Navoiy dahosiga taʼzim yoxud akademik Aziz Qayumovning soʻnggi suhbati

12:14 22 May 2020 Jamiyat
185 0

Adabiyot xalqning yuragi, elning maʼnaviyati koʻzgusi. Bugungi murakkab zamonda odamlar qalbiga yoʻl topish, ularni ezgu maqsadlarga ilhomlantirishda adabiyotning taʼsirchan kuchidan foydalanish kerak. Ajdodlar merosini oʻrganish, boy madaniyatimizga munosib buyuk adabiyot yaratish uchun hamma sharoitlarni hozirlaymiz.

Shavkat MIRZIYOYEV

Ulugʻ shaxslar maʼlum bir millatga mansub boʻlsa-da, ularning dahosi insoniyatga ziyo tarqatishi bilan ahamiyat kasb etadi. Asrlar davomida ijtimoiy-siyosiy hayotning turli jabhalarida yetishib chiqqan takrorlanmas isteʼdod egalari — ulugʻ mutafakkirlar, salohiyatli olimu ulamolar, fidoyi shoiru adiblar tufayli oʻzbek xalqi jahon sahnida bugun oʻzining munosib qiyofasiga ega boʻlib turgani ham hech kimga sir emas. Shu sababli, turli tillarda zaminga ingan vahiylikning asosida yotgan soʻzni turkiyda baralla jaranglata olgan buyuk mutafakkir shoir Nizomiddin Mir Alisher Navoiyning haykali ona sayyoramizning turli koʻrkam shaharlarida qad rostlab turgan boʻlsa, uning asarlari millati va elati, dinu irqidan qatʼi nazar, millionlab qalblarga mangu ziyo sochib turibdi.
 

Oʻtgan asrning ilk choragidayoq Alisher Navoiy ijodini chinakam ilmiy mezonlar asosida oʻrganishga kirishildi. Abdurauf Fitrat, Sadriddin Ayniy, Olim Sharafiddinov, Maqsud Shayxzoda, Vohid Abdullayev, Yevgeniy Eduardovich Bertels, Hamid Olimjon, Hodi Zarif singari shoir ijodi tadqiqotchilari safiga keyinroq Porso Shamsiyev, Hamid Sulaymonov, Natan Mallayev, Vohid Zohidov, Izzat Sulton, Suyima Gʻaniyeva, Alibek Rustamov, Abduqodir Hayitmetov, Botur Valixoʻjayev, Yoqubjon Isʼhoqov singari nuktadon olimlar ham qoʻshildiki, ular orasida filologiya fanlari doktori, akademik Aziz Qayumovning ham alohida oʻrni bor. Ikki yil avval, domla hayotining soʻnggi yillarida “Xalq soʻzi” va “Narodnoye slovo” gazetalari tanlovi gʻoliblaridan biri sifatida tahririyatga tashrif buyurdilar. Soʻz berilganida tilga olayotgan har bir hayotiy voqea-hodisaga Alisher Navoiydan misollar keltirishlari ishtirokchilarga yuksak zavq-shavq bagʻishlagan edi. Sermazmun umrida akademik Aziz Qayumovning bu soʻnggi suhbati boʻldi. Koʻp oʻtmay, u kishi hayotdan koʻz yumdilar. Quyida eʼlon qilinayotgan suhbat 2017-yil dekabr oyida muxbirimiz Shoyim Boʻtayev tomonidan yozib olingan.

Matbuotga bolalikdan qalbimizda muhabbat uygʻongan

— Oʻtgan asrning oʻninchi yillarida gazeta xalqimiz hayotida endi-endi ­ommalasha boshlagan edi, — deya soʻz boshladilar akademik Aziz Qayumov oʻsha uchrashuvda. — Padari buzrukvorimiz ham mana shu yillarda gazeta oʻqishga chanqoqlik bilan kirishib, ke­yin butun hayotlari davomida bu mashgʻulotni kanda qilmagan edilar. Bizni ham shunday qilishga daʼvat etardilar. Jiddiy maqolalarni yaxshi tushuna ol­masak, u kishi bizga tushuntirib berardilar. Mana shu yoʻsinda mat­buotga bolalikdan qalbimizda muhabbat uy­gʻongan. Oʻsha-oʻsha qoʻlimga gazeta olmagan kun men uchun behuda oʻtgandek tuyulaveradi. Uning oʻrnini hech narsa bosa olmaydi.

Maktabda oʻqib yurgan paytlarimda esa “Lenin uchquni” (hozirgi “Tong yulduzi”) va Qoʻqon shahrida chiqadigan “Yangi ­Fargʻona” gazetalariga yozgan narsalarim chiqa boshlagani menga qanot bagʻishlagan edi. Urush vaqtida men “Yangi Fargʻona” gazetasida ozroq vaqt adabiy xodim boʻlib ishladim. Yozuv savodxonligi, matn ustida ishlash borasida ijod ahli, ilm ahli uchun gazeta katta maktab ekanligiga oʻshanda ishonch hosil qilganman. Mat­buotning ahamiyati, hayotda tutgan oʻrni, uning taʼsir kuchi haqida shogirdlarimga hamisha uqtirib kelaman.

Oʻzbek adabiyoti qadim davrlardan boshlangan

Oʻzbek adabiyoti qadim davrlardan boshlangan. Oʻsha vaqtda Olim ­Sharafiddinovning “Oʻzbek adabiyoti tarixi xrestomatiyasi” degan ikki tomlik kitobi bosilib chiqqan edi. Birinchi tomi urush boshlanishidan avval, ikkinchi tomi urushdan keyin chiqqan. Bu kitob oʻzbek adabiyotining ming yillik tarixini oʻz ichiga olgan. Olim Sharafiddinov Oʻzbekistonda birinchi boʻlib ­Alisher ­Navoiyning ijodiy tarjimayi holiga doir kitob yozdilar. U kitobni yodlash darajasida oʻqiganmiz. Maktabda ham oʻqiganmiz. Uyda ham oʻqiganmiz. Bizning avlod Olim Sharafiddinov, Hodi ­Zarif, Vohid Zohidov, Yevgeniy Bertels singari ulugʻ olimlar taʼsirida shakllandi. 1944-yil Toshkentga kelib, Oʻrta Osiyo davlat universitetining filologiya fakultetiga oʻqishga kirishga harakat qildim. Oʻsha yili universitetda sharq­shunoslik fakulteti ochildi. Oʻtmish davri adabiyoti bilan shugʻullanib, qiziqqanim tufayli men shu fakultetga oʻqishga kirdim. Abdurahmon Hamroyev fakultetimizni tashkil etgan, rahbarlik qilgan dekanimiz edilar. ­Abdugʻani Mutallibov, Sodiq Mirzayev arab tilidan, eronlik Tobo Toboiy degan muhojir fors tilidan saboq berishgan.

Men oliy oʻquv yurtini 1949-yilda tamomlaganman. Ammo 1948-yildan buyon Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasida ishlayman. Sharqshunoslik institutida biz talabalar qoʻlyozma kitoblar boʻyicha amaliyot oʻtayotgan vaqtimizda institut direktori, akademik Vohid Yoʻldoshevich Zohidov meni chorlab, kichik ilmiy xodimlikka taklif qildilar.

— Menga qanday vazifa yuklaysiz, — deya soʻradim.

— Oʻzingning ishtiyoqing qanday, qaysi yoʻnalishda ishlashga moyilsan, — ­dedilar.

Men Qoʻqon adabiyoti boʻyicha ishlasam, dedim. Boisi Qoʻqonda tugʻilib oʻsganmiz, Qoʻqon maktablarida tahsil olganmiz. Bu yerda Charxiy domla, Chustiy, Sobir ­Abdulla kabi shoirlar bilan uchrashib, suhbatlashib, bahra olganmiz. Domla mening fikr-mulohazalarimni tinglab boʻlib, “Qoʻqon adabiyoti degan adabiyot yoʻq”, dedilar. “Bitta oʻzbek adabiyoti bor, boshqa adabiy markazlar katta ­daryoning irmoqlari”, dedilar. “Oʻsha adabiy markazlar sekin-asta katta bir daryo paydo qiladi va oʻsha daryoning oti — oʻzbek ­adabiyoti”, dedilar.

Men domlaning bu gaplaridan taʼsirlanib ketdim. U kishining taklifini mamnuniyat bilan qabul qildim. U kishi ustoz, rahbar sifatida bizga katta-katta yoʻnalishlar berar edilar. Olim odam mayda-chuydalar bilan oʻralashib qolmasligi kerakligini taʼkidlar edilar. Shu tariqa Fanlar aka­demiyasida shakllana boshladik.

Akademiyaning prezidenti ­Toshmuhammad Aliyevich Sarimsoqov edilar.

Kuchli matematik edi

Bir kuni bir doʻstimiz, Toshmuhammad Aliyevich Sarimsoqov haqidagi xotiralaringni yozib bergin, deb qoldi. Men matematikadan yiroq odamman, u kishi esa buyuk matematik odam, qanday yozishim mumkin, dedim. Toshmuhammad­ Aliyevich Sarimsoqovni koʻrgan, birga ishlagan, suhbatini olgan odamlar kam qolgan, oʻshalardan bittasi sensan, matematika qismini oʻzimiz yozaveramiz, sen domla bilan uchrashganlaring, suhbatlaring, munosabatlaring, suhbat asnosida nimalar haqida gaplashganlaring haqida yoz, dedi doʻstimiz. Men jiddiy oʻylanib qoldim. Olim odam faqat oʻz sohasida shugʻullanish bilan cheklanmasdan, ­boshqa ilmlarni ham oʻrganishi, boshqa ilmlardan ham xabardor boʻlishi lozimligi haqida buyuk zotlarning gaplari borligi toʻgʻrisida eshitgandim. Shu sababli oʻylanib qoldim.

Bir kuni Toshmuhammad Aliyevich ­bilan suhbatlashib oʻtirganimizda 1942-yilda, urush vaqtida maktabni ­bitirganimni aytdim. U kishi men ­doktorlik dissertatsiyasini yoqlagan edim, dedilar. Domla 1915-yil tugʻilgan edilar. Demak, 27 yoshlarida fan doktori boʻlgan ekanlar!

Domlaning “Umr dovonlari” degan kitoblari chiqqan. Keyin domla haqida katta xotiralar toʻplami chiqqan. Oʻshanda doktorlik dissertatsiyasini yoqlaganlari haqida yoritilgan. Shunday odamlar bilan uchrashganing, suhbatlashganing uchun shukronalar qilgin, dedim oʻzimga oʻzim va qoʻlimdan kelgancha xotiralarimni yozib berdim.

Tugʻilgan yurtini sevgan kishi ulugʻ ishlarga qodir boʻladi

Men koʻrib, suhbatlashish baxtiga muyassar boʻlgan ulugʻ zotlardan yana biri Habib Muhammedovich Abdullayev edi. U kishi ham oʻz vaqtida Fanlar akademiyasi prezidenti boʻlganlar. Ular yoshlarga juda gʻamxoʻr, mehribon odam edilar.

Bir kuni meni axtarayotganliklarini eshitib, akademiya prezidiumiga keldim. 1958-yil edi, demak, 32 yoshda edim. Endigina nomzodlik dissertatsiyamni yoqlagan edim.

— Senga bir vazifa yuklaymiz, — dedilar domla ochiq chehra bilan.

— Siz qanday vazifa yuklasangiz, qoʻldan kelgancha ijro etamiz, — dedim.

— Seni Til va adabiyot institutiga direktor qilib tayinladim, ishga tushaver, — dedilar domla.

Men hayratda qoldim. Til va adabiyot instituti bizning avlod uchun muqaddas joy. Oybek domla, Izzat ­Sulton direktor boʻlganlar. Bu dargohni Oʻzbekistonning eng koʻzga koʻringan filolog olimlari boshqargan. Meni hali hech kim tanimas ham, bilmas ham edi. Qanday boshqarar ekanman, deb oʻylanib qoldim. Habib Abdullayev buyruqqa shu vazifani vaqtincha bajarish falonchiga yuklansin, deb yozgan edilar. Buyam institutdagi yoshi katta odamlar orasida shubha uygʻotdi. “Bir bolani Habib Abdullayev bizga boshliq qilib yuboribdilar”, deyishdi.

Endi bugun yoshim ulgʻayib, u kishi nima uchun shunday qilganliklarining sababini yaxshi fahmlayman. Kasaba uyushmasi faoli boʻlganim bois bir qarorni oʻzim topib keldim. Qarorda vaqtincha bajaruvchi boʻlib tayinlangan kishi, 12 kun eski maoshini olishi mumkin ekanligi haqida yozilgan edi. Masalan, kichik ilmiy xodim 98 soʻm maosh olar edi. 12 kungacha oʻsha 98 soʻm maosh olib, vaqtincha yuklatilgan vazifasini bajarishi mumkin ekan. 12 kun oʻtgandan ­keyin qancha maosh tayinlangan boʻlsa, oʻsha ­maoshni olsa boʻlar ekan. Men bu qarorning nusxasini musohibimizga berdim. Shundan soʻng menga institut direktori maoshini toʻlay boshlashdi.

Habib Abdullayev yangi nomzod byuroga yetib borguncha mingta chigʻiriqdan oʻtishi kerakligini yaxshi bilardilar. Bittasi oʻtkazsa, ikkinchisi oʻtkazmaydi. Kim bu, hech kim tanimagan yosh bolani institutga boshliq qilib qoʻyadi, degan gap tugʻilmay iloji yoʻq. Oʻsha toʻsiqni aylanib oʻtish uchun meni vaqtincha direktor qilib tayinladilar. Vaqtincha degandayam uch yil ishladim.

Habib Abdullayev katta rahbar, kuchli shaxs edilar. Oʻz fikrlarini oʻtkazishda juda qatʼiy edilar. Biror kishi u ­kishining soʻzini ikki qila olmas edi.

Habib Abdullayev yosh avlodga ibrat olsa boʻladigan darajada ijobiy munosabatda boʻlar edilar. Mana hozir Prezidentimizning har bir nutqini tinglar ekanman, ulugʻ zotlardan meros boʻlib kelayotgan muqaddas anʼanalar bardavom ekanligidan boshim osmonga yetgudek boʻladi. Rahmat gazetalarimizga, bu nutqlarning mukammal matnini oʻzbek tilida ham, rus tilida ham berib borishyapti. Butun diqqat-eʼtibor yosh avlodga qaratilgani ishlarimizning davomchilari borligini anglatadi. Hozir yosh avlodni vatanparvarlik ruhida tarbiyalashga katta eʼtibor qaratilmoqda. Albatta, oʻz tugʻilgan yurtini sevgan kishigina ulugʻ ishlarga qodir boʻladi.

Kelajak uchun poydevor

Fanlar akademiyasi prezidium majlisida institut direktori sifatida aspiranturaga nomzodlarni oliy maktabni tugatmagan talabalar ichidan tanlaylik, degan fikrni bildirgan edim. Fan nomzodlari, fan doktorlarini mana shunday yoshlar orasidan tayyorlaylik, degan edim. Akademiyaning oʻsha vaqtdagi prezidenti Poʻlat Habibullayev talabalar ichidan yoki maktab oʻquvchilari orasidan emas, bolalar bogʻchasidan tayyorgarlikni boshlashimiz kerak, degan edilar. Mana bugun Maktabgacha taʼlim vazirligi alohida ochilgan. Bu juda katta muvaffaqiyat. Savodli bolalar keladi maktabga. Ana oʻshalardan tanlaymiz arboblarni. Shuning uchun hozirgi Prezidentimizning tutgan yoʻllari buyuk kelajakni qurish uchun mustahkam poydevor yaratadi. “Boʻladigan bola boshidan maʼlum”, deyishgani bejiz emas.

Barkamol avlodni shakllantirish juda muhim masala

Akademik Toshmuhammad Niyozovich Qori Niyoziy nomidagi ilmiy markaz bor edi. Matematika boʻyicha bir fan doktori rahbarlik qilar edi. U kishi Qori Niyoziy haqida bir narsa yozib bering, dedi bir kuni, siz u kishini koʻp koʻrgansiz, suhbatlarini olgansiz, dedi. Shu narsani yozish maqsadida, Qori ­Niyoziy domlaning “Hayot maktabi” kitob­lari, u kishi toʻgʻrisida yozilgan boshqa ishlar bilan tanishib chiqdim. U vaqtda ­Usmon Yusupovich Yusupov Markazkomning birinchi sekretari boʻlganlar. U kishi maorif xodimlari oldida koʻp nutqlar soʻzlaganlar. Qori Niyoziy domlaning yozganlarini Usmon Yusupovning nutqlari matnlari bilan solishtirib chiqdim. Shundan bildimki, ikkisida ham maorif xodimlari borasida bir xil fikr aytilgan. Eng katta eʼtibor boshlangʻich sinfga qaratilsin, deyilgan, eng tajribali oʻqituvchilar boshlangʻich sinfga yuborilsin, eng katta maosh oʻqituvchilarga berilsin, deb Usmon Yusupov ham ­aytganlar, Qori Niyoziy ham aytganlar. Ular ikki xil gap aytishi ham mumkin emas edi. Bittalari maorif xalq komissari, bittalari mamlakatning birinchi rahbari. Demak, yosh avlodga boʻlgan munosabat mamlakatning istiqbolini tayyorlar ekan. Oʻzimiz ham shuni sezdik.

Yosh avlodni shakllantirish, ularning orasidan boʻladigan yoshlarni topish va ularga diqqat-eʼtibor qaratish bizning vazifamiz. Mamlakat, xalq oldidagi vazifamiz. Yosh avlodni shakllantirish juda muhim masala.

Prezidentimiz buyuk bobolarimizga hurmat koʻrsatdilar

Prezident Shavkat Mirziyoyev buyuk bobolarimiz haqida koʻp gapiradilar. Abu Rayhon Beruniy, Muhammad Xorazmiy, Ahmad Fargʻoniy, Imom Buxoriy va bosh­qalarni juda koʻp tilga oladilar. Yosh avlod bilsin, deydilar. Haqiqatan ham, Abu Rayhon Beruniy 18 yoshida globusni yaratgan. Oʻzidan oʻzi yaratmaydi 18 yoshli bola. Uning ham ustozi boʻlgan, uning rahbarligi ostida yaratgan. ­Muhammad Xorazmiydan boshlab to Ibn Sinogacha hammalari katta olimlar boʻlib, dunyoga tanilgan va xalqimizni tanitgan. Lekin bitta figura yurtimizda kam oʻrganilgan. Abu Nasr Forobiy. Abu Nasr Forobiy Forob degan shaharchada tugʻilgan. Toshkentdan 100 kilometr. Toshkentsiz Forobiy yuzaga chiqmas edi. Otasi harbiy xizmatchi boʻlgan. Forob shahri hozir Qozogʻiston hududida. Men borganman u yerga. Bir necha kitob­lardan olib kelganman. U kishi, asosan, arab tilida yozgan. Kitob­lari arab tilidan lotin tiliga, undan Yevropa tillariga, keyin rus tiliga, rus tilidan qozoq tiliga tarjima qilingan. Forobiy boʻyicha butun Oʻzbekistondan bitta odam shugʻullangan. U kishi katta olim edilar. Muzaffarxon Xayrullayev. Falsafa instituti direktori edilar, soʻng Sharqshunoslik ins­titutida oʻn yil direktor boʻlganlar. Men Forobiyning kitoblarini olib keldim, keyin oʻzim oʻylab qoldim. Men qoʻlimdan kelganicha Beruniy haqida, ­Xorazmiy haqida, Fargʻoniy haqida bir-ikkita maqolalar yozdim, chiqardim, Ibn Sinoning “Tib qonunlari” kitobi tarjimasi taqdimotida qatnashdim, Ibn Sino haqida bir kitobcha ham chiqardim. Lekin oʻzim Forobiy haqida hech shugʻullanmadim. Muzaffarxon Xayrullayev­ yozgan kitoblarni oʻqib chiqdim. Juda yaxshi yozilgan, juda bilimdonlik bilan yozilgan. Oʻzlari juda isteʼdodli, mehnatsevar olim edilar. Lekin ularning vafotidan keyin Oʻzbekistonda hech kim Forobiyni tilga olmaydi. Mana Sharqshunoslik instituti qayta tiklandi, oʻz ishini davom ettiryapti. Yaqinda surishtirdim, Forobiy haqida kimdir ishlayaptimi, deb. Shugʻullangan bir qancha odamlar vafot etishgan ­deyishdi. Yoshlar orasida yoʻqmi ­Forobiyni oʻrganayotgan, dedim. Bu ishning davomchilari hali yoʻq, deyishdi.

Yoshlar bilan ishlash asosiy vazifamiz

Men olib kelgan kitoblarim asosida bir ish ustida ishlayapman. Mana, Navoiyni hamma oʻrganadi, hamma biladi. Kimdan oʻrgangan, Olim ­Sharafiddinovdan, Oybekdan, Izzat Sultondan oʻrgangan. Demak, yosh avlod bilan ishlash bizning asosiy vazifamiz. Ishimizning munosib davom ettiruvchilarini tayyorlash oʻzimizga bogʻliq. Hozir shu masalaga toʻgʻri eʼtibor berilmoqda. Davlat ham diqqat qilmoqda, oʻzimiz ham eʼtibor qilmoqdamiz. Hisobotlarimizda bizdan yosh avlodni tayyorlashda qanday ishtirok ­etayotganimizni soʻrashadi. Kimlarni tayyorlab chiqarding, deyishmoqda. Bu masalalar yuqori ahamiyatli hisoblanayotgani maqtovga sazovor.

Biz falonchini tayyorladim, deb gʻoʻddayib yurishimiz kerakmas. Yosh avlod ishimizning munosib davomchilari boʻlib, bizdan ham yaxshiroq ishlashlari, chuqurroq oʻrganib, xalqqa taqdim etishlari kerak. Mamlakatning kelajagi shu tufayli taʼminlanadi. ­Navoiyshunos sifatida gapimni ­Alisher Navoiyning bir sheʼri bilan tamomlayman.

Umr kunin qismat etibtur qazo,

Har choin bir ishga qilur iqtizo.

Oʻnacha aflat ila pobastaliq,

Jahl yigirmagachau mastliq.

Oʻttizu qirq ichra erur ayshu kom,

Vahki, manga ul doi erdi harom.

Qilmadi ellikda taraqqiy kishi,

Oltmishu barcha tanazzul ishi.

Yetmish aro vojib erur turmoing,

Sakson aro farzdir oʻlturmoing.

Toʻqson aro boʻldi yiqilmoq kerak,

Yuz aro jon tarkini qilmoq kerak.

— Dadam Navoiy, Fuzuliy, Mashrab gʻazallarini xuddi Qurʼon tilovat qilgandek chiroyli ohang bilan oʻqirdilar, — degan edilar domla bir suhbatlarida. — Gʻazal ohanglari hozir ham qulogʻim ostida jaranglaydi. Oiladagi ana shu muhit meni bolalikdan kitobga oshno qilgan, butun hayot yoʻlimni belgilab bergan.

Alisher Navoiy dahosiga bir umr taʼzimda yashab hayotini ilmu maʼrifat bilan ziynatlagan akademik Aziz Qayumovning qoldirgan merosi yoshlar uchun bebaho xazinadir. U kishi ­Alisher Navoiyning “Hayrat ul-abror” dostonidan umr yillari haqida satrlarni bot-bot takrorlar ekanlar, asosiy ­aytilmoqchi boʻlgan fikrni esa alohida urgʻulab taʼkidlar edilar:

Umr erur taqvoyu toat uchun,

Tengri buyurona itoat uchun.

Haqiqatan ham, buyuk shoir Alisher Navoiy dahosi barhayotdir. U oʻz avlodlariga munosib ibrat boʻlib, asrlar qaʼridan mangu saboq berib turibdi.

* * *

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Adiblar xiyoboni ochilishida sohaviy yoʻnalishidan qatʼi nazar, barcha oliy taʼlim muassasalarida oʻzbek adabiyotini oʻqitish, oʻquv rejasiga Alisher Navoiyga baishlangan maxsus fan — Navoiyshunoslik fanini kiritish haqida ­qimmatli fikr-mulohazalar bildirdi. Yurtimizda bugungi kunda ­ada­biyotga, kitobga, maʼnaviyatga berilayotgan yuksak eʼtibordan buyuk bobomiz asrlar qaʼridan mamnun boqib turgandek goʻyo. Oʻrta asrlar Uyonish davrida Sharqning har bir shahrida shoiru adiblar, olimu ulamolar xalq eʼzozida, soliqlardan ozod qilingani, eʼtibor ­topgani anʼana sifatida davom etib kelmoqda. Endi ochiq osmon ostidagi Adiblar xiyobonida yangicha uyonishlar davom etadi. Buyuk mutafakkir ­Alisher Navoiyning oʻlmas ruhi bunday anjumanlardan shod boʻlib, avlodlariga ­minnatdor boqadi.

******

Muxtasar maʼlumot:

Aziz Qayumov 1926-yil yanvar oyida Qqonda tuilgan.

Katta bobosi Abdurahim Mirzo Qqon xoni saroyida mirzaboshi boʻlib ishlagan.

Bobosi Abduqayum Mirzo Qqonning usta xattotlaridan sanalgan.

Otasi Poʻlat Qayumov oʻqituvchi, onasi Adolatxon aya xat-savodli uy bekasi boʻlgan.

Aziz Qayumov 1949-yil Oʻrta Osiyo davlat universitetini bitirgan.

Oʻzbekiston Fanlar akademiyasi Til va adabiyot institutida direktor, Toshkent madaniyat instituti rektori va Hamid Sulaymonov nomidagi qoʻlyozmalar institutida rahbar boʻlib ishlagan.

***********

“Navoiyning qahramonlari Farhod — Xitoydan, Iskandar — Yunondan, Shirin — Armanistondan, Qays — Arabistondan, Shopur — Erondan. Bu obrazlarni yaratgan Navoiy esa oʻzbek xalqining shoiri”.

N. I. KONRAD, akademik.

“Saʼdiy “Guliston”ining tarjimasi Ovrupoda XVII asrda amalga oshirilganini eslasak, Navoiyning “Sabʼai sayyor” dostoni Ovrupoda ilk tarjima etilgan va arb oʻquvchilari orasida katta shuhrat qozongan Sharq adabiyoti namunasi boʻlib chiqadi”.

Ye. E. BERTELS, professor.

“Navoiygacha boʻlgan davrning azalchiligi — oʻzi bitta qoya. Navoiy birdaniga oʻrtaga Pomirday chiqib qoldi. Undan keyin yana pastga qarab sahro boshlandi. Bobur yana katta bir to singari oʻrtaga chiqdi”.

Abdulla OripovOʻzbekiston Qahramoni, Xalq shoiri.

“Navoiyni oʻqish esi bor ishqibozga sheʼr yozishnigina emas, sheʼr yozmaslikni ham oʻrgatadi. Navoiyni oʻqimay qoʻyish — uni yoʻqotish bilan barobar. Navoiyni yoʻqotish esa xalqimiz uchun oʻzlikni yoʻqotish demakdir. Negaki, u — asl oʻzagimiz, tomirimiz, uzoq tariximiz jam boʻlgan qomusimiz, ruhiy neʼmatimiz. Navoiyning tantiligi, teranligi, ululigi — avvalo oʻzbekning qalbiga xos, soʻng umumjahonniki”.

Erkin VOHIDOV, Oʻzbekiston Qahramoni, Xalq shoiri.

“Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?