Navbatdagi chora-tadbirlar: Xalqaro reyting va indekslar bilan ishlash boʻyicha respublika kengashi tashkil etiladi

15:08 03 Iyun 2020 Siyosat
493 0

Soʻnggi uch yilda mamlakatimizda barcha sohalarda izchil islohotlar amalga oshirildi. Bunday keng koʻlamli ishlar natijasi har bir jabhada sezilyapti. Eng muhimi, xalqning turmush sharoitlari yaxshilanmoqda, oddiy odamlar davlatdan, hayotdan rozi boʻlyapti.

Ahamiyatlisi, bu islohotlar natijasida mamlakatimiz xalqaro imijini yaxshilash boʻyicha sezilarli yutuqlarga erisha oldi. Bugun dunyo hamjamiyati Oʻzbekistonning yangi qiyofasi haqida gapirmoqda. Xususan, dunyodagi nufuzli nashrlardan biri – “Ekonomist” jurnali Oʻzbekistonni 2019-yilda islohotlarni eng jadal amalga oshirgan davlat – “Yil mamlakati” deb eʼtirof etdi.

Oxirgi uch yilda mamlakatimiz tashqi, shu jumladan, mintaqaviy siyosatida ijobiy oʻzgarishlar kuzatilib, qoʻshnilar oʻrtasida oʻzaro ishonch aloqalari mustahkamlandi. Oʻzbekistonning yaqin qoʻshnilar bilan munosabatlarni yana-da rivojlantirishga qaratilgan faol tashqi siyosati ham jahon hamjamiyati tomonidan iliq kutib olinmoqda.

Bu haqda gapirganda, soʻnggi toʻrt yil mobaynida mamlakatimiz Meros jamgʻarmasining “Iqtisodiy erkinlik” indeksida 52 pogʻonaga, Jahon bankining “Logistika samaradorligi” indeksida 19 pogʻonaga, “Biznes yuritish” indeksida 18 pogʻonaga, Oʻzbekiston Iqtisodiy hamkorlik va taraqqiyot tashkilotining “Mamlakatlarga xos xatarlarni tasniflash” tizimidagi 6-guruh mamlakatlari qatoridan 5-guruh mamlakatlari qatoriga koʻtarilganini alohida taʼkidlash joiz.

Davlatimiz rahbarining joriy yil 2-iyundagi “Oʻzbekiston Respublikasining Xalqaro reyting va indekslardagi oʻrnini yaxshilash hamda davlat organlari va tashkilotlarida ular bilan tizimli ishlashning yangi mexanizmini joriy qilish toʻgʻrisida”gi farmoni bu boradagi ishlarni yana-da tezlashtirishi, shubhasiz.

Negaki, mazkur hujjatga koʻra Xalqaro reyting va indekslar bilan ishlash boʻyicha respublika kengashi (keyingi oʻrinlarda – Kengash) tashkil etilib, quyidagilar Kengashning asosiy vazifalari etib belgilandi.

Birinchidan, mamlakatning ijtimoiy-iqtisodiy va siyosiy-huquqiy taraqqiyot darajasini tizimli tahlil qilib borish, turli sohalarda amalga oshirilayotgan tub oʻzgarishlarning Oʻzbekiston Respublikasi uchun ustuvor boʻlgan xalqaro reyting va indekslarda mamlakatning oʻrnini yaxshilash maqsadlariga xizmat qilishini taʼminlash, mazkur yoʻnalishdagi ishlarning samaradorligiga toʻsiq boʻlayotgan muammolarni bartaraf etish;

Ikkinchidan, Oʻzbekiston Respublikasi uchun ustuvor boʻlgan xalqaro reyting va indekslarda mamlakatning oʻrnini yaxshilash maqsadida davlat hokimiyati va boshqaruvi tizimini takomillashtirish, jamiyatni demokratlashtirish, ilgʻor xalqaro tajribaga asoslangan davlat va jamiyat qurilishi sohasidagi islohotlarni amalga oshirish boʻyicha tashabbuslarni ilgari surish;

Uchinchidan, davlat va jamiyat hayotining turli jabhalarini tartibga solishga qaratilgan normativ-huquqiy hujjatlar va ularning loyihalarini Oʻzbekiston Respublikasi uchun ustuvor boʻlgan xalqaro reyting va indekslardagi mamlakatning oʻrniga taʼsiri nuqtayi nazaridan kompleks baholab borish.

Shuningdek, farmon bilan Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi va Adliya vazirligi Kengashning ishchi organlari etib belgilanmoqda. Kengash ishchi organlari boʻyicha taqsimlangan Oʻzbekiston Respublikasi uchun ustuvor boʻlgan xalqaro reyting va indekslarda mamlakatning oʻrnini yaxshilashga qaratilgan taʼsirchan choralar ishlab chiqilishi va amalga oshirilishi hamda ushbu yoʻnalishda tizimli xalqaro hamkorlik olib borilishi ustidan Kengash tomonidan nazorat oʻrnatiladi.

Farmonga muvofiq, Oʻzbekiston Respublikasi uchun ustuvor boʻlgan xalqaro reyting va indekslar boʻyicha samaradorlikning eng muhim koʻrsatkichlari (keyingi oʻrinlarda – KPI) tasdiqlanmoqda. Mutasaddi vazirlik va idoralar oʻzlari masʼul boʻlgan reyting va indekslarning eʼlon qilinishi muddatlari va ularning metodologiyalarini hisobga olgan holda, KPIga erishish maqsadida bir oy muddatda 2020-yil ikkinchi yarmi, shuningdek, har yili 1-dekabrga qadar kelgusi yil davomida amalga oshirishi lozim boʻlgan tashkiliy chora-tadbirlar dasturlarini ishlab chiqadi va tasdiqlash uchun Kengashga kiritadi. 

Bunda, xalqaro reyting va indekslarning navbatdagi nashrida zarur koʻrsatkichni qayd etishga qaratilgan amaliy takliflarni ishlab chiqish, shuningdek, reyting va indekslarni eʼlon qiluvchi tashkilotlar hamda ularni tuzishda foydalaniladigan axborot manbalari bilan hamkorlik qilish mexanizmlarini nazarda tutish lozim.

Farmonda belgilab qoʻyilganidek, masʼul davlat organlarining birinchi rahbarlari har chorak yakuni boʻyicha keyingi oyning 15-sanasiga qadar Kengash ishchi organlariga mamlakatda amalga oshirilayotgan islohotlar toʻgʻrisidagi maʼlumotlar, zarur statistik axborotlar va boshqa materiallarni taqdim etadi. Qolaversa, keyingi oyning 30-sanasiga qadar Kengash raisi yoki oʻrinbosarining rahbarligida oʻtkaziladigan yigʻilishlarda tegishli xalqaro reyting va indekslarda KPIga erishish uchun amalga oshirilgan chora-tadbirlar toʻgʻrisida axborot beradi.

Yana bir muhim yangilik – Adliya vazirligi markaziy apparati tuzilmasida adliya organlari va muassasalari boshqaruv xodimlarining cheklangan soni va mehnatga haq toʻlash fondi doirasida 6 ta shtat birligidan iborat Xalqaro reyting va indekslar bilan ishlash boshqarmasi tashkil etilmoqda.

Mazkur farmon asosida Adliya vazirligi bir oy muddatda ushbu boshqarmaning yuqori malakali kadrlar bilan toʻldirilishini, Moliya vazirligi esa manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda 2020-yil 1-oktyabrga qadar Internet tarmogʻida “Oʻzbekiston Respublikasi xalqaro reytinglarda” yagona portalining (keyingi oʻrinlarda – portal) ishga tushirilishini taʼminlaydi.

Xulosa shuki, Oʻzbekistonni dunyoga tanitish, xalqaro maydondagi imijini yuksaltirish faqat va faqat xalq farovonligi, mamlakatning barqaror taraqqiyotiga xizmat qiladi. Mazkur farmonning asosiy maqsadi ham mamlakatning investitsiyaviy jozibadorligi va xalqaro maydondagi imidjini mustahkamlash, davlat organlari va tashkilotlarida xalqaro reyting va indekslar bilan ishlashning yangi mexanizmlarini joriy qilishdir.

Aktam HAITOV,

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi

Spikeri oʻrinbosari,

OʻzLiDeP fraksiyasi rahbari

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?