“Navoiy” erkin iqtisodiy zonasida “antik” pishloq ishlab chiqarish yoʻlga qoʻyiladi.

17:45 26 Iyun 2020 Iqtisodiyot
450 0

Illyustrativ foto

Tarixi koʻp asrlik ushbu pishloq Feta nomi bilan atalib, u greklar tomonidan qadim-qadimdan sigir va qoʻy sutidan tayyorlanadi.

Feta anʼanaviy pishloqlardan teshikcha va terisi deyarli mavjud emasligi bilan farqlanibgina qolmay, sut va sut mahsulotlariga nisbatan allergik sezgirligi yuqori kishilar uchun beziyonligi tufayli oʻta noyob. Yana bir jihati tabiiy oʻtloqda giyohlar bilan oziqlangan sigir va qoʻy sutidan tayyorlanganligi sabab Yevropada oʻta qadrlanadi.

Xullas,eksportbop va xaridorgir pishloqning Feta(Feta) va Mizitra (Myzithra)turlarini endilikda, “Navoiy” erkin iqtisodiy zonasida ishlab chiqarish rejalishtirilib,loyihaning umumiy qiymati 1 million AQSH dollaridan ortiqroq mablagʻni tashkil etadi. Hozircha pishloq sexi koʻrinishidagi loyiha joriy yilning dekabr oyida oʻz faoliyatini yoʻlga qoʻyib,20 nafar qishloq aholisining bandligini taʼminlaydi.

— “Navoiy” erkin iqtisodiy zonasida investorlar uchun yaratilgan sharoitlar bilan tanishib, ishtirokchi maqomini olgan tadbirkor uchun qulayligiga amin boʻldik, — deydi loyiha koordinatori Marta Bagiartaki xonim. — Yaʼni, 1 million dollardan ortiq investitsiya kiritgan investor 3 yil mobaynida deyarli barcha soliqlardan ozod boʻladi. Shu sabab investitsiya kiritib, koʻrib turganingizdek qurilishni boshlab yuborganmiz. Kelajakda Feta (Feta) va Mizitra (Myzithra) turlaridan tashqari pishloqning Graviyera (Graviera), Kefalotiri (Kefalotyri) hamda Antotiro (Anthotyro) kabi yangi turlarini tayyorlashni ham oʻzlashtirib, faoliyatimizni kengaytiramiz. Albatta, bu qoʻshimcha investitsiya va yangi imtiyozlar degani.

Bagiartaki xonim taʼkidlagan pishloqning Mizitra turi tuz aralashmaganligi sabab shirin va xushtaʼm. Uy bekalari tomonidan turli salatlar, xamir ovqatlari va pishiriqlar tayyorlashda ishlatiladi.

Mahsulot uchun xom ashyo masalasiga kelsak, bepoyon yaylov — qiru adirliklar va choʻl hududiga ega Navoiy viloyatida uning manbai sigir va qoʻy echkilarni boqish uchun barcha imkoniyatlar mavjud. Qolaversa, erkin iqtisodiy hudud maqomiga ega viloyat bu borada ham oʻzining investitsion jozibadorligi bilan yana sarmoya jalb etsa ajab emas.

Temur ESHBOYEV,
“Xalq soʻzi”

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?