Navoiy viloyati Navbahor tumani xalq taʼlimi boʻlimi rahbari turmush oʻrtogʻi tomonidan vahshiylarcha oʻldirildi

17:37 09 Sentyabr 2019 Jamiyat
322 0

Illyustrativ foto

Navbahor tumani xalq taʼlimi boʻlimi rahbari oʻz turmush oʻrtogʻi tomonidan vahshiylarcha oʻldirildi. Bu haqda “Daryo”ga Bosh prokuratura matbuot xizmati maʼlumot berdi.

Tergov hujjatlariga koʻra, 6-sentyabr kuni soat 21:00 larda Navbahor tumani, Yangiyoʻl mahallasida yashovchi 1979-yilda tugʻilgan fuqaro Sh.R. turmush oʻrtogʻi 1980-yilda tugʻilgan M.A. bilan oʻzaro janjallashib, oshxona pichogʻi bilan urib, qasddan oʻldirgan.

Navoiy viloyati Ichki ishlar bosh boshqarmasi viloyat prokuraturasiga tayanib, “Kun.uz” muxbiriga bergan maʼlumotiga koʻra, Sh.R. turmush oʻrtogʻi M.A. bilan oʻrtalarida oldindan boʻlgan oʻzaro kelishmovchilik zamirida uni oʻldirish maqsadida yashash xonadoniga kelib, ushbu xonadon hovlisiga yashirin ravishda devordan oshib kirgan. U M.A.ning yotoqxonasiga deraza orqali kirib, xonadagi kiyim javoni ortiga yashiringan va turmush oʻrtogʻi xonaga kirishini poylab turgan.

Shu kuni soat taxminan 20:20 larda M.A. ishdan kelib, egnidagi kiyimlarini almashtirish maqsadida yotoqxonasiga kirgan vaqtida Sh.R. xonadagi kiyim javoni ortidan chiqib, ayolga hujum qilgan. Boʻyin, koʻkrak qafasi va qorin sohalariga qoʻlidagi oshxona pichogʻini bir necha marta sanchib olib, unga oʻtkir kesuvchi-sanchuvchi ogʻir jarohatlar yetkazib, hodisa joyidan yashiringan. M.A. olgan tan jarohatlaridan ichki va tashqi qon ketishi natijasida voqea joyida vafot etgan.

Mazkur holat yuzasidan tuman prokuraturasi tomonidan Sh.R.ga nisbatan Jinoyat kodeksining 97-moddasi 1-qismi bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilgan. Sh.R. protsessual tartibda qoʻlga olingan.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?