Navbatdagi chora-tadbirlar: kambagʻal va ishsiz aholini kasb-hunarga oʻrgatish tizimi joriy etiladi

11:10 13 Avgust 2020 Siyosat
317 0

Koronavirus pandemiyasi davrida aholi bandligini taʼminlash, mehnatga layoqatli fuqarolarning mehnat qilish va tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirish uchun shart-sharoitlar yaratish muhim va ustuvor masalaga aylandi. Shu bois, oʻtgan vaqt davomida tadbirkorlikni rivojlantirish orqali yangi ish oʻrinlari tashkil etish maqsadida barcha kuch safarbar etildi.

Soliqdan ozod etish boʻladimi, energiya resurslari toʻlovidagi imtiyozlarmi, mahsulotni sotishdagi erkinlikmi, xullas, hamma sharoit muhayyo qilindi. Mamlakatimizda qabul qilinayotgan bir qator qonunlar, prezident farmon va qarorlari bu borada muhim poydevor boʻlib xizmat qilmoqda.

Joriy yil 11-avgust kuni Prezidentimiz tomonidan imzolangan “Kambagʻal va ishsiz fuqarolarni tadbirkorlikka jalb qilish, ularning mehnat faolligini oshirish va kasb-hunarga oʻqitishga qaratilgan hamda aholi bandligini taʼminlashga oid qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qaror ham aholini tadbirkorlik faoliyatiga yana-da keng jalb qilish va qonuniy mehnat faoliyatini amalga oshirish uchun qoʻshimcha shart-sharoitlarni yaratishda muhim ahamiyat kasb etadi.

Nega deganda, mazkur qaror bilan kambagʻal va ishsiz aholini kasb-hunarga oʻrgatish hamda ularning mehnat faolligini oshirish boʻyicha respublika ishchi guruhi tarkibi, aholi bandligini taʼminlash va ishchi kuchining raqobatbardoshligini oshirish dasturi tasdiqlandi. Rossiya Federatsiyasida faoliyat yuritayotgan mehnat migrantlarini oʻqitish choralari belgilandi. Eng muhimi, kambagʻal va ishsiz fuqarolarni kasb-hunarga oʻqitish tizimini joriy etish uchun zarur boʻladigan moliyaviy xarajatlar ajratildi.

Shu bilan birga, aholini mehnat bozorida talab yuqori boʻlgan kasblarga, tadbirkorlik asoslari va xorijiy tillarga oʻqitishga, nodavlat sektori imkoniyatlaridan keng foydalanish uchun davlat yordamini berish mexanizmi joriy qilinadi.

Ahamiyatli tomoni shundaki, nodavlat kasb-hunarga oʻqitish muassasalarini tashkil etish uchun Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligining “Ishga marhamat” monomarkazlari va kasb-hunarga oʻqitish muassasalarining binolari, mahalliy hokimiyat va fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari tavsiyasiga koʻra boshqa boʻsh turgan binolar yoki ularning bir qismi operativ boshqaruvga yoki uzoq muddatli imtiyozli ijaraga beriladi.

Qarorda belgilab qoʻyilganidek, “Ishga marhamat” monomarkazlari hamda kasb-hunarga oʻqitish markazlari bitiruvchilarining kasbiy malakasini xalqaro WorldSkills standartlari asosida baholash, shuningdek baholashdan muvaffaqiyatli oʻtgan bitiruvchilarga mamlakatda va xorijiy davlatlarda tan olinadigan Skills pasporti beriladi. Monomarkazlar va kasb-hunarga oʻqitish markazlari tomonidan bitiruvchilarga berilgan oʻqishni tamomlaganlikni tasdiqlovchi hujjat hamda Skills pasporti oʻrta maxsus, kasb-hunar taʼlimi diplomi darajasiga tenglashtiriladi.

Prezidentimiz qaroriga asosan, ushbu loyihalar ijrosini taʼminlash uchun Bandlikka koʻmaklashish davlat jamgʻarmasiga Inqirozga qarshi kurashish jamgʻarmasidan 2020-yil uchun ajratiladigan mablagʻlarga qoʻshimcha ravishda 150 milliard soʻm mablagʻ ajratiladi.

Yana bir muhim yangilik – qarorga koʻra, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari bilan birgalikda har bir hududda kamida bittadan “Eng yaxshi kasbga tayyorlash dasturi” boʻyicha nodavlat kasb-hunarga oʻqitish muassasalari oʻrtasida ochiq tanlov oʻtkazadi. “Eng yaxshi kasbga tayyorlash dasturi” tanlovi gʻoliblarining loyihalarini ragʻbatlantirish uchun Bandlikka koʻmaklashish davlat jamgʻarmasiga Inqirozga qarshi kurashish jamgʻarmasidan 2020-yil uchun ajratiladigan mablagʻlarga qoʻshimcha ravishda 50 milliard soʻm mablagʻ ajratadi.

Umuman olganda, mazkur qaror kambagʻal va ishsiz fuqarolarni zamonaviy kasb-hunar va tadbirkorlik koʻnikmalariga oʻqitish, shu asosda ularni doimiy daromad keltiradigan mehnat va tadbirkorlik faoliyatiga jalb qilish orqali bandligini taʼminlash yoʻlida katta qadam boʻlishi, shubhasiz. Demak, endilikda har birimiz zimmamizdagi masʼuliyatni toʻla his qilgan holda, qaror ijrosini oʻz vaqtida taʼminlashda faol va tashabbuskor boʻlishimiz zarur.

Aktam HAITOV,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi
Spikeri oʻrinbosari,

OʼzLiDeP fraksiyasi rahbari

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?