Navoiy shahrida 500 mln. soʻmlik miqdordagi tabiiy gazni talon-taroj qilgan “tadbirkor”lar fosh etildi

12:35 15 Sentyabr 2020 Jamiyat
171 0

Navoiy shahridagi 44 205 ta tabiiy gaz isteʼmolchisidan 1311 tasini ulgurji, 42 892 nafarini esa aholi tashkil etadi. Ushbu isteʼmolchilarga tabiiy gazning bir maromda yetkazilishi eng avvalo tarmoqlar sozligi, xavfsizlik va sarflangan gaz uchun toʻlovlarning vaqtida amalga oshirilishi hamda tabiiy gaz tarmoqlariga noqonuniy ulanmaslikka bogʻliq.

Shu bois davlatimiz rahbarining 2020-yil 18-iyundagi “Tabiiy gaz va elektr energiyasini sotish mexanizmini takomillashtirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi Farmonida aholi va tadbirkorlik subyektlarini tabiiy gaz bilan uzluksiz taʼminlash ustuvor vazifa sifatida belgilanib, shu bilan birga «Hududgaztaʼminot» aksiyadorlik jamiyati, huquqni muhofaza qiluvchi idoralar bilan birgalikda oʻgʻrilik, gaz taqsimlash tarmoqlariga noqonuniy ulanish faktlarini aniqlash, oldini olish va bartaraf etish vakolatlariga ega ekanligi belgilangan.

Shu asosda hududlarda ishlab chiqarish obyektlarining gaz taʼminoti tizimidagi qonun buzilishi bilan bogʻliq holatlarini aniqlash yuzasidan hamkorlikdagi oʻrganishlar olib borilmoqda.

Xususan, «Hududgaztaʼminot» AJning korrupsiyaga qarshi siyosatni amalga oshirish va moddiy resurslardan oqilona foydalanish boshqarmasi, «Hududgaz Navoiy» gaz taʼminoti filialining Korrupsiyaga qarshi siyosatni amalga oshirish va moddiy resurslardan oqilona foydalanish boʻlimi hamda Filialning tegishli boshqarma va boʻlim masʼul xodimlari tomonidan Navoiy shahardagi qurilish materiallari ishlab chiqarish korxonalarida reyd tadbirlari tashkil etildi. Oʻrganishlar davomida baʼzi isteʼmolchilarning turli bahonalarni vaj qilib, sarflagan gaz uchun toʻlovlarni oʻz vaqtida amalga oshirmaganligi, shuningdek, gaz tarmogʻidan noqonuniy foydalanish hamda gaz hisoblash uskunasiga tashqi taʼsir oʻtkazish holatlari mavjudligi aniqlanib, qonuniy choralar koʻrildi.

Chunonchi, Navoiy shahrida joriy yilning 1-sentyabr holatiga koʻra, 9 ta ishlab chiqarish korxonasi 1 milliard 785 million soʻm tabiiy gazdan debitor qarzdorligi uchun gaz tarmogʻidan uzildi.

— Shuningdek, joriy yilning 9-sentyabr kuni Navoiy shahrida oʻtkazilgan reyd tadbirlarida ohak va gʻisht ishlab chiqaruvchi «Sardorbek Sitoraxon Ibrohimbek» xususiy korxonasining joriy yil 1-sentyabr holatiga tabiiy gazdan 45 million 900 ming soʻm qarzdorligi mavjudligi va u tabiiy gazni foydalanish qoidalariga zid ravishda sarflab kelayotgani maʼlum boʻldi, — deydi «Hududgaz Navoiy» gaz taʼminoti filiali matbuot xizmati rahbari Zebo Qutliyeva. - Yaʼni, isteʼmolchi hujjatlarni tegishli tartibda rasmiylashtirmasdan oʻzboshimchalik bilan bir dona ohak ishlab chiqarish pechi va bir dona gaz hisoblagichdan oldin gaz quvuriga ulangan va ochiq turdagi quvur (opusk) oʻrnatib, 98 ming kub metr gaz talon-taroj qilingan. Natijada gaz taʼminoti korxonasiga 98 million soʻm miqdorda zarar yetkazilgan.

Reyd tadbirlari davomida hududdagi «Navoiy ikkilamchi manbaa» MCHJga qarashli ohak ishlab chiqarish sexida ham gazdan noqonuniy foydalanish holati aniqlandi. Mazkur obyekt isteʼmolchisi STT-80/400 rusumli, zavod raqami 01631 BK-00883 boʻlgan gaz hisoblash uskunasiga tashqi taʼsir oʻtkazib, uni gaz taqsimlash qurilmasining regulyatoridan sim orqali toʻxtatib qoʻygan. Oqibatda tabiiy gaz hisobga olinmay sarf qilingan va taʼminot korxonasiga 437 million 664 ming soʻm miqdorda zarar keltirilgan.

Yuqorida qayd etilgan holatlar boʻyicha barcha materiallar huquqni muhofaza qilish idoralariga taqdim etildi. Ayni paytda viloyatning barcha hududlarida shu kabi boshqa holatlarni aniqlash boʻyicha oʻrganishlar davom etmoqda.

Temur ESHBOYEV,
(“Xalq soʻzi”).

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?