunda viloyat boʻyicha 2086 nafar fuqaro karantinga olingan boʻlib, shundan 1095 nafari statsionar va 991 nafari uy sharoitida nazoratga olingan.

Yurtdoshlarimizning xavfsizligini taʼminlash, ularning salomatligini doimiy muhofaza qilish maqsadida barcha shahar va tumanlarda fuqarolardan koronavirus infeksiyasiga gumon bilan biologik namunalar olinib, viloyat sanitariya epidemiologik osoyishtalik markazi virusologik laboratoriyasida zamonaviy usullarda (PZR) tekshirilmoqda".

Har qanday vaziyatda ham kasallanish bilan bogʻliq holatlar aniqlangan taqdirda zudlik bilan epidemiolog, pulmonolog, infeksionist, reanimatolog, terapevtlardan iborat malakali tibbiyot xodimlari jalb etilib samarali davolashning zarur choralari koʻrilayotganini yana bir taʼkidlab oʻtildi.

"Shu oʻrinda ming afsuslar bilan aytib oʻtish joizki, mana shunday oʻta tahlikali bir sharoitda ham davlatimiz tomonidan aholiga yaratilgan yengillik, imkoniyat va imtiyoz hamda qulayliklarni ayrim yurtdoshlarimiz koʻr-koʻrona suiisteʼmol qilayotganliklari barchamizni tashvishga solmoqda, — deydi Q.Tursunov. — Ayniqsa, toʻy-marosimlarni tashkil etish va oʻtkazish, oʻzini-oʻzi yakkalash yoki oddiy shaxsiy gigiyena-sanitariya qoidalariga rioya qilish talablari qayta va qayta tushuntirilishiga qaramasdan eʼtiborsizlik va tartibbuzarlikning oqibati fuqarolarimizga har tomonlama qimmatga tushmoqda.

Zero, yurtimizda koronavirus bilan kasallangan har bir bemor uchun alohida eʼtibor, dori-darmon yoki uni har tomonlama moddiy va maʼnaviy qoʻllab-quvvatlash uchun barcha imkoniyat va shart-sharoitlar yaratilib, buning huquqiy moliyaviy asoslari qatʼiy belgilab qoʻyildi.

Shunday boʻlsa-da, ayrim yurtdoshlarimiz tomonidan oʻzboshimchalik bilan qilingan xatti-harakatlar, ayniqsa, oʻz vaqtida tibbiyot xodimlariga murojaat qilmaslik, kasallik belgilari yuqori darajaga chiqqunga qadar oʻzini-oʻzi davolashga urinishlar ogʻir salbiy holatlarga olib kelmoqda.

Eng achinarlisi, bu kabi oddiy eʼtiborsizlik, oʻzboshimchalik va joriy etilgan karantin qoidalariga rioya etmaslik nafaqat fuqaroning oʻziga, balki aksariyat hollarda butun boshli mahalla yoki koʻchadagi barcha aholining hayotini jiddiy xavotirga solib qoʻymoqda.

Tasavvur qiling, mahallada koronavirus bilan kasallangan fuqaro bir kunda eng kamida kamida qoʻni-qoʻshni, qarindosh urugʻlaridan 40 nafarga yaqin kishiga infeksiya yuqtirishi muqarrarligi takror va takror taʼkidlanmoqda va bu isbotlangan holatdir.

Bir kishining ortidan uzluksiz zanjir boʻlib davom etayotgan bu kasallik bugun barchaga birdek tahdid solayotganini anglash yetish shunchalik qiyin boʻlsa! Nahotki, yaqinlarimizdan birining ogʻir ahvolga tushishini yoki uni yoʻqotib qoʻyishimizni kutib turishimiz kerak!"

"Bugun hech birimiz atrofdagilarning — qavmi qarindosh hamda elu yurt oldida malomat va tavqi laʼnatga qolishni, kimningdir xonadonida aza boʻlishiga, qarindoshlik, qoʻni-qoʻshnichilik rishtalarining uzilishiga sababchi boʻlib, bir umrlik vijdon azobida yurishni istamaymiz! — deya qayd etib oʻtadi viloyat hokimi. — Shunday ekan, muhtaram yurtboshimiz tomonlaridan pandemiya sharoitida bexavotir yashash, osoyishda mehnat qilish, oila davrasida xotirjam va sogʻ-salomat yurishimizning aniq mexanizmi ishlab chiqildi. Xalqimiz taʼbiri bilan aytganda davlat tomonidan aholining, nafaqat, joni, moli ham bu ofatdan himoya qilinishining barcha choralari koʻrilmoqda.

Aholidan esa bunga javoban faqat bir narsa – tahlikalardan xoli, xotirjamlikda uyda qolish, ortiqcha sarosimaga berilmaslik, mehr-muruvvatli boʻlish, oʻzini va oilasini asrash, turli manbalar orqali tarqatilayotgan mish-mishlarga ishonmaslik, qatʼiy irodali, sobitqadam boʻlishlari talab etilmoqda, xolos.

Zero, azmi qatʼiy, har tomonlama chiniqqan insonlargina chin maʼnodagi oilaparvar boʻladi oladi. Mana shundaylar kishilargina yurtning buguni hamda ertasi uchun daxldor va javobgar boʻla oladi!"

Viloyat hokimi "Biz bu kunlarda har qachongidan ham birlashib, bahamjihatlikda, mana shunday tashvishli, taʼbir joiz boʻlsa, ogʻir kunlarni birgalikda yengib oʻtishimizga ishonaman!
Barchamizni Yaratganning oʻzi asrasin!" deya oʻz murojaatini yakunlagan Q.Tursunov.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?