Navoiy shahrida toʻrt yulduzli mehmonxona foydalanishga topshirildi

10:14 17 Noyabr 2020 Welcome to uzbekistan
240 0

Shaharning “Yoshlik” mahallasi hududida qad rostlagan ushbu mehmonxona qurilishiga 64,8 milliard soʻm mablagʻ yoʻnaltirilgan tadbirkor Joʻrabek Xoliqov 67 ta yangi ish oʻrni yaratdi.

105 ta xona va 230 ta oʻrindan iborat boʻlgan mazkur koshonaning qurilish ishlari ikki yil avval boshlangan va bunyodkorlik ishlarida 500 nafar usta, dizayner va boshqa mutaxassislar jalb etilgan edi.

Zamon talabidagi shaharsozlik hamda Sharq va Gʻarb meʼmorchiligi anʼanalarini oʻzida mujassam etgan ushbu inshoot shahar koʻrkiga koʻrk qoʻshish bilan birga mehmonxona xizmati yoʻnalishida sogʻlom raqobat muhiti ravnaqiga turtki berishi shubhasiz.

“Tinchlik Plaza hotel” nomi berilgan mazkur mehmonxonada imkoniyati cheklangan mehmonlar uchun alohida sharoitlar yaratilgan xonalar va infratizim yaratilgan. Shuningdek, nozik didli xorijlik va mahalliy sayyohlarning barcha xohish va istaklari inobatga olinib, ularga turli sayohatlar uyushtirish uyushtirish uchun mikroavtobus, avtoturargohlar tashkil etilgan. Kamalakning yetti rangi koʻrinishida shuʼla taratuvchi musiqiy favvora, 4 ta restoran, zamonaviy SPA-markazi va irland usulida taʼmirlangan “PUB”, fitnes klub, ochiq va yopiq suv havzalari, “fitobar” har bir mehmonning boʻsh vaqti mazmunli oʻtishini taʼminlaydi.

Mehmonxonaning taqdimot marosimida ishtirok etgan viloyat hokimi K. Tursunov Navoiy viloyatida turizmni rivojlantirish maqsadida umumiy qiymati 142 milliard soʻmlik 32 ta loyiha amalga oshirilayotgani, bu pandemiya sharoitiga qaramasdan olib borilayotgan oqilona siyosat samarasi ekanligini taʼkidladi.

Temur ESHBOYEV,
(“Xalq soʻzi”).

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?