Navoiy IIB boshligʻining sayyor qabullarida 300 ga yaqin fuqaro oʻzining muammolariga yechim topdi

15:16 30 Iyun 2019 Jamiyat
253 0

Mazkur muammolar viloyatdagi 3-sektor rahbariga viloyatning Xatirchi hamda Nurota tumanlaridagi yuzma-yuz muloqotlarda oʻrtaga tashlandi.

Xususan Xatirchi tumanining “Sh.Rashidov” nomli mahallasida yashovchi Abdusalim Isroilov tumandagi “Koʻksaroy” suv ombori atrofida manzarali hamda mevali daraxtlar oʻtqazib dam olish maskaniga aylantirish taklifini bildirdi. Mazkur taklif-murojaat maʼqullanib, viloyat turizm boshqarmasiga fuqaroning tashabbusi asosida loyiha ishlab chiqish va nazoratga olish tavsiyasi berildi.

Shuningdek, “Jaloyir” mahallasidan Odil Ortiqov oʻzi istiqomat qiladigan hududda elektr energiyasi taʼminotidagi muammolar, xususan transformator talabga javob bermasligi va mahalla oʻz binosiga ega emasligi boʻyicha murojaat qildi. Elektr taʼminotidagi murojaat boʻyicha viloyat elektr tarmoqlari korxonasiga aniq muddatli topshiriq berilib, MFYning yangi binosi uchun tuman hokimligi bilan kelishgan holda yer maydoni belgilandi.

Sektor rahbarining Nurota tumanida ham boʻlib oʻtgan sayyor qabulida ham murojaat va bildirilgan fikr-mulohazalarning deyarli barchasi ijobiy hal etildi.

Chunonchi, tumanining “Istiqlol” MFY da istiqomat qiluvchi Nurmurod Madadov harakatlanish imkoniyatlari cheklanganligi sababli nogironlik aravachasi soʻragan edi. Fuqaroning ushbu murojaati Sayyor qabul jarayonining oʻzida hal etildi.

Shuningdek, oʻz mahallasida masjid qurish taklifini oʻrtaga tashlagan “Soykechar” MFY da yashovchi MurodilloQarshiyevning murojaati ham joyida qanoatlantirilib, qabuldan soʻng tuman hokimi bilan masjid qurish uchun mos yer maydoni tanlanib, uning oʻrni belgilandi.

Umuman olganda ikki sayyor qabulda fuqarolarning 300ga yaqin murojaatlari qabul qilinib, ularning 90 foizga yaqini oʻzining ijobiy yechimini topdi.

Temur ESHBOYEV, “Xalq soʻzi”.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?