Navoiy hokimi Yoshlar ittifoqi bir guruh faollari kirgach, nega kabinetidan chiqib ketdi?!.

16:14 16 Noyabr 2019 Jamiyat
1720 0

Sardorlar hamda faol yoshlar ishtirokidagi ushbu tashrif aslida ittifoqning viloyat Kengashi tomonidan uyushtirilib, uning mundarijasiga koʻra ishtirokchi yoshlar rahbarlik masʼuliyatlarini his etishlari lozim edi. Shu bois viloyat hokimi K. Tursunov ularni xoli qoldirib, qariyb bir yarim soatdan soʻng yoshlar bilan yuzma-yuz muloqot uchun qaytib keldi.

Uchrashuvda yoshlarning ota-onalari, oʻz iqtidorini yuzaga chiqarib, ijodda, taʼlim va ilmiy izlanishda muvaffaqiyatlarga erishgan talabalar, yosh olimlar ham ishtirok etishdi.

Muloqot yaratilayotgan sharoitlardan mamnun yoshlarning hamdu sanolari yoki viloyat rahbarining yoshlarga oʻgitlaridan iborat boʻlmay, avval boshdanoq kreativ loyihalar, taklif va yechimlar, bugun bolalarni tashvishga solayotgan tengqurlarining muammolari atrofida kechdi. Xususan, Navoiy shahridagi 16 – maktabning oʻquvchisi Sevinch Oʻktamovaning loyiha taklifi hech kimni befarq qoldirmadi.

- Loyihamni shartli ravishda “Baxt oromgohi”, deb atasak. Uning doirasida shahrimizdagi “Mehribonlik uyi” tarbiyalanuvchilari va farzandga zor ota-onalarning bitta dam olish maskani yoki oromgohda hordiq chiqarishlari tashkil etilsa. Ehtimol, mazkur tadbir tufayli ular bir-biri bilan inoqlashib, bir oila boʻlishar, - deya taklif berdi u.

Sevinchning bu taklif loyihasi viloyat hokimi K. Tursunov tomonidan qoʻllab-quvvatlandi hamda mutasaddilarga uning barcha tashkiliy jihatlarini maromiga yetkazish boʻyicha topshiriqlar berildi.

Shuningdek, suhbat jarayonida yoshlar ilmiy izlanishlar, maktab hayotida duch kelayotgan masalalarni oʻrtaga tashlashdi. Muloqot yakunida viloyat hokimi faol yoshlarni ragʻbatlantirdi.

Taʼkidlash joiz, mazkur tadbir viloyatda “Talabalar haftaligi” doirasida oʻtkazilib, uni har bir tuman va shaharda oʻtkazishga kelishib olindi.

Temur ESHBOYEV, “Xalq soʻzi”.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?