“Navoiy kon-metallurgiya kombinati” davlat korxonasi jamoasi va Navoiy shahri ahliga

19:00 23 Noyabr 2018 Siyosat
1125 0

“Navoiy kon-metallurgiya kombinati” davlat korxonasi jamoasi va Navoiy shahri ahliga Aziz doʻstlar!

Sizlarni Navoiy kon-metallurgiya kombinati va Navoiy shahri tashkil etilganining 60 yilligi bilan chin qalbimdan muborakbod etaman.

Oʻtgan tarixan qisqa davrda ming-minglab ishchi va mutaxassislarning fidokorona mehnati tufayli Qizilqum sahrosida rivojlangan ishlab chiqarish, transport va ijtimoiy infratuzilmasini oʻzida mujassam etgan, nafaqat yurtimiz, balki chet ellarda ham mashhur boʻlgan zamonaviy ishlab chiqarish majmuasi qad rostladi.

Kombinatning qurilishi hududdagi mamlakatimiz iqtisodiyoti uchun strategik ahamiyatga ega ulkan mineral boyliklarning keng miqyosda oʻzlashtirilishini boshlab berdi.

Taʼkidlash joizki, 60 yil muqaddam bu zaminda mazkur sanoat majmuasi negizida bunyod etilgan, buyuk shoir va mutafakkir bobomiz Alisher Navoiy nomi bilan atalgan mamlakatimizning eng koʻrkam va zamonaviy shaharlaridan biri – Navoiy shahri ham bugun oʻz yubileyini nishonlamoqda.

Kon boshqarmalari va yirik sanoat obyektlari negizida Uchquduq, Zarafshon, Nurobod, Zarkent va Marjonbuloq shaharlari barpo etildi.

Zamonaviy shaharsozlikning yorqin namunalari boʻlgan ushbu maskanlar yil sayin obod boʻlib, har tomonlama ravnaq topmoqda.

Hududda yangi korxonalar qurilmoqda, jahon andozalari darajasidagi texnologiyalarga asoslangan ishlab chiqarish quvvatlari kengaymoqda.

Yetakchi xorijiy kompaniyalar bilan hamkorlik aloqalari mustahkamlanayotgani xaridorgir mahsulotlar ishlab chiqarish imkonini berib, butun tarmoqning barqaror faoliyatini taʼminlamoqda.

Bugungi kunda oʻzbek oltinining yuqori sifati butun dunyoda eʼtirof etilgani, mamlakatimiz oltin-valyuta zaxiralari ortib, iqtisodiy salohiyati yuksalib borayotganida ham iqtisodiyotimiz lokomotivi boʻlmish Navoiy kon-metallurgiya kombinatining koʻp millatli mehnat jamoasining xizmatlari beqiyos.

Oltin, uran, nodir metallar, fosforit xomashyosi konlarini oʻzlashtirish bilan birga kombinat qurilish va dastgohsozlik sanoati uchun keng turdagi mahsulotlar, shuningdek, xalq isteʼmoli tovarlarini ishlab chiqarayotgani quvonarlidir.

Gigant korxonaning koʻpming kishilik jamoasi keyingi yillarda yurtimizda amalga oshirilayotgan keng koʻlamli yangilanishlar, iqtisodiyot tarmoqlari va butun mamlakatimizni tubdan isloh etish va modernizatsiya qilishda faol ishtirok etayotgani tahsinga sazovor.

Davlatimiz tomonidan Navoiy kon-metallurgiya kombinatini har tomonlama rivojlantirishga birinchi darajali vazifa sifatida eʼtibor qaratilmoqda. Xususan, NKMKni 2026 yilgacha rivojlantirish dasturi doirasida umumiy qiymati 3 milliard dollardan ziyod qariyb 30 ga yaqin yirik investitsiya loyihasi bosqichma-bosqich amalga oshirilib, 30 mingdan ortiq ish oʻrinlari yaratiladi.

Bu yoʻnalishda hozirning oʻzida koʻp ishlar qilinmoqda. Jumladan, “Auminzo-Amantoy” oltin ruda konini oʻzlashtirish va uning asosida gidrometallurgiya zavodini barpo etish, texnogen chiqindilarni qayta ishlash majmuasini qurish, “Muruntov” karyerini oʻzlashtirish ishlari jadal surʼat bilan davom ettirilmoqda.

Kombinat negizida tashkil etilgan Oʻzbekiston Fanlar akademiyasining Navoiy filiali hududning innovatsion va texnologik taraqqiyotiga salmoqli hissa qoʻshmoqda.

Hurmatli doʻstlar!

Mamlakatimizda strategik islohotlarning yangi bosqichi boshlangan bugungi kunda butun xalqimiz, jumladan, kombinat jamoasi va Navoiy shahri aholisi oldida gʻoyat muhim vazifalar turibdi.

Xususan, bu yerda qator yangi yuqori texnologik ishlab chiqarishlarni yaratishimiz, raqobatbardosh sanoat mahsulotlari ishlab chiqarishni kengaytirishimiz, hududning ulkan tabiiy, ishlab chiqarish, mehnat va intellektual salohiyatini yanada toʻliq roʻyobga chiqarishimiz lozim.

Navoiy kon-metallurgiya kombinatining yuksak professional malakali ahil va isteʼdodli jamoasi hamda boy tajriba va mahoratga ega, yurtimiz va xalqimizga sodiq Navoiy shahri ahli ana shunday keng miqyosli vazifalarni muvaffaqiyatli ado etishiga ishonaman.

Siz, azizlarga, mustahkam sogʻlik, baxt-saodat, Vatanimiz farovonligi yoʻlidagi bunyodkorona mehnatingizda yangi zafarlar tilayman.

Shavkat MIRZIYOYEV,

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?